Polis nima degani?

Polis deb jamiyat qurilishining o‘ziga xos shakliga aytiladi. Mazkur davlat shakli Qadimgi Yunonistonda bizning eramizdan avvalgi 12 asrda paydo bo‘lgan. Polis erkin fuqarolarning birikmasidan iborat bo‘lgan. Uning tarkibiga nafaqat biror-bir kasb-hunar egalari, balki dehqonlar ham kiritilgan. Xususiy mulki bo‘lgan har qanday fuqaro Polis a’zosi bo‘lish huquqiga ega bo‘lgan.

Dastlabki Polislar dehqon va hunarmandlar yashaydigan qishloqlarda urug‘- aymoqchilikka asoslangan birlashma sifatida paydo bo‘lgan. Polisning barcha a’zolari bir huquqlarga ega bo‘lgan, shuning uchun dehqonchilik uchun yaroqli yer maydonlari ularning o‘rtasida tengma-teng taqsimlangan.

Polisni oqsoqollar kengashi boshqargan, biroq eng muhim masalalar Polis a’zolarining umumiy majlislarida hal etilgan.

Taxminan eramizdan avvalgi 6 asrlardan boshlab katta shaharlar ham polislar deb atala boshlangan. Ularda oqsoqollar kengashi bilan bir qatorda harbiy sardorlar — basileylar ham saylangan. Bu saylovlarni o‘tkazish uchun xalq majlisi maxsus maydon — agorga to‘planganlar. Bu yerda notiqlar uchun maxsus supalar tayyorlab qo‘yilgan.

Polisda yashagan, biroq uning a’zosi bo‘lmagan erkin fuqarolardan, maxsus soliqlar olinib, bu mablag‘lar polisni qo‘riqlaydigan jangchilarni boqish va harbiy jihatdan ta’minlash uchun sarflangan.

Polis keyinchalik, qad rostlaydigan demokratik davlat uchun amaliy negiz vazifasini o‘tadi.