Hamid Habibullayev. Yilnomalar tarixidan (1989)

«Hurmatli redaktsiya. Men yil hisobi xususida, fasllar haqida, «chilla» to‘g‘risida ko‘pgina manbalarni eshitganman. Lekin, bu kalendar — yilnoma, sanalar hisobi meni taajjubga soladiki, uning tartibi turlicha. Goh milod, goh hijriy, goh Quyosh, goh Oy, goh Qamariy, goh Shamsiy yilnomalari bor. Shular va shunga o‘xshash yil hisoblari xususida batafsilroq malumot berishlaringizni istar edik. Mardonbek Toshev»

Bu kabi savollar ko‘pchilikni qiziqtirishi shubhasiz. Ba’zan yil hisobida anglashilmovchilikka ham duch kelinadi. Adashmaslik uchun har yili o‘zbekcha uy kalendarlarida «Yilnoma» haqida qisqacha ma’lumot berilib boriladi. Lekin, bu manba yil hisobiga qiziquvchilarni hamisha ham qanoatlantiravermaydi. Haqiqatan ham, bu boradagi chalkashliklarni oydinlashtirish kerak.

Xo‘sh, Milod qachondan boshlangan?

Abu Rayhon Beruniyning «Osor al-boqiya» — «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida xabar berishicha, O‘rta Osiyo xalqlari eronliklar bilan bir qatorda zardushtiylik (otashparastlik) dinining yarim afsonaviy asoschisi Zardusht ibn Safid Tumon yuzaga chiqishidan o‘z tarixlarini boshlaganlar. Bu taxminan eramizdan avvalgi 670 yillarga to‘g‘ri keladi.

Evropa mamlakatlarida xristianlik yoyila boshlagan dastlabki yillarda turli yil hisoblari qo‘llanilgan. Ular bir-biriga mos kelmasdi, oqibatda xalqlarning o‘zaro madaniy aloqalarida, kundalik turmushda ancha-muncha chalkashliklar yuzaga kelardi. Shu sababli turli yil hisoblariga barham berib, yagona yilnomani tuzish lozim bo‘lib qoladi. Bu yil hisobi milod deb ataldi. Uning ma’nosi quyidagichadir.

Milod (arab tilida tug‘ilish) yangi era — ko‘pgina mamlakatlar tomonidan qabul qilingan yil hisobining boshi va yil hisobi tuzilishi. Milodiy yil afsonaviy Iso payg‘ambarning (Iisus Xristos)ning tug‘ilishidan hisoblanadi. Xristianlik tarqala boshlashi «olam yaratilish» erasi — Diokletian erasi ham deyiladi. Bu borada Iso payg‘ambarning tarixiy shaxs ekanligini isbotlash maqsadida rimlik monax Dionosiy Diokletian erasining 248 yilida «bundan 526 yil muqaddam Rim barpo qilinishining 753 yili Iso payg‘ambar tavallud topgan» deb e’lon qiladi va tarix shu sanadan boshlanishi lozim deydi. Aslida esa, Iso payg‘ambarning tug‘ilgan kuni haqida asosli hech bir dalil yo‘q.

Hozir amal qilayotgan kalendar milodiydir. Bu kalendar, eramizdan oldin 46 yilda Rim imperatori Yuliy Sezarning iltimosiga ko‘ra, aleksandriyalik astronom Sozigen tuzgan yilnomaga asoslangandir. Unda yilning uzunligi 365 kun 6 soat deb olingan. Asrlar o‘tgan sari bu yilnomaning xatosi borligi sezila boshladi. 1551 yilga kelib, astronom Erazm Reyngold bir yilning uzunligini ancha katta aniqlik bilan topdi. N. Kopernik tadqiqotlariga suyangan Reyngoldning aniqlashicha, bir sutka 24 soat; bir oy 29 sutka 14 soatu 3 minut; bir yil esa 365 kun 5 soat 48 minutu 46 sekund. Bu esa Yuliy Sezar yilnomasidagi yil uzunligidan 10 minutu 44 sekund qisqa. Bundan ancha oldin nashr qilingan Alfons jadvaliga ko‘ra, bu xatolik 10 minutu 36 sekundni tashkil etadi. Shuning uchun ham XVI asrda Rim papasi Buankam panyu (tarixda Grigoriy XIII nomi bilan tanilgan) topshirig‘iga ko‘ra, Luidji Lilio Yuliy yilnomasining o‘rtacha xatoligini 10 minutu 40 sekund deb oldi.

Quyosh yilnomasi qadimgi Misrda — biz yashayotgan eragacha, 4 ming yil oldin paydo bo‘lgani haqida manbalar bor. Bu yilnoma asosida bir qancha milliy xalq yilnomalari vujudga kelgan. Hind, Yulian, Grigorian yilnomalari shular jumlasidandir.

