Biz nimagadir Britaniya hamisha Yevropaning bir qismi bo‘lgan degan mulohazaga ko‘nikib qolganmiz. Biroq, aslida sira ham bunday emas. U eramizdan avvalgi 1 asrga qadar Yevropaga qarashli emasdi. Rimliklar Britaniyani bosib olishgan va u haqda Yevropada hech kim bilmasdi ham. Britaniyaning bu davrdagi tarixi haqida biz juda kam bilamiz.
Birinchi bosib olingan davrda bu yerda istiqomat qiluvchi aholi «brittlar» deb atalardi. Ular kelt shevasining turli lahjalarida so‘zlashishar, qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanishar, poda va otvoqarlik qilishardi. Temirdan turli jihozlar va qurollar yasashni ham bilishardi. Ularning aksariyati katta-katta qishloqlarda tomi qamish bilan yopilgan chaylalarda istiqomat qilishgan. Aynan rimliklar bu yerlarda shaharlarni va ularni bir-biri bilan tutashtiruvchi yo‘llarni bunyod etishgan. 15 asr boshlarida bu yerlarni rimliklar tark etgach bu yer aholisi zaiflashib xarob ahvolda qoldi. Angllar, sakslar va yutlarning lashkar (o‘rda)lari Daniyadan va Reyn bo‘yida yastanib yotgan yerlardan jo‘nab ketdilar. Faqat bu yerda angllar muqim o‘rnashib qolganlaridan keyingina mamlakat «Angliya» nomini oldi.
Kichik-kichik va qiyin ahvolda qolgan qabilalarning birlashishi natijasida yettita qirollik qad rostladi va Angliyada muqimlik kasb etdi. Bu yerlarning ilk egalari brittlar Uels va Shotlandiyaning baland tog‘li hududlariga siqib chiqarildi.
Mazkur yetti qirollik «Geptarxiya» yoki anglosakslarning yetti davlati Ittifoqi deb atalardi. 9 asrga kelib ular Egbert rahbarligi ostida birlashtirildi va Egbert Angliyaning birinchi qiroli bo‘ldi. Bu paytga kelib Angliya nasroniy dinini qabul qilgan va buning oqibatida u Yevropa qit’asidagi barcha mamlakatlar bilan hammaslakka aylangan edi.
Qirol Buyuk Alfred davrida Angliya yana daniyaliklarning qaqshatqich bosqinlariga qarshi kurashishiga to‘g‘ri keldi. Bu hol to 11 asrgacha, ya’ni mamlakat Daniya qiroli Kanut hokimiyatiga tobe bo‘lguncha davom etdi.
Keyinchalik taxtga anglosaksoniyalik qirol Eduard (Ispovednik) Iqrorgo‘y keldi va uning davrida mamlakat 23 yil tinch va osoyishta hayot kechirdi. Uning o‘limidan keyin yana qirg‘inbarot boshlanib ketdi. Toj-taxt uchun kurashlarda kim uning merosxo‘ri bo‘ladi degan masala hal etilardi. Nihoyat 1066 yilda normandiyalik gertsog Vilgelm Angliyani bosib oldi, keyinroq esa qirol deb e’lon qilindi. Angliyaning normannlar tomonidan zabt etilishi mamlakat hayotini shu qadar o‘zgartirib yubordiki, ma’lum ma’noda bundan keyingi voqealarni Angliya tarixining yangi davri deb atash mumkin.