Chumolixo‘rlar — odatda qirchumoli deb ataluvchi oq chumolilarni tutib yeydigan hayvonlardir. Chumolixo‘rlar boshqa oziqdan ko‘ra chumolini afzal ko‘radi, chunki ularning tishlari yo‘q. Ularning ancha cho‘zinchoq jag‘ suyaklari deyarli to‘liq teri bilan qoplangan bo‘ladi.
Chumolixo‘rning og‘zi juda kichkina, chuvalchangsimon tilining uzunligi o‘ttiz santimetrdan ortiqroq va yopishqoq modda bilan qoplangan. Chumolixo‘r qirchumolini ko‘rganda uzun tilini chiqaradi. Qirchumoli tilga yopishib qoladi hamda chumolixo‘r o‘z o‘ljasini og‘ziga tortadi va yutadi.
Chumolixo‘r ovlaydigan qirchumolilarning ko‘pchiligi o‘z makonlarini loydan quradi, ular issiq quyosh ta’sirida toshga aylanadi. Tabiat chumolixo‘rga kuchli oldingi oyoqlar va uzun tirnoqlar ato etgan. U bulardan qirchumolilar uyalarini buzishda foydalanadi.
Chumolixo‘rlarning bir-biridan keskin farq qiluvchi uch turi mavjud. Ulkan chumolixo‘r yerda yashaydi. Uning uzunligi — ikki metrdan ortiq, bundan taxminan o‘ttiz santimetrini bosh va oltmish santimetrini dum tashkil qiladi. Uning yungi dag‘al va uzun bo‘ladi. Oldingi oyoqlar tirnoqlari shu qadar uzunki, ularda yurish chumolixo‘rga qiyinchilik tug‘diradi. Unga oyoqlarini kaftining tashqi tomoni bilan yerga qo‘yishga to‘g‘ri keladi. U tunda ovga chiqadi, butun kun mobaynida uxlaydi.
Tamandua, ya’ni Amerika chumolixo‘ri ancha kichik bo‘ladi. Uzunligi taxminan bir metr bo‘lib, uning juni ham kalta. Tamanduaning dumi juda ko‘p vazifalarni bajaradi. Agar Amerika chumolixo‘rining dumi bo‘lmaganda, daraxtlarda — o‘zining asosiy istiqomat joyida yashay olmagan bo‘lardi.
Ipaksimon chumolixo‘r — barcha chumolixo‘rlarning eng kichigidir. Uzunligi ellik santimetrcha keladi. Uzunligining yarmi dumiga to‘g‘ri keladi. Dumi tufayli daraxtda yashay oladi. U butun kunni g‘ujanak bo‘lib olib daraxt shoxida o‘tkazadi. Bu chumolixo‘r Janubiy Meksikadan Braziliyagacha bo‘lgan hududda uchraydi.