… Yorqin qizil va sariq ranglar, qovurilgan kashtan yong‘og‘i hamda har qancha g‘alati tuyulmasin, yoqimli, biroq allaqanday gazlar aralashmasidan hosil bo‘lgan hid keluvchi ko‘chalar, qurilish kranlarining «shovqini» va ular barpo etgan baland binolar, doimo tiqilinch poyezdlar, kulimsirab yuradigan mo‘ysafid chollar va o‘zini kattalardek jiddiy tutib qo‘yuvchi bolakaylar hamda o‘ta pishiq sotuvchilar… Bular bir butunlikda zamonaviy Xitoyning tashqi ko‘rinishini ko‘z oldimda gavdalantiradi.
Har kuni shahardan tashqariga – dars mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan universitet korpusiga qatnaydigan avtobusga o‘tirganimda, yo‘lda uchraydigan Xuanxe daryosi, tog‘ning qoq o‘rtasidan teshib o‘tgan tonnellar, siyosatdan muhokama qilib ketishni xush ko‘radigan keksa yo‘ldoshlar ham shular jumlasidan…
Albatta, bular, Konfutsiy Vatani, 5 ming yillik tarix va Birinchi imperator – Chin Shihuandi Terrakotalari, Buyuk Devor barpo etilgan, birinchi bosma kitob, kompasni yaratgan, ilk marta farfor, ipakni ishlab chiqarishni o‘ylab topgan Xitoyni tasvirlashga kamlik qiladi. Aslida, Xitoy – juda katta mavzu, u haqda juda ko‘p vaqt gapirish mumkin. Kuzataversangiz, bu o‘lka va uning aholisiga tegishli ko‘pgina xarakterli jihatlar namoyon bo‘ladi.
«Kuzatuv»ni kichik manzaralardan boshlasam. Olaylik; chet ellikni xitoyliklar «vaiguoren» yoki «laovai» deb atashadi. Ya’ni, «tashqari» yoki, aytish mumkinki, «chet mamlakat odami» va «tashqaridagi», «chetdagi» og‘ayni (yoki qariya, desa bo‘ladi)». Ha, biz – o‘zbeklar tili bilan qiyoslasak, buning hech qanday ajablanarli tomoni yo‘q. Lekin «chet ellik» atamasi Yevropa xalqlarida, masalan, ruslarda boshqa shakl-ma’noni beradi: «inostranets», ya’ni, taxminan, «boshqa yerlik» kabi. E’tiborli tarafi shundaki, xitoyliklarda «boshqa» emas, aynan – «tashqari» ma’nosi qo‘llanilgan. Biz, fikrimcha, «chet ellik» atamasini tarixan Osiyoning Markazida joylashganimiz uchun ishlatganmiz. Xitoyga kelsak, bu borada muhim nuqtani tilga olish zarur. U o‘zini haqiqatan ham Dunyoning Markaziy, asosiy davlati deb biladi. Qolaversa, bu uning nomlanishidan ham ma’lum: «Jongguo» («O‘rtadagi davlat», «Markaziy davlat»). Yer sharidagi geografik joylashuv jihatidan ham Xitoy dunyoning o‘rtasidagi o‘lka hisoblanadi. Bu yerning odamlari
uchun «dunyoda Xitoydek davlat bor… Ha, aytganday, uning tevaragida ham boshqa ba’zi o‘lkalar mavjud».
Xitoyning o‘ziga bo‘lgan bunday kuchli ishonchi tarixiy-evolyutsion ildizlarga ega. Insoniyat rivojlanishi va dunyodagi ilk administrativ davlatchilik tarixiga nazar soling: xitoyliklarning bu boradagi mavjud yutuq-hissalari juda ulkan.
