Pifagor kim bo‘lgan?

Qadimgi Yunoniston ko‘plab buyuk zotlar vatanidir. Ular orasida eng e’tiborlilaridan biri eramizdan avvalgi 6 asrda yashab o‘tgan mashhur olim Pifagordir.

Pifagor g‘oyaviy targ‘ibotchi — ya’ni voiz; matematik va faylasuf bo‘lgan. O‘z g‘oyalari va e’tiqodi tufayli u Yunonistonni tark etib, janubiy Italiyaga ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan.

Pifagor ta’limoti nimasi bilan bu qadar g‘ayriodatiy bo‘lgan? U ruhning o‘lmasligi va «ko‘chishi»ga ishongan. Boshqacha aytganda, uning fikricha, o‘limdan so‘ng jannatga kirmagan ruhlar boshqa odamlar va hayvonlar taniga o‘tadi. Shu bois u o‘z shogirdlariga go‘sht yeyish hamda xudolarga jonliq qurbon qilishni taqiqlagan.

Pifagor izdoshlari, pifagorchilar boshqa qat’iy qoidalarga ham rioya qilishgan. Masalan, ular sukut saqlashi va sharob ichmasligi shart edi.

Pifagor g‘oyalarining ba’zilari sodda va hatto bema’niga o‘xshab ko‘rinishi mumkin, albatta. Biroq u fanga katta hissa qo‘shganini unutmaslik kerak. U torlar tovushining past-balandligi matematik jihatdan uning uzunligiga bog‘liqligini kashf etadi. Shundan kelib chiqib, uyg‘unlik nazariyasini rivojlantirdi hamda koinotda mavjud bo‘lgan jamiki narsa-hodisaning asosida sonlar yotadi, degan fikrni ilgari suradi.

Pifagorchilar Quyosh sistemasiga oid nazariyani ham yaratishdi. Ularning bu sohadagi g‘oyalari haqiqatdan yiroq emasdi. Ular Yer yoritqich atrofida aylanuvchi shardan iborat, deb hisoblashgandi. Albatta, Pifagorning to‘g‘ri burchakli uchburchak tomonlarining nisbatini belgilovchi mashhur teoremasini hamma biladi.