Vyuroklar katta oilani tashkil etib, daraxtda yashaydigan qushlar turkumiga mansub qush. Unga Britaniyada keng tarqalgan qushlar (masalan, chumchuqlar, sariq tumshuqlar va konoplyankalar) va kanareykalar kiradi.
Kanareykalarni juda ko‘p mamlakatlarda parvarishlashadi, ammo uning asl vatani Kanar, Madeyra va Azor orollaridir. Erkin yashaydigan kanareykalar vyuroklar oilasiga mansubdir, uzunligi 14 santimetr atrofida, to‘q yashil, yelkasi pushti yo‘lli, bo‘g‘zi yashiltob sariq tusda bo‘ladi.
Kanareykalarni ilk bor XVI asrda qafaslarda parvarishlashgan, bugungi xonaki kanareykalar yovvoyi turdoshlaridan biroz farqlanadi. Bu odamlarning kanareykalarni muayyan xususiyatlariga qarab parvarishlagani va ayrimlaridan voz kechishga uringani bilan bog‘liqdir. Kanareykalarning ayrim turlarini sayrog‘i uchun, boshqalarini chiroyli qomati, uchinchilarini rangi uchun parvarishlashadi.
Sayraydigan xonaki kanareykalar ancha keng tarqalgan. Bu qushlar hozirgi vaqtda Amerikada muvaffaqiyatli ko‘paytirilmoqda, ammo ularning eng chiroyli sayroqchilari Germaniyaning Garts tog‘larida yashaydi.
Yosh kanareykalar boshqa qushlarning ovoziga taqlid qilishini bilasizmi? Kanareykalarni sayroqi qilish uchun katta sayroqi kanareykalardan foydalanishadi. Ba’zan kanareykalarni bulbulday sayratish mumkin, buning uchun bulbul xirgoyisi yozilgan magnit lentasi bo‘lsa kifoya.
Kanareykalarni parvarishlash oson. Ularning qafasi tagida doimo toza qum bo‘lishi kerak. Qushlarga har kuni toza suv berilishi va har kuni vanna qabul qildirish lozim. Ularga qandaydir qush taomlari va ozroq ko‘kat, masalan, maydalangan maysa yoki salat barglaridan berish zarur. Ularga nordon mevalar berishni tavsiya etmaymiz. Ular karakatitsa (dengiz mollyuskalarining bir turi) danaklarini cho‘qilashni yaxshi ko‘radi va ulardan tanasiga zarur bo‘lgan ohak oladi.
Kanareykalar yelvizakni juda tez ilg‘aydilar, shu sababli ular solingan qafaslarni qishda derazalar yoniga qo‘ymaslik kerak. Vaqti-vaqti bilan ularning qanotchalarini uchish uchun mashq qildirib turishga to‘g‘ri keladi, shu boisdan uni yopiq xonaga qo‘yib turish kerak. Kanareykalarning tirnog‘i o‘sib ketganda, ularni qirqib turish lozim.