Nima uchun Amerikani Yangi dunyo deb atashgan?

«Yangi dunyo» degan nom ilk marotaba yozuvchi Amerigo Vespuchchi asarlarida tilga olingandi, Kolumb ochgan qit’aning nomi ana shu yozuvchi sharafiga Amerika deb atalgandir.

1503 yilda Vespuchchi gertsog Pyotro Medichiga o‘z sayohatlari haqida bir maktub yullaydi. Ushbu maktubiga u «Yangi dunyo» deb sarlavha qo‘ygan edi.

Maktub shaklida yozilgan ana shu asar orqali ma’rifatli Yevropaliklar yangi qit’a va uni kashf etgan kishilar to‘g‘risida ilk bor bilib oldi. Shuni ta’kidlash kerakki, Amerigo Vespuchchi nafaqat o‘z sayohatlarini batafsil bayon etadi, balki ayni paytda u Kolumb bu yerda nimalar qilganligini ham har tomonlama tasvirlab beradi.

Vespuchchi Amerikaga kelib qolgan yevropalik sayohatchilarning boshidan kechirgan barcha tashvish va qiyinchiliklarni boshqalarga qaraganda ancha yaxshi bilardi. Kolumbdan farqli o‘laroq, Vespuchchi ajoyib badiiy iste’dodga ega edi, shu boisdan ham o‘quvchilar xotirasida Kolumbning emas, balki Vespuchchining nomi abadiy saqlanib qoldi.