Rimliklarning ilk tarixini tushunib olish uchun dastlab etrusklar bilan tanishish zarur. Etrusklar — Rimdan shimolda, unumdor qir-adir yerlarda joylashgan Etruriya viloyatida yashagan xalq. Eramizdan avvalgi 7 asrga kelib etrusklar 12 mustaqil davlat barpo etishgandi. Bu davlatlarning har birining o‘z poytaxti mavjud edi. Biroq, ularning aholisi o‘zini yagona etrusk xalqi deb hisoblardi. Ular hammasi bir bo‘lib Etruriyadan tashqaridagi yerlarni bosib ola boshladilar. Eramizdan avvalgi 6 asrga kelib janubda Salernodan shimolda Mantuigacha yangi etrusk shaharlari vujudga keldi.
Etrusklar qudratli xalq bo‘lsa-da, Italiyaning bu qismida yolg‘iz ulargina istiqomat qilishmasdi. Ular samnitlar, umbrlar, sabinlar va aftidan, Alp tog‘lari ortidan eramizdan avvalgi 7 asrgacha bu hududga ko‘chib kelgan ko‘pdan-ko‘p lotin qabilalari bilan yonma-yon yashaganlar. Ularning tili lotin tili bo‘lganligi qabilaning nomidan ham ko‘rinib turibdi.