O‘tmishdan ma’lum, Xitoy kuchaygani sari yerini ham imkoni boricha kengaytirishga harakat qilgan. Bir manbada kuzatgandim, unda shunday qarash bor edi: «xitoyliklar uchun butun dunyo Uydir. Chet elliklar esa oddiygina «hali xitoylashmagan» odamlardir xolos(!)» Qolaversa, tarixdan ma’lumki, mazkur mamlakatga ko‘chib kelgan butun-butun xalqlar yoki bostirib kirgan qudratli qo‘shinlar vaqt o‘tishi bilan xitoylashib, millat sifatida yo‘q bo‘lib ketishgan. Chingizxonning nabirasi Xubilayxonni eslang; uning boshchiligidagi mo‘g‘ullar Xitoyda Yuan dinastiyasiga asos solib, imperiya poytaxtini Qoraqurumdan Pekinga ko‘chirishdiyu, biroq keyinchalik shu o‘lkada millat sifatida nom-nishonsiz yo‘qolib ketishdi. Xubilayxon nomini Xonbaliq deb o‘zgartirgan Pekin ham o‘z nomiga qaytdi…
Balki shuning uchun ham Xitoyga Ajdar timsoli berilgandir? Ajdar esa Xitoy afsonalarida suv, dengiz qudratining ramzi hisoblanadi. U uzoq vaqt uyquda bo‘lib, payti kelganda uyg‘onadi; ko‘kka ko‘tarilib, butun yer yuziga yopirilib tushadi; barcha Eskini yo‘q qilib, chetga supurib tashlaydi… Bugun Xitoy qaddini hali tiklaganicha yo‘q. Uning uchun hali hammaasi oldinda. Zero, Kelajak haqida xitoyliklarning faqatgina o‘ziga xos, boshqa millatlarnikidan tubdan farqlanuvchi tarixiy tushunchasi va unga yondashuvi mavjud. Ular uchun Ertangi Kun bugungisidan yomonroq, inqirozga yaqinlashayotgan Kun emas, balki, yangi, Ehtiyojlarni qondiradigan, Imkoniyatlarni ochadigan Kundir. «Porloq Kelajak» so‘zi Xitoy uchun xalqni harakatlantirishga undaydigan oddiygina «bong» yoki agitatsiya emas – u butun bir pozitsiyalarni harakatlantirishga asoslangan tabiiy bir paytdir.
Xitoyliklar boshqa xalqlardan keladigan deyarli barcha texnik va boshqa moddiy yangiliklarni tez o‘zlashtirib oladilar, hayotga tadbiq eta oladilar, biroq Chetning madaniyati va turmush tarzini juda qiyin hazm qiladilar. To‘g‘ri, ular sizning madaniyatingiz, tilingiz, yurish-turishingizga qiziqish bilan qarashadi, aytaylik, ko‘chada yursangiz yoningizda ketayotgan xitoyliklarning sizga qaratilgan, negadir ajablangan nigohini sezasiz. Biror joyga borsangiz, oldingizga kelib turli savollarga tutishadi va hokazo. Biroq bularning hammasi oddiygina qiziqish, xolos, bundan ortiq narsa emas. U sizga nisbatan mehmondo‘st va yaxshi ko‘makdosh bo‘lishi mumkin, biroq yaxshi «yo‘ldosh» bo‘lolmaydi. Aniqrog‘i, siz unga to‘g‘ri kelmasligingiz mumkin. Xitoylik uchun eng yaxshi «yo‘ldosh» faqatgina xitoylik bo‘la oladi. Aynan shuning uchun begona joylarda, xususan, AQShda «China Tovn»lar paydo bo‘ladi, yoki hech bo‘lmasa, xuddi Rossiyadagi holatdek, faqat xitoyliklar yashashi uchun katta-katta mehmonxonalar yoki yotoqxonalar butunligicha sotib olinadi…
