Er yuzida o‘z hayoti davomida bo‘rni ushlab ko‘rmagan odam topilmasa kerak. Sayyoramizdagi millionlab maktab o‘quvchilari bo‘r bilan doskaga yozishadi. Agar bo‘r bo‘lmaganda, o‘qituvchi nima qilardi?
Bo‘r dastlab hayvon bo‘lganini bilasizmi? Okeanlar ichida ko‘zga tashlanmas o‘simlik va hayvonlarning juda ko‘p turlari hayot kechiradi. Ulardan biri bir hujayrali, kosasi ohakdan tarkib topgan «foraminifera»dir.
Ular nobud bo‘lgach, okean tubiga cho‘kib ketadilar. Vaqt o‘tishi bilan bu kosalardan qalin qatlam hosil bo‘ladi. Albatta, bunga million yillar kerak. Bu qatlam asta-sekin mustahkamlanib boradi va yumshoq ohaktoshga aylanadi; uni biz bo‘r deb ataymiz.
Erdagi turli o‘zgarishlar dengizlar tubini quruqlikka aylantirib yuborganidan xabarimiz bor. Ayni shunday hodisa La-Mansh bo‘g‘ozida ro‘y bergan. Dengiz tubida cho‘kib yotgan bo‘r qatlami dengiz sathiga ko‘tarilib chiqqan. Ancha yumshoq qismlari baland bo‘r qoyalari qoldirib, suv bilan yuvilib ketgan. Angliyaning Duvr va Frantsiyaning Depp tomonlarida mashhur bo‘r qoyalari mavjud.
Bo‘r dunyoning turli mintaqalarida dengizlardan yiroqda, bir zamonlar dengiz bo‘lgan joylarda o‘rnashgan. Bunga AQShdagi Kanzas, Arkanzas va Texas shtatlarini misol qilib keltirishimiz mumkin. Eng yaxshi tabiiy bo‘r Angliyada tayyorlanadi.
Yuzlab yildirki, odamlar bo‘rdan turli maqsadlarda foydalanadi. Biz maktablarda ishlatadigan bo‘rga uvalanib ketmasligi uchun biriktiruvchi aralashmalar qo‘shiladi. Maktab uchun 95 foizi bo‘rdan bulgan bo‘rlar juda sozdir. Turli bo‘yoq moddalar qo‘shib, xilma-xil rangdagi bo‘rlar olish mumkin.
Purkab, yuvilib va tozalab bo‘lingach, bo‘rdan oq kukun olinadi va u zamazka (tirqishlarni bekitish uchun ishlatiladigan yopishqoq qorishma), bo‘yoq, dori, qog‘oz, tish pastasi va turli upalarga ishlatiladi!