Hindistonning birinchi shahanshohi (imperatori) kim bo‘lgan?

Xarapp tsivilizatsiyasi bilan bog‘liq shaharlar gullab-yashnash davridan o‘tib, tanazzulga yuz tutgach, Hindistonning boshqa hududlari gurkirab rivojlana boshlaydi. Boshqa yirik, masalan, Gang singari daryolar havzasida joylashgan viloyatlar, mahalliy xalq sholi yetishtirishi tufayli boyib boradi. Eramizdan avvalgi 600 yilda Gang vodiysida uncha katta bo‘lmagan kamida 16 ta davlat mavjud edi. Eramizdan avvalgi 5 asrda ular bir-biri bilan muttasil jang qilardi. Kuchli davlat kuchsizroqlarini o‘ziga bo‘ysundiradi. Asta-sekin ularning bari Magadxa podsholigi tarkibiga qo‘shila boradi.

Eramizdan avvalgi 4 asr oxirida Magadxada taxtni Hindistonning birinchi chinakam shahanshohi (imperatori) Chandragupta Maurya qo‘lga kiritadi. Bu davrga kelib shahanshoh tomonidan asos solingan davlat qit’aning katta qismini egallagandi. Chandragupta Maurya hukmronlik qilgan davrda saltanat shimoli-g‘arbga tomon kengayib boradi, hind daryosi havzasini qamrab oladi, Markaziy Hindistondan janubga qarab yoyiladi hamda hozirgi Afg‘oniston hududini egallaydi.

Chandraguptaning o‘g‘li Bindusara davlat chegaralarini ancha kengaytirib yuboradi, lekin uning o‘g‘li Ashok davridagina mauryalar saltanati chinakamiga yirik saltanatga aylanadi.