Katta Kanon Yer yuzasidagi eng chiroyli tomoshagohlardan biridir. Uning ayrim joylari ko‘zni qamashtiradigan darajada rango-rang ibodatxona, minora va qal’alardan iborat sehrli tosh shaharga o‘xshaydi.
Eng qiziq hodisalardan biri kanonlarni daryolar hosil qilganidir. Kolorado daryosining suvlari bu ulkan darani ming yillar davomida bunyod etgan. Daryo suvining dahshatli kuchini tasavvur qilish uchun u uzoq masofada yuvib ketgan qattiq tog‘ jinslarini bir ko‘z oldingizga keltiring. Kolorado daryosi ayni paytda ham daraning tubiga yuvib kirib bormoqda. Ayrim joylarda Katta Kanon darasining chuqurligi 1 800 metr, kengligi esa 8—25 km.ni tashkil etadi. Daryo yassi tog‘likka, Kanon hosil qilar ekan, teran kirishi natijasida Yerning tosh devorlardagi yuz millionlab yillik tarixini ochib boradi.
Daryo bilan yonma-yon dara tubida ko‘hna kristall jinslar ochilib qolgan. Bu jinslar o‘z-o‘zidan, suv va shamol ta’sirida yemirilib ketgan ko‘hna tog‘ tizimi qoldiqlaridir. Bu tog‘ tizimining paydo bo‘lgan va yemirilib ketgani Katta Kanon hosil bo‘lishi natijasida aniqlandi.
Tog‘ tizmasining ko‘zlardan pana bu poydevorida kvartsit, qumtosh va ohaktosh qatlami bor. Ular davrlar o‘zgarishi bilan shakllana borgan, butun boshli tog‘ tizmalari paydo bo‘lib, yemirilib ketgan kezlar okean to‘lqinlari goh sharqdan, goh shimoldan bu yerlarga yopirilib kelavergan. Bir zamonlar bu qoyalarga dengiz to‘lqinlari urilib yotganini o‘sha yerdan topilayotgan tosh qotgan narsalar ham isbotlaydi. Ular suv o‘tlari, dengiz chig‘anoqlari va baliqlardir.
Katta Kanonni kashf etgan ilk odam ispan sayyohi Garsiya Lopes de Kardenasdir. U Kanonni 1540 yil kashf etdi. Ayni paytda AQSh hukumati Kanonning eng chiroyli va qiziqarli qismini ajratib olib, «Katta Kanon» nomli milliy bog‘ barpo etdi. Uning maydoni 1620 kv. km.dir. Har yili minglab sayyohlar bu yerning go‘zalliklarini tomosha qilish uchun keladi. Hatto, dara tubida oqayotgan Kolorado daryosi bo‘ylab xachirga minib, sayohat qilish imkoniyati ham bor.