Britaniyaning kelt aholisi Rim madaniyatidan bahramand bo‘lgan chog‘da Irlandiyadagi ularga qondosh qabilalar o‘ziga xos kelt an’analariga sodiq qoldilar. Keltlarning o‘z qirollari bo‘lib, ular qal’a devorlari bilan o‘rab olingan istehkomlardan turib mamlakatni boshqarishardi.
Vaqt-vaqti bilan skottlar Britaniyaning g‘arbiy sohillari bo‘ylab cho‘zilgan Rim hududlariga qaroqchilarcha hujum qilib turishardi. Rim zaiflasha borgani sayin skottlarga omad kulib boqardi. Nihoyat, skottlar Uels va Shotlandiyada joylashib qola boshladilar. Shotlandiya nomining o‘zi irlandiyalik skott qabilalari nomidan kelib chiqqan. Qaroqchilarcha bosqinlardan biri paytida, — balki 410 yillar atrofidadir, Patrik ismli yosh nasroniy britt tutib olinib, qul qilib Irlandiyaga olib ketiladi. Keyinchalik Patrik qochishga erishdi, biroq 432 yilda u Irlandiyaga missioner sifatida qaytib keldi. U o‘z safdoshlari bilan katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi va tez orada Irlandiyada nasroniylik qudratli kuchga aylandi.
Bu paytda Britaniyada majusiy anglosakslar siquvi ostida nasroniylik deyarli yo‘qolib ketgandi. Ayni irlandiyaliklar yana u yerda nasroniylikni yoya boshlagandilar. Missionerlardan biri, irlandiyalik Kolubma 563 yilda Shotlandiyaning g‘arbiy sohilidagi Ayona orolida monastirga asos soldi. Kelt nasroniyligi tezda tarqaldi. Kelt monaxlari va ularning angliyalik yangi yordamchilari G‘arbiy Yevropa bo‘ylab sayohatga chiqib, u yerlarda monastirlar qurdilar.