Aksariyat qushlarga biz xayrixohlik bilan qaraymiz va ularni do‘stlarimiz, deb bilamiz. Gap qarg‘a haqida ketganda, darrov kayfiyatimiz xomush tortadi. Ma’lumki, fermerlar ko‘rganda qo‘rqadi va yaqin yo‘latmaydi, degan uy bilan ularga qarshi qo‘rg‘ich o‘rnatadilar.
Garchi qarg‘alarning axlatchi sifatida sal-pal foydasi tegsa-da, ularning foydasidan zarari bisyor. Birinchidan, qarg‘alar ustasi farang o‘g‘ri bo‘ladi. Ular nafaqat boshqa uyalardagi tuxumlarni, balki polaponlarni ham o‘g‘irlaydi! Ular hatto tovuqxonalarga ham tuxum qidirib tushadi va endi ochilgan jo‘jalarni ushlab olsa, o‘zi bilan olib ketadi. Eng yomoni ular hosilga juda katta ziyon yetkizadi. Qarg‘alar ekinlarni rosa yeb va payhon qilganidan fermerlar ularni o‘zlarining ashaddiy dushmani, deb biladilar.
Qarg‘alarning uzunligi 48 santimetr atrofida bo‘ladi. Uning tusi, jumladan, panja va tumshug‘i ham qop-qora. Har yerda hozir nozir bu qush o‘zining kattagina tumshug‘idan har xil maqsadlarda foydalanadi. Uning ishtahasi yomon emas, u mevalarni, urug‘u donlarni, parrandalar tuxumiyu hasharotlarni yoki qurbonining toza go‘shtini yeydi. U har xil ovqatlarni tanovul etgani uchun ham biron joyga uchib ketishga ehtiyoj sezmaydi (ayrimlari qishda janub tomonlarga uchib ketadi).
Qarg‘alar favqulodda o‘tkir nigohli va eshituvchan. Ularni ko‘pincha katta va kichik gala bo‘lib yurgan holatda ko‘rish mumkin, gala bo‘lganda ular dushmandan unchalik hayiqmaydi. Qarg‘alar juda ayyor hisoblanadi, ammo ularni aldash uchun ham ko‘pgina usullar o‘ylab topilgan. Qarg‘alar o‘z polaponlariga juda sadoqatli bo‘ladi. Shuning uchun ham ular makiyon qarg‘aning xirillagan va keskin tovush chiqarishi bilan bir joyga to‘planadi. Yana ular ba’zi paytlari qirg‘iy va boyo‘g‘lilarga hujum qiladi, shuning uchun ularni tutish maqsadida qirg‘iy va boyo‘g‘lilar tulumidan foydalaniladi.
Qarg‘alar uyalarini daraxtlarga 9 metrdan kam bo‘lmagan holda quradi va erta bahorda bola ochadi. Mana shu vaqtda ular yakka holda kun kechiradi. Yosh qarg‘a uchishi bilan gala yana to‘planadi. Qishda ular keng bir daraxtzor joyga to‘planadi va tunni shu yerda o‘tkazadi. Ertalab ular har yoqqa ovqat izlab uchib ketadi va kun botishi bilan shu yerga qaytib keladi.