Ko‘pchilik oq qayinni Rossiyaning ramzi deb biladi. Dunyoning hech bir mamlakatida Rossiyadagichalik bunday tanasi oq, mayda shoxlari ingichka, yaproqlari mayda va nozik daraxt ko‘p bo‘lmasa kerak.
Bu daraxt odamlarda hissiyotni tug‘yon urdiradigan darajada go‘zal va nozikdir. Shoirlar unga atab she’rlar bitadi, qo‘shiqchilar ashula to‘qiydi. Ona tabiatning o‘zi ham bu beqiyos daraxtga alohida mehr qo‘rini to‘kadi.
Yozning issiq kunlarida uning oppoq tanasiga qo‘lingizni tekkizib ko‘rganmisiz? U qo‘lingizga muzday tegadi. Jazirama oftob nuri tushib turganda ham oq qayinning tanasi muzdayligicha qolaveradi. Bunda hech qanday sir yo‘q, negaki, oq rang Quyosh nurini yutmaydi, aksincha, qaytaradi. Demak, tabiat oq qayinga oq rangni go‘zallik uchungina emas, himoyalanish uchun ham bergan ekan. Oq qayin salqin havoni xush ko‘radi, jaziramani esa yoqtirmaydi. Bu tabiatning oq qayin tanasini oftob jizg‘anak qilib kuydirmasligi uchun qilgan g‘amxo‘rligidir. Boz ustiga, uning po‘stlog‘i ham eman yoki qarag‘ayniki singari qalin emas.
Odamlar nima uchun ko‘klam chog‘lari mevali daraxtlarning tanasini oqqa bo‘yashini endi fahmlagandirsiz. Oq rang ularning tanasini yozgi oftob kuydirishidan saylaydi.