Butun dunyoda insoniyat his-tuyg‘ularini bayon etishida ba’zan “Ispancha uyalish” yoki “Ispancha uyat” («La Vergüenza Española»), ruschada «Ispanskiy stыd» terminlari tez-tez qo‘llanadi. Ispan tili izohli lug‘atida (Diccionario del uso del Español) “Ispancha uyalish” boshqalar tomonidan sodir etilgan xatti-harakatlar uchun o‘zgalarning qattiq uyalishni his qilishi, deb keltirilgan.
Bizga aloqasi yo‘q sharmandali holatda, yoki bir kishi o‘zini mutlaqo noo‘rin tutganda uning qilmishi uchun nega biz uyalishimiz kerak?! Va buning ispanlarga nima aloqasi bor, degan savollar tug‘ilishi tabiiy. Ispancha uyat hissi, albatta, geografik jihatdan cheklangan emas. Bu nafaqat Ispaniyada, balki butun Yevropa, Amerika va Osiyoda ham boshdan kechirilishi mumkin. Mazkur iboraning paydo bo‘lishi haqida quyidagi ikki xil nazariya mavjud:
1) “Ispancha uyat” iborasi haqidagi ilk nazariyaga muvofoq, ispanlar birinchi bo‘lib bunday his-tuyg‘ularni boshqalarning xatti-harakatlaridan kelib chiqadigan psixologik noqulaylik deb nomlashgan, hamda “kimdir uchun begona odamlarning uyalishi”, “begona uchun uyat” kabi terminologiyani qo‘llashgan.
2) Ikkinchi nazariyaga ko‘ra, bu ibora Injilga bog‘lanadi. Iso payg‘ambarni sotgan Yahudoning vijdon azobiga tushgani haqidagi afsonani eshitganmiz, bu qiynoqqa chidolmay u o‘zini terakka osadi. Mazkur xoinning o‘z joniga qasd qilish uchun aynan undan foydalanganligidan daraxt ham qattiq uyalgan deb rivoyat qilinadi. Ibroniychada terakning nomi “aspa” yoki “aspah” deb atalishi, keyinchalik bu leksema talaffuzi “hispano” so‘ziga o‘zgarib “La Vergüenza Española”ga aylanib ketgan, deb qaraladi.
Psixologlar insonlar nafaqat oila a’zolari yoki yaqinlari uchun, balki jinsi, terisining rangi yoki dini bir odamlarning qilg‘iliklari uchun ham yoqimsiz his-tuyg‘u – ispancha uyalishni his qilishi mumkin, deb keltiradilar. Bugungi globallashgan, ayniqsa axborot tarqalishi tezlashgan zamonda “ispancha uyalish”ni tez-tez kuzatmoqdamiz. Demak, bu bir kishi uchun, yoki bir to‘da, bir guruh, hattoki butun bir jamiyat uchun ham his qilinishi mumkin.
Vergüenza (uyat) so‘zi qatnashgan anchagina maqollar ham mavjud. Quyida ispancha, qavsda ma’nosi va o‘zbek tilidagi mazmuni yaqinroq variantlari ketma-ketlikda keltirildi:
Antes muerte que vergüenza (sharmanda bo‘lgandan o‘lgan yaxshi) – Uyat o‘limdan qattiq.
Cara a cara vergüenza se cata (yuzma-yuz uyat tatib ko‘riladi) – Yuz-yuzga tushar, Uyat – ichga.
Dejate la vergüenza atrás, y medrarás – (uyatni orqaga tashla, shunda omadga erishasan) – Bezning ishi – besh.
El amor destierra la vergüenza (sevgi uyatdan ustun) – Sevgining ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar.
La vergüenza una vez perdida, se perdió para toda la vida (bir marta yo‘qotilgan nomus bir umrga tatiydi) – Nomus o‘limdan qattiq; Boylik ketsa ketsin, or-nomus ketmasin; Joningni fido qilsang qil, nomusingni fido qilma.
Umuman olganda, “Vergüenza” kontekstga qarab o‘zbek tiliga uyat, nomus, or-nomus, sha’n kabi sôzlar orqali tarjima qilinishi mumkin. Ona tilimizda ham “uyat” tuyg‘usi aks etgan talay maqol-matallar mavjud:
Nojo‘ya ishdan yosh bola ham uyalar.
Obro‘ isitar – uyat kuydirar.
Uyat o‘limdan qattiq.
O‘g‘rining ishiga to‘g‘ri uyalar.
Betamizda uyat yo‘q, Ahmoqda – niyat.
Quyida esa “ispancha uyalish” aks etgan o‘zbek adabiyotidan misollar keltirildi:
– Boshingni eg, sharmanda, yo tosh bilan egib qo‘yaylikmi? Butun qishloqni nomusga o‘ldirding… Zildek so‘zlar quloqlarining yonidan toshlardan qattiqroq vizillab o‘tardi. Lekin yuz-ko‘zini qonga bo‘yagan toshlar ham, yuragini kemirgan so‘zlar ham bo‘ynini egdirolmadi (O‘. Usmon. Sazoyi)
– Kimsan! Nomusga o‘ldirding-ku! Zar do‘ppi kiysang qiz bola bo‘pqolasan! (O‘. Hoshimov. Ikki eshik orasi)
Dilrabo Baxronova