Ryurikovichlar kimlar?

Tarixchilar ilk rus knyazlari sulolasini ryurikovichlar deb ataydilar. Ularning familiyalari bo‘lmagan, o‘z sulolalarining nomini esa ular sulola asoschisi bo‘lgan, 879 yilda vafot etgan mashhur Novgorod knyazi Ryurik ismidan olishgan. Biroq bundan‑da ishonchliroq dalillarga, asosan tarixiy shaxs sifatida ushbu sulolaning asoschisi sifatida Buyuk Kiyev knyazi Igorni tilga olish mumkin. Solnomalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, u Ryurikning o‘g‘li hisoblanadi.

Ryurikovichlar sulolasi Rus davlati tepasida 700 yildan ko‘proq hukmronlik qildi. Ryurikovichlar Kiyev Rusini idora qilganlar. U 12 asrga kelib parchalanib ketgach, yuzaga kelgan katta va kichik knyazliklarga ham boshchilik qilishgan.

Rus yerlari Moskva tevaragida qayta birlashgandan keyin ham davlat tepasida Ryurikovichlar avlodidan bo‘lgan Moskva knyazlari turishgan. Sobiq knyazlarning avlodlari o‘z yerlarini yo‘qotdilar, rus aslzodalarining oliy tabaqasini tashkil etdilar, biroq ular «knyaz» degan nomni o‘zlarida saqlab qoldilar.

1547 yilda Buyuk Moskva knyazi «Butun Rus podshosi» degan unvonni qabul qildi. Rus davlati taxtida podsho bo‘lgan Ryurikovichlarning so‘nggi avlodi 1598 yilda vafot etgan, befarzand shoh Fedor Ioannovich edi. Biroq bundan Ryurikovichlar avlodi shu bilan tugagan ekanda, deb o‘ylamaslik lozim. Zero, shoh Fedor vafoti bilan bu sulolaning eng yosh bo‘g‘ini — Moskva tarmog‘i barham topdi, xolos. Ryurikovichlar sulolasiga mansub boshqa mahalliy knyazlarning o‘g‘il farzandlari esa bu davrga kelib endi alohida-alohida familiyalarga ham ega bo‘lgan edilar. Masalan: Baryatinskiylar, Volkonskiylar, Gorchakovlar, Dolgorukovlar, Obolenskiylar, Odoyevskiylar, Reppinlar, Shuyskiylar, Shcherbakovlar va boshqalar, aynan ana shu sulolaga mansub edilar.

Rusda hukmronlik qilgan hamma Ryurikovichlarni ham yodda saqlab qolish qiyin, chunki ular juda ko‘p bo‘lgan. Ammo ularning eng mashhurlarini bilib qo‘yish lozim. Ryurikovichlar sulolasidan chiqqan yirik davlat arboblaridan quyidagilarni alohida ta’kidlash mumkin. Buyuk knyazlar Vladimir Svyatoy, Yaroslav Mudriy, Vladimir Monomax, Yuriy Dolgorukiy, Andrey Bogolyubskiy, Vsevolod Bolshoye Gnezdo, Aleksandr Nevskiy, Ivan Kalita, Dmitriy Donskoy, Ivan 3, Vasiliy 3, shoh Ivan Grozniy.