Shunday qilib, milodiy yilnomaning yangi loyihasi qachondan kuchga kirgan?

1576 yilda yangi yilnoma loyihasi tayyor bo‘ldi va Grigoriy XIII tomonidan tuzilgan astronomlar va ruhoniylardan iborat komissiya mazkur loyiha bilan tanishib chiqqach, 1582 yili Rim papasi maxsus isloh bilan uni qabul qildi. Bu yangi yilnoma Grigoriy nomi bilan ataldi.

Bizga rus tili orqali kelgan «kalendar» so‘zining o‘z ma’nosi bor. Ya’ni «kalendar» so‘zi lotincha bo‘lib, «qarzdorlik kitobi» ma’nosini bildiradi. Qadimgi Rimda har oyning birinchi kunida «qarzdorlik kitobi»ga nomi tushganlar qarzi uchun ma’lum ustama to‘laganlar. Keyinchalik «kalendar» so‘zi boshqacha tus olgan va «yilnoma» ma’nosida ishlatila boshlagan.

Oy va Quyosh yilnomalarining ham o‘ziga xos ma’nosi va farqi bor.

Uzoq muddatli vaqt oraliqlarining kunlar, haftalar, oylar va yillar bo‘yicha solingan tartibi, «yilnoma», «taqvim», «kalendar» deyilib, ularni tuzish, osmon jismlaridan Quyosh, Yer va Oy aylanma harakatining davrlariga asoslangan. Eslatilgan osmon jismlaridan birontasining davri ikkinchisiniki bilan aniq, ya’ni qoldiqsiz o‘lchana olmaydi. Masalan, Yerning Quyosh atrofidagi aylanish davri (bir yilni sutkalarda ifodalasak, taxminin 365,25 sutka chiqadi. Bunda qoldiq 6 soatga teng bo‘ladi. Bir yilni Oyning Quyosh atrofida aylanishi (Quyoshga nisbatan) davri hisoblanganda, u 12 oyu va yana 11 (ayrim hollarda 10 yoki 12) sutka qoldiq qoladi. Bir oy kunlar bo‘yicha ifodalanganda, 29 sutkayu, yana 12 soatdan ko‘proq vaqt qoldiq sifatida ortib qoladi. Demak, yilnomalar qaysi osmon jismining aylanishi davri asos qilib olinishiga ham bog‘liqdir.

Oyning Yer atrofida aylanish davri 29,53 sutka yilnoma uchun asos qilib olinsa, u Oy yilnomasi deyiladi. Oy, arabchasiga qamar, demakdir. Qamariy yilnomasi shu so‘zdan kelib chiqqan. Bordiyu, Quyoshning Yer atrofidagi ko‘rinma harakatining (bu Yerning Quyosh atrofidagi harakati tufayli sodir bo‘ladi) davri asos qilib olinsa, bu Quyosh yilnomasi deb ataladi. Quyosh arabchasiga Shams, ya’ni Shamsiy yilnomasi ana shu so‘zdan paydo bo‘lgan.

Quyosh va Oy yilnomalarining farqiga kelganimizda, Quyosh yilnomasi milodiy yilnoma hisobida qo‘llaniladi, Oy yilnomasi esa musulmonlar yoki Muhammad yilnomasi deyiladi. Quyosh yilnomasi borasida so‘z yuritganimiz tufayli endi Oy yilnomasiga to‘xtalmoqchimiz.

Oy yilnomasi Muhammad payg‘ambar Makkadan Madinaga ko‘chib o‘tgan yilning boshidan hisoblanadi. Bu Grigorian kalendariga muvofiq 622 yilga to‘g‘ri keladi. Arabchada ko‘chib o‘tmoqni — «hijrat» deyiladi. Shu sababli Oy taqvimi, yilnomasi Hijriy deb ataladi. Hijriy yilnomasiga ko‘ra, bir yilning uzunligi 354 yoki 355 kun bo‘lganidan, unda yangi yilning boshlanishi, hozir biz ishlayotgan Quyosh yilnomasiga to‘g‘ri kelmaydi. Oy yilnomasida yil fasllari ham bizning hozirgi oylarga mos tushmaydi va fasllarning boshlanishi bir oydan ikkinchisiga ko‘chib yuradi. Hijriy yil hisobida oylar nomi quyidagicha:

1. Muharram — 30 kun — Ashir oyi; 2. Safar — 29 kun — Safar oyi; 3. Rabi-al-avval — 30 kun — To‘rt og‘a-inining birinchi oyi; 4. Rabi-as-sani — 29 kun — To‘rt og‘a-inining ikkinchi oyi; 5. Jumadi ul-avval — 30 kun — To‘rt og‘a-inining uchinchi oyi; 6. Jumadi us-sani — 29 kun — To‘rt og‘a-inining to‘rtinchi oyi; 7. Rajab — 30 kun — Mohirajab oyi; 8. Sha’ban — 29 kun — Barot oyi; 9. Ramazon — 30 kun — Ro‘za oyi; 10. Shavval — 29 kun — Hayit oyi; 11. Zulqa’da — 30 kun — Oray oyi; 12. Zulhijja — 29 yoki 30 kun — Qurbon oyi.