Ko‘chada yurganingizda biror-bir xitoylik sizga qarab “hello” deyishi mumkin, lekin uning yoniga borsangiz, suhbatingiz uzoqqa cho‘zilmasligiga amin bo‘lasiz. Narsa sotib olayotganingizda pulingizni sanab bo‘lib, “O‘key” (yoki uning xitoycha «varianti» – «okayle») deyishlari mumkin, biroq bu ularning inglizchani bilishlaridan darak bermaydi. Shu o‘rinda qiziq holat: ko‘pchilik xitoyliklar nazarida hamma chet elliklar ingliz tilini mukammal bilishadi – siz bu tilda so‘zlay olmasligingiz ehtimoli ularni o‘ylantirmaydi ham. Bunday vaziyat kulgingizni qistashi tabiiy, biroq gap Xitoy vakillari haqida ketyapti, buni e’tiborga olish lozim. Fikrimcha, mazkur holatga boshqacha yondashuv bilan qarash kerak. Xitoy – bu Xitoy, uning uchun “tashqaridagi” davlatlar tili va madaniyatining, juda qo‘pol qilib aytganda, keragi yo‘q! U, aksincha, Butun Dunyo xitoychalab gapirishini hohlaydi! Chet ellik kun kelib, “hello” emas, “nihao” deb murojaat qilishini istaydi. Bugungi kunda bu oddiygina istak emas, katta bir Maqsadga aylandiki, bu borada ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Soddagina misol: bugungi kunda Xitoy chet elga eng ko‘p miqdorda o‘quv grantlari ajratayotgan davlat hisoblanadi.
Xitoyga kelishimdan oldin kuzatmaganim – ko‘chalarda odamlarning o‘z ishlari bilan shoshib harakatlanishlarini ko‘rib qoyil qolaman. Shunda xayolga bir narsa keladi: “bu yerga kelishimdan oldin ko‘chalarda uxlab yuradigan odamlarni ko‘rgan ekanman”. Nima bo‘lganda ham, bugungi xitoyliklar kelajakka katta ishonch bilan qarashmoqda. Millatning ruhi esa, shubhasiz, mamlakatning hayotiga ta’sir qilmay qolmaydi.
O‘z vaqtida Napoleon Bonapart Jahon Hamjamiyatiga qarata: «Xitoyni uyg‘otmang!» deb ketgan ekan… Biroq… Bir vaqtlar mustamlakachilar tomonidan xorlangan, o‘z yurtidagi darvozalarda “itlar va xitoyliklarga kirish man etiladi” degan yozuvni o‘qishga majbur bo‘lgan millat “uyg‘ona boshladii”…
Taniqli rus iqtisodchilaridan biri A.N.Anisimovichning keltirishi bo‘yicha, «Xitoy hozirda real iqtisodiy sektor hajmidan olib qaraganda “Markaziy davlat”ga aylandi”. Yana uning ta’kidlarini keltirib o‘tish joiz: “bu borada u AQShni allaqachon ortda qoldirgan. Xuddi AQSh o‘z vaqtida, Birinchi Jahon urushida iqtisodiy salohiyati orqali sobiq «Dunyo Egasi» Buyuk Britaniya imperiyasini mag‘lub qilganidek. Va bu oson va shovqinsiz – AQSh SSSR bilan kurashayotgan bir vaqtda, undan so‘ng, butun jahon bo‘ylab “demokratiya yoyuvchisi” rolini o‘ynayotganida ro‘y berib o‘tdi.
Bugungi kunda, Islom va Yevropa-Amerika sivilizatsion sistemalari bir-biri bilan kurashayotgan paytda XXR ham xuddi shunday, tabiiy ravishda, bu kurashning nihoyasidan qat’iy nazar, g‘olib davlatga aylanib qolmoqda».
Darhaqiqat, Xitoy tarixida kuzatilgan o‘ziga xos “xronologik” davr kelganga o‘xshaydi: ma’lum vaqtdagi tanaffusdan so‘ng, bu mamlakat yana o‘zining tarixiy o‘rniga qaytyapti. Jahon hamjamiyatida bu borada ko‘plab bahs va fikrlar tug‘ilmoqda. “Guardian” va “New Statesman”ning tahlilchisi Martin Jakning “Yangi davr Xitoyning kuchayuvi va AQShning inqirozini bashorat qilyapti” versiyasi asosiga qurilgan «Xitoy Jahonni boshqarganda» bestseller kitobi ham bu bahslarning kichik bir qismini o‘zida ifodalaydi.
