1650—1800 yillar oralig‘ida ilm-fan gurkirab rivojlandi. O‘rta asrlarda maorif va ilm fanga cherkov rahnamolik qilar edi. Bu esa katolik cherkovi aqidalariga mos kelmaydigan tadqiqotlarga to‘sqinlik qilar edi. 15—16 asrlarda Tiklanish jarayonining boshlanishi tufayli kishilar o‘zlari uchun bilimlarning turli yangi jabhalarini kashf qila boshladilar. Ular qadimgi yunonlar va rimliklar dunyoning tuzilishi haqida nimalar yozganligiga ham nihoyatda qiziqishardi. Ayni shu ta’limotlar negizida ular o‘zlari yashab turgan dunyoni o‘rganishga kirishdilar. Tiklanish jarayonidan keyin kelgan Reformatsiya davri cherkovning obro‘siga kuchli darajada putur yetkazdi. 17 asrda kishilar o‘zlarining turlicha qarashlarini bemalolroq bayon qila olardilar.
Nyuton (1642—1727) 17 asrning eng buyuk alloma-donishmandlaridan biri edi. U yoshligida frantsuz matematigi Rene Dekartning (1596—1650) ilmiy ishlarini o‘qib chiqadi va uning nurning tabiati to‘g‘risidagi fikrlariga qo‘shilmaydi. Shundan so‘ng u o‘z tajribalarini amalga oshirishga qaror qiladi. Xuddi Dekart va boshqa olimlar kabi Nyuton ham prizma yordamida nurni spektrga (ya’ni kamalakka) aylantiradi. Shundan so‘ng u Dekart o‘ylab ham ko‘rmagan bir ish qiladi: birinchi qo‘yilgan prizma ortiga teskari qo‘yilgan ikkinchi prizmani ham o‘rnatadi va birinchi prizmadan o‘tayotgan rangli nurlar ikkinchi prizmadan o‘tib yana yagona oq nurga birlashadi. Shunday qilib Nyuton oq nur yetti xil kamalak rangiga ega ekanligini isbotlaydi.
Nyuton teleskopni takomillashtirdi, gravitatsiya nazariyasini yaratdi va metafizika bilan shug‘ullandi, uningcha metafizika dunyoning tuzilish haqidagi barcha savollarga javob berishi kerak edi.
Nyutonning kashfiyotlari fanning barcha sohalari uchun taraqqiyot asoslarini yaratdi. Ammo uning o‘zi, men noma’lumlik olamining yuzidagi pardani biroz ko‘tardim xolos, degan edi. U keksaygan chog‘ida yana shunday degan edi:
«Bilmadim, men koinot oldida qanday ahamiyatga egaman, biroq men o‘zimni sohil bo‘yida o‘ynab, o‘ziga yoqadigan silliq toshchanimi yoki judayam chiroyli chig‘anoqnimi topib olsa, olam-olam sevinchga to‘ladigan jajjigina bolakayga o‘xshataman. Vaholanki, bu bolaning oldida hali o‘rganilmagan xilqatlarning butun boshli ummoni yotibdi».