Avval eslatib o‘tganimizdek, Quyosh yilnomasi bo‘yicha 622 yil 16 iyul juma kunidan hijriy yili Grigorian kalendaridan 1011 kun oldin boshlanadi. Demak, yil yakuniga ko‘ra, har 100 yilda hijriy oy yili Quyosh yilnomasidagi hisobdan 3 yilga qisqaradi. Bu raqam 1000 yilda 30 yilni tashkil etadi. Shuning uchun ham hijriy oy yilnomasi milodiy Quyosh yilnomasi bilan solishtirilganda, har 100 yilda 3 yil chiqariladi:

Masalan: 1405—42+ 622=1985

Endi, Oy yilnomasini chiqarishda bu formula teskari holda qo‘llaniladi. Masalan: 1985— -622+42=1405

Oldingi yilnomalardan tashqari, asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanuvchilarning o‘z hisoblari ham mavjud. Bu yil va fasllar hisobini xalq hisobi ham deb ataladi. Hisob quyidagicha olib boriladi:

  1. DALV.

3 kun — oyoq tirnoqlari yoki barmoqlari; 3 kun — tirnoqdan to‘piqqacha; 3 kun — to‘piqning o‘zi; 3 kun boldir; 3 kun boldir muskuli; 3 kun — tizza osti.

  1. XUT.

3 kun — tizza; 3 kun — son; 3 kun — jinsiy a’zolar; 3 kun — orqa; 9 kun ichak; 9 kun — qobirg‘a.

III. HAMAL.

3 kun — yurak; 3 kun — qorin; 3 kun — yurak bog‘lami yoki yurak payi; 3 kun — ko‘krak; 3 kun — qo‘ltiqosti; 3 kun — yelka; Zkun — iyak; 3 kun — lablar va tishlar.

  1. SAVR.

3 kun — burun; 3 kun — quloq; 3 kun — ko‘z; 3 kun — tepa yoki bosh; 3 kun — miya.

Shu bilan bahor faslining 40 kuni — «chillasi» boshlanadi.

Savrning 17-kunidan javzoning oxirigacha 46 kun. Yana qirqlik davom etadi. Bu bilan yozgi «chilla» — 40 kunlik boshlanadi. Saratonning birinchi kunidan boshlanib, asadning 13-kunida tamomlanadi. Asadning 14-kunidan boshlab, vaqt-kunlar yana odamning a’eoyi qismlari bilan hisoblanadi. Bu oldingi holatning teskarisi bo‘lib, boshdan oyoqqa qarab boradi. Shundan keyin esa kuzgi «40 kunlik» boshlanadi. Aqrabning 18-kunidan, ya’ni 12 kun oladi va qavsning 29 kuni bilan yakunlanadi va ja’mi 41 kunni qamraydi. Shu bilan xalq hisobida vaqtni inson a’zolari qismi bilan hisoblash yakunlanadi.

Fasllar oylari quyidagicha nomlanadi:

Qish: Jadd, Dalv, Xut

Bahor: Hamal, Savr, Javzo

Yoz: Saraton, Asad, Sunbula

Kuz: Mezon, Aqrab, Qavs.

Bulardan tashqari, muchal hisobi ham bor. Sharq xalqlari ichida keng tarqalgan yil hisobi bo‘lib, bir muchal 12 yilga tengdir. Ammo, birinchi marta muchal 13 yoshda keladi. Muchal hisobida 12 yil, o‘n ikki hayvon (jonivor) nomi bilan ataladi.

Milod hisobida muchal yili 21 yoki 22 martdan boshlanadi. Muchal

hisobida odamning yoshi ona qornida paydo bo‘lgan kunidan hisoblanadi. Shuning uchun ham muchal ag‘darilganda, tug‘ilgan yilga 9 raqami qo‘shiladi (bu ona qornidagi 9 oydir) yig‘indi 12 ga bo‘linadi. Qoldiq son muchal yillarining tartib raqamini bildiradi. Masalan:

1940+ 9=1949 1949:12=162, qoldiq 5.

Demak, bu odam beshinchi jonivor nomi bilan ataluvchi — baliq yilida tug‘ilgan.

