Olimlar Koinotdan hayot izlayotgani, turli tajribalar o‘tkazayotgani sizga ma’lum. Tabiiyki, hayot izlaganda bepoyon kosmik fazodan ko‘ra o‘zimizning Quyosh sistemamizni tadqiq qilish osonroqdir. Olimlarning fikricha, qandaydir hayot shakli bo‘lishi mumkin bo‘lgan sayyora Mirrix (Mars)dir.
Nega ular aynan Mirrixni tanlab olishdi? Bu sayyora Yer bilan egizak, deb hisoblanadi. Mirrix bilan Quyosh o‘rtasidagi masofa Yer bilan Quyosh o‘rtasidagi masofaga yaqin turadi. Uning diametri Yernikidan ikki marta kichik, Mirrix ikki yilda bir marta Quyosh atrofini aylanib chiqadi. Ammo Mirrixdagi kun davomiyligi Yernikiga to‘g‘ri keladi.
Munajjimlar Mirrixni kuzatayotib, u yerda hayot qandaydir shaklda bo‘lishi mumkinligidan darak beruvchi ayrim narsalarga duch kelishdi. Birinchidan, Yerdagi singari Marsda ham yilning to‘rt fasli bor. Uning yuzasida ham fasllar almashuvi barobarida o‘zgarishlar ko‘zga tashlanadi. Bahorda va yozda qoramtir joylar yanada qorayadi, ularning rangi ko‘k-yashildan sariqqa aylanadi. Balkim, bu o‘simliklardir? Munajjimlarning taxminicha, sayyora atmosferasi tarkibida mavjud oz miqdordagi suv bug‘lari u yerda hayot vujudga kelib, rivojlanishi uchun sharoit tug‘dirishi mumkin. Italyan munajjimi Jovanni Skiaparelli 1887 yili Mirrix yuzasida kanallarga o‘xshash narsani kuzatganini ma’lum qildi. Olimlar: «Mirrixliklar qurg‘oqchil mintaqalarga qutblardan suv olib kelish uchun kanallar qazigan bo‘lishi mumkinmi?» deb savolni ko‘ndalang qo‘yishdi.
1976 yili Amerikaning ikkita «Viking» uchish apparati Mirrix yuzasiga qo‘ndi. Sayyora tuprog‘i kosmik apparatlar bortida mavjud asboblar yordamida hayot nishonasini topish maqsadida tadqiq qilindi, tadqiqot natijalari Yerga yuborildi. Ushbu tadqiqotlardan tuproqda mikroorganizmlar mavjud bo‘lishi mumkinligi, ammo Mirrix tuprog‘i Yernikiga mutlaqo o‘xshamasligi ma’lum bo‘ldi. Mabodo, Mirrixda hayot bo‘lsa ham, u juda oddiy shakldadir.