Juda ko‘p turlari bo‘lgan kakkular qushlarning yaxlit bir oilasidir. Ular ko‘pgina mamlakatlarda, ayniqsa issiq mamlakatlarda yashaydi. Sovuq mamlakatlarda yashaydiganlari ham, qishda issiq mamlakatlarga uchib ketadi. Masalan, Yevropa kakkulari Afrikaga yo‘l oladi.
Evropa kakkusi katta qush, balandligi taxminan 30 santimetr keladi. Uning patlari kulrang bo‘lib, past tomoniga yo‘l-yo‘l taramlar o‘tgan. Yoz ichida kakkular hasharotlarning katta bir qo‘shinini yakson etadi. Kakku o‘z nomini sayrog‘i tufayli olgan. Kakkularning o‘rmonlarda ku-kulashini ko‘plar eshitgan bo‘lsa ajab emas. Va shu zahoti necha marta ku-kulaganini sanashga tushganmiz, kakkular qancha sayrasa, odam shuncha yil yashaydi, degan gap yuradi.
Evropa kakkulari uya qurmaydi. Ular o‘z tuxumini boshqa qushlar, masalan, sayroqi qushlar va chumchuqlar uyasiga qo‘yadi.
Makiyonlari tuxum qo‘ygach, uni diqqat bilan kuzatadi. Qushlar ovqat izlab chiqib ketganda, kakku tuxumlardan birini olib, o‘rniga o‘z tuxumini qo‘yadi va ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.
Bo‘lg‘usi o‘gay ota-onalar qaytib kelgach, tuxumlar o‘rni almashganini bilishmaydi. Axir tuxumlar kattaligi ham, rangi ham bir xil-da! Shuning uchun ham kakkularning mazkur turi tuxumini ma’lum bir qushlar uyasiga qo‘yadi.
Kakkuchalar taxminan ikki hafta o‘tib, tuxumni yorib chiqadi. Bir qancha vaqtdan so‘ng birin-sirin uyadan boshqa tuxumlarni yoki undan oldin ko‘z ochgan polaponlarni ham chiqarib tashlaydi. U mana shu tariqa o‘ziga ovqat topadi, u nihoyatda ochko‘z qush, ustiga ustak o‘gay ota-onalaridan ikki-uch marta katta keladi.
Qushlarning onalik hissi shu qadar kuchliki, o‘gay ota-onalar kakkuchalar haqida qattiq g‘amxo‘rlik qiladi va uni to uchishni o‘rganib, uyani tark etmaguncha ovqatlantiradi.