MUChALDAGI 12 JONIVOR NOMI

(Qavs ichida forsiy nomlari berilgan)

1. Sichqon (Mush); 2. Sigir (Baqar); 3. Yo‘lbars (Falang); 4. Quyon (Hargush); 5. Baliq (Nahang); 6. Ilon (Mor); 7. Ot (Asp); 8. Qo‘y (Go‘sfand); 9. Maymun (Hamduna); 10. Tovuq (Murg‘). 11. It (Sak); 12. To‘ng‘iz (Ho‘k).

Tarixiy va muhim yillarni bilishda boshqa hisob ham mavjud Bu hisobni arab alifbesining 4 harfi — (alif, be, jim, d) qo‘shilib «abjad» hisobi deb atashadi. «Abjad» hisobida arab alifbesining 28 harfi, ma’lum bir sonlar belgisini bildiradi.

Birinchi o‘n harfida 1 —10 gacha bo‘lganlar. So‘ng 10-harfidan boshlab, sonlar ortiga qo‘yiladi. Bunda 10, 20, 30 va hokazolar hosil bo‘ladi. Ya’ni «Abjad» hisobi quyidagicha aniqlanadi:

ا             1             ح             8             س             60           ت             400

ب             2             ط             9             ع             70           ث             500

ج             3             ي             10           ف             80           خ             600

د             4             ك             20           ص             90           ذ             700

ه             5             ل             30           ق             100         ض             800

و             6             م             40           ر             200         ظ             900

ز             7             ن             50           ش             300         غ             1000

Ushbu jadval hisobida harflar belgisidagi sonlar qo‘shilib, istalgan yilni, kunni Quyosh va Oy yilnomalari bo‘yicha topish mumkin. «Abjad» yo‘lida hisoblashni osonlashtirish uchun 28 ta arab alifbesidagi harflarni sun’iy ravishda 8 qismga bo‘lib olmoq kerak.

Ma’lumki, 21 martda kunduz bilan kecha tenglashadi. Bu bahor faslining boshlanganidan darak beradi. Odatda, bu faslda dehqonchilik yumushlariga kirishiladi. Bu kun qishloqlaru shaharlarda doshqozonlarda sumalagu halimlar pishiriladi. Odamlar bu tansiq taomlardan tanovvul qilishib, qishki toliqishdan bahorga sog‘-omon yetib kelganliklarini ommaviy bayram qiladilar. Necha kun milliy xalq sayillari davom etadi. Navro‘zdan yangi muchal yili boshlanadi.

Quyosh yilnomasi jahonda xalqaro kalendar deb ham nom oldi. Bu yilnoma hisobida ko‘p vaqtlar 1 mart yangi yil hisoblangan. So‘ngra yangi yil 1 sentyabrga ko‘chirilgan paytlar ham bo‘lgan. 1699 yil 15 dekabrda Petr I yilnoma islohini o‘tkazdi va shunga ko‘ra 1700 yil 1 yanvardan yangi yil hisobi boshlandi.

Rossiyada bu yilnomaga Ulug‘ Oktyabr inqilobidan keyin — 1918 yilning 1 fevralida o‘tildi. Bu davrga kelib, Yuliy yilnomasining xatoligi 13 sutkaga yetgan edi. Shuning uchun ham Xalq Komissarlari Sovetining 1918 yil 25 yanvardagi Dekretida: «…31 yanvar seshanba kunining ertasi 1 fevral o‘rniga 14 fevral chorshanba qabul qilinsin», deyilgan edi. Bu yilnoma amalda qo‘llanib kelinmoqda.

Yangi yil hamma joyda har xil paytda kutib olinadi. Masalan, Bali oroli va Indoneziyada yangi yil har xil vaqtlarda kutiladi. Ularning mahalliy yilnomasida bir yil 210 kundan iborat. Yangi yil shodiyonasi Efiopiyada 11 sentyabrda, Birmada 17 aprelda, V’etnamda fevral oyida, Malayziyada 4 martda o‘tkaziladi. Avval yevropachasiga, so‘ng hindchasiga, yana xitoycha va musulmoncha. Inklar esa yaigi yilni 22 dekabrda bayram qiladilar.

Hozir, bizning hisobimizga ko‘ra 1989 yil. Yaponlarda esa «63-Syova yili». Ularda 63 yil muqaddam, 1926 yilda imperator Xoroxita taxtga o‘tirgan. Shu yildan boshlab Yaponiyada milliy yil hisobi kuchga kirgan. Eronda hozir 2546 yil. Chunki, qadimgi Eron shohi Kayxusrav shuncha yil oldin taxtga o‘tirgan ekan.

Yillar kelib ketaveradi, asrlar barpo bo‘laveradi. Lekin yillar ham, asrlar ham xalq ya’ni odamzod uchun xizmat qiladi.

«Guliston» jurnali, 1989 yil, 3-son