Jahon iqtisodiy inqirozi sabab yirik-yirik korporatsiyalar bankrotlik e’lon qilayotgan bir paytda, xitoyliklar Britaniyaning obro‘li Mg Rover avtokorporasiyasini sotib olgach, AQShning «Hammer» avto-brendini ham xarid qilishga urindilar. Bundan natija bo‘lmaganidan so‘ng, Amerikaning «Ford»iga tegishli Shvetsiyaning «Volvo»sini sotib olib, nemislarning qimmatbaho lyuks-avtomobillar ishlab chiqaruvchi «Maybach» korporatsiyasini xarid qilishga tayyor ekanliklarini e’lon qilishdi…
Joriy Jahon iqtisodiy inqirozida Xitoy ulkan yutuqlari bilan butun dunyoni hayratda qoldiryapti. Hozirgi qaltis davrda ko‘pgina davlatlar ilgarigi «Butunjahon qalbaki mahsulotlar ishlab chiqaruvchi markazi» – Xitoyda o‘zining Qutqaruvchisini ko‘rmoqda. Qolaversa, AQShning Global Language Monitor tahlilchilari Xitoy iqtisodiyotini sobiq o‘nyillik (2000 – 2010)ning eng asosiy voqeasi deb e’lon qilishdi. Qayd etib o‘tish lozimki, mazkur «reyting»da Iroq va Afg‘oniston urushlari, «qonli 11 centyabr», 2008 – 2009 yillardagi Global iqtisodiy retsessiya Xitoy iqtisodiy «portlashi»dan keyingi o‘rinlarda turibdi. «The Daily Telegraph»ning keltirishicha, «Global Language Monitor»ning prezidenti Pol Peek bu borada shunday degan: «Xitoyning yangi iqtisodiy cho‘qqilarni zabt etishi Dunyodagi Xalqaro-global hayotga ta’sir qilayapti va Xitoy o‘z qudrati bilan bunday sistemaning Reformatori rolini boshqarmoqchi ekanini e’lon qilmoqda…»
Umuman, Xitoyning bugun erishayotgan cho‘qqilari ko‘p. Ularni uzoq davom ettirish mumkin. Shu bilan birga, bunday natijalar sabablari ham bisyor.
«Biz – millionlarmiz, biroq qalban yagonamiz» – XXRning davlat madhiyasida uchraydigan bu so‘zlar, fikrimcha, xitoyliklarning bugungi yutuqlarini ildizlarini o‘zida ifoda etadi. Ha, bugungi Xitoy nafaqat davlat harakatining natijasi, balki, salkam 1 yarim milliard odamdan iborat xalqning ham mevasidir. Katta avlod o‘zining 70-80 va hattoki, 90 yillik yoshiga qaramay, erta tongda badantarbiya qilib yurganini yoki Xitoy falsafasi bo‘yicha baxt va sog‘liq uyg‘unligiga erishtiruvchi “Taijichuan” sporti bilan shug‘ullanayotganini ko‘rib, “Keksa Xitoy” hech qachon qarimasligiga amin bo‘lasiz. Do‘konlarda biror-bir kitobni sotib olishga puli yetmasa, binoda qolib, zinapoyalarda o‘tirib shu kitobni mutolaa qilayotgan xitoylikka qarab, Xitoyning rivoji quruq omaddan iborat emasligini bilasiz. Aynan shunday mutolaaga ham yo‘l qo‘yilganini ko‘rib, qoyil qolasiz. Tan olish kerak, ajablanarli holat: kichik imtihondan o‘tolmaganidan yig‘layotgan talabani uchratganingizda, uch-to‘rt qavatli katta kutubxonalarda dars qilishga bo‘sh joy topolmaganingizda XXRning bugungi yutuqlari sababini topasiz…
Jaloliddin Sa’dinov