1783 yil Amerika Qo‘shma Shtatlari Britaniya istibdodidan xalos bo‘lib mustaqillikka erishgandan so‘ng, mamlakatning Shimoliy va Janubiy shtatlari o‘z holicha, bir-biridan farqli tarzda rivojlandi. Shimol mayda fermerlarning mamlakati bo‘lib, unda sanoat shaharlari jadallik bilan o‘sib bordi. Mamlakat aholisi bir paytlar, 17 asrlarda ruhoniy piligrimlar bu yerga olib kelgan ozodlik g‘oyalariga rioya etardi. Virginiya va Jorjiya kabi Janubiy shtatlar boy va zodagon katta yer egalari yerlarida qullar tomonidan yetishtiriladigan paxta hisobiga kun kechirardi. Biroq, qullik 1861 yilda boshlanib ketgan fuqarolar urushining sabablaridan biri edi, xolos.
1790 yilda Qo‘shma Shtatlar tashkil etilgan bo‘lsa-da, Shimol va Janub o‘rtasida katta tafovutlar saqlanib qolgan edi. Shimol taraqqiyotga talpinardi. Janub esa hech qanday o‘zgartishlarni istamasdi. 1790 yildagi Konstitutsiyada ozodlik va adolat to‘g‘risida alohida gapirilgan edi. Modomiki, janubda shu paytda to‘rt milliondan ko‘proq qullar bor ekan, qanaqa ozodlik va adolat haqida gapirish mumkin? — deyishardi Shimoldagilar.
1850-yilga kelib Amerika Shtatlarining qariyb yarmisida qulchilik mutlaqo taqiqlandi. 1860-yilda qulchilikning ashaddiy dushmani bo‘lgan Avraam Linkoln Amerika Qo‘shma Shtatlarining prezidenti bo‘ldi. Janubiy shtatlar shundan so‘ng, agar bizlar Qo‘shma Shtatlar ittifoqida qoladigan bo‘lsak, o‘zimizga o‘zimiz choh qazigan bo‘lamiz, degan qarorga kelishdi. 1861 yilda Amerika janubidagi 11 shtat alohida ajralib chiqib o‘z ittifoqlarini tuzdilar va uni Konfederatsiya deb atay boshladilar. Bu Shimoldagi 23 shtatga qarshi boshlanadigan urushga o‘ziga xos bir ishora edi.
Qo‘shma Shtatlar yagona davlat bo‘lib qoladimi yoki doimo bir-biriga dushman bo‘lib qoluvchi ikkita ittifoq dunyoga keladimi? Ana shu savolga javob hal etilguncha qonli janglardan iborat to‘rt yillik fuqarolik urushini boshdan kechirishga to‘g‘ri keldi. Urushning dastlabki paytlarida janubliklarning qo‘li baland kelib turdi, boisi ularning askarlariga salohiyatli harbiylar rahbarlik qilardilar. Biroq 1863 yilning iyulida Pensilvaniya shtatining Gettisburg shahri ostonalarida bo‘lgan janglarda konfederatsiyachilarning askarlari chekinishga majbur bo‘ldilar.
Gettisburg jangidan keyin omad general Grant boshqaruvi ostidagi shimolliklar tomonga o‘tdi. 1865-yilning aprelida general Li qo‘mondonligi ostidagi konfederatsiyachilar armiyasi taslim bo‘lishga majbur bo‘ldilar.
Nihoyat urush tugadi, ammo qanchalar qimmatga tushdi bu qirg‘inbarot? Mazkur urushda AQShning yarim millionga yaqin aholisi — ya’ni har 50 AQSh fuqarosidan biri qurbon bo‘ldi, ularning uchdan ikki qismi urush asoratlari tufayli kelib chiqqan kasalliklardan nobud bo‘ldilar. Ammo tinchlik o‘rnatilgandan keyin ham Shimol bilan Janub o‘rtasidagi sovuqchilik yana uzoq yillar saqlanib turdi.