Tillaqo‘ng‘iz nega yerga kirib oladi?

Kuz yoki bahor kunlari o‘rmon chetida yer kavlashingizga to‘g‘ri kelsa, unchalik chuqur bo‘lmagan joyda sizning yaltiroq qora qanot, anchagina yirik hasharotlarga ko‘zingiz tushishi muqarrar. Bu eng xavfli zararkunandalardan biri tillaqo‘ng‘izdir. Ular qishni yerda o‘tkazadi, bahorda (ko‘pincha may oyida, shu bois uni may qo‘ng‘izi ham deyishadi) yer yuziga chiqadi.

Mabodo bahor kechiksa, ular iyun yoki iyul oylarida qanot qoqa boshlaydi. Ular atigi 30 — 40 kun, sovuq havoda ko‘proq uchadi. Ana shu davrda ular daraxtlarga ancha-muncha zarar yetkizadi. Gap shundaki, qo‘ng‘izlar tog‘terak, eman, terak, tol, o‘rmon yong‘og‘i barglari bilan oziqlanadi. Ular, ayniqsa, qayin barglarini xush ko‘radi. Maboda biror yil qo‘ng‘izlar ko‘payib ketsa, butun boshli o‘rmonlarni ship-shiydam qilib ketishi hech gapmas.

Katta qo‘ng‘izlar keltiradigan zararni ularning lichinkalari keltiradigan zarar bilan taqqoslab bo‘lmaydi. O‘rmonchilar 4 — 5 ta lichinka bir kvadrat metrdagi qarag‘ay nihollarini yeb quritadi, deb hisoblaydilar. Bu lichinkalar yerda yashaydi. Makiyon qo‘ng‘iz har yili tuproqqa yirik-yirik 40 tagacha tuxum qo‘yadi. Bir necha haftadan keyin tuxumdan lichinkalar ochib chiqadi.

Qo‘ng‘izchalar birinchi yili deyarli zarar keltirmaydi: ular chirindi va maysalarning ildizchalari bilan oziqlanadi. Lichinkalar yer tagiga bir yarim metrcha chukurlikka kirib, qishni o‘tkazadilar, bahorda yana yer yuziga yaqinlashadilar. Ikki yillik lichinka maysalar ildizlari bilan oziqlanadi va qishda yana yer tagiga kirib ketadi. Uchinchi bahor yana yer yuziga chiqadi. Lichinkalar endi voyaga yetib, uzunligi 5 — 6 santimetr kelib qoladi, ayni shu yoshda ular juda zararlidir. Uchinchi bor qishlagach, lichinkalar g‘umbak bo‘ladi, bir-ikki oydan so‘ng qo‘ng‘izga aylanadi. Biroq bu qo‘ng‘izchalar yer yuziga chiqmaydi va yanagi bahorga qadar yerda yotadi.

Kunlar ilib, daraxtlarda kurtaklar paydo bo‘lishi bilan tillaqo‘ng‘izlar o‘zining xonavayron etguvchi parvozlarini boshlaydi.