Ro‘yxatga minoralar qo‘shilmadi, faqat osmono‘par binolar — uylar kiritildi (Shu sababli, masalan, Moskva va Torontodagi yuksak teleminoralar ushbu ro‘yxatda yo‘q). Garchi nomlarida «minora» (Tower) so‘zi ishlatilgan bir qator binolar ham bor bo‘lsada, ular aslida turar-joy va ofis binolaridir. Shunchaki, juda ham baland va ko‘p qavatli bo‘lganligi tufayli «minora» so‘zi ham nomlariga qo‘shilgan.
AQSh baland binolar ko‘pligi bo‘yicha hamon yetakchilikni qo‘ldan bermayapti — dunyodagi eng baland 100 ta binodan 40 tasi Qo‘shma Shtatlarda joylashgan. Osmono‘par binolari ko‘p shaharlar ichida ham yetakchilar AQShdan —Nyu-Yorkda – 12 ta va Chikagoda – 10 ta. AQShdan ro‘yxatga, shuningdek, Atlanta (3 ta), Xyuston (3 ta), Filadelfiya (2 ta), Los-Anjeles (2 ta), Dallas (2 ta), San-Frantsisko, Klivlend, Sietl, Pittsburg, Sharlotta va Indianapolis (1 tadan) shaharlari ham kirgan.
Baland binolari ko‘pligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni Xitoy egallagan. Albatta, yaqinda qo‘shib olingan Gonkong Xitoyning bunday o‘ringa ko‘tarilishiga asosiy sababchi bo‘ldi. Yuzlikka kirgan 22 ta eng baland Xitoy binolarining 9 tasi Gonkongda, 4 tasi Shanxayda qad ko‘targan. Poytaxt Pekinda ushbu shaharlar binolari bilan «bellashadigan» imoratlar topilmadi. Darvoqe, Vashingtonda ham, negaki, bu yerda Kapitoliy binosidan baland imorat qurish qonun yo‘li bilan taqiqlangan.
Ekspertlar yer yuzidagi eng baland bino deb Taipei 101 ni tan olishdi. Tayvan ma’muriy markazidagi bu bino 101 qavatli bo‘lib, 509 metr balandlikka ega. Qavatlar hisobi bo‘yicha esa ro‘yxatdagi 4-bino — Chikagodagi 1974 yili qurilgan 442 metrli Sears Tower 1-o‘rinni band etadi – 110 qavat.
1931 yili foydalanishga topshirilgan, o‘sha yillari jahonning eng yuksak binosi bo‘lgan Nyu-Yorkdagi Empire State Building (102 qavat, 381 metr, 9-o‘rin) eng «keksa» osmono‘par imorat hisoblanadi.
Ro‘yxatdan 18 ta davlatda qad ko‘targan 100 ta eng baland bino o‘rin olgan bo‘lsa, shundan AQShdan 40 ta, Xitoydan – 22 ta, Malayziya, Singapur, Yaponiya va Birlashgan Arab Amirliklaridan – 4 tadan, Tayvan, Janubiy Koreya va Kanadadan – 3 tadan, Germaniya, Avstraliya, Tailand va Saudiya Arabistonidan – 2 tadan. Rossiya, Shimoliy Koreya, Indoneziya, Filippin va Isroil – 1 tadan osmono‘pari bilan ro‘yxatga kirgan.
Qit’alar bo‘yicha olganda, yuzlikning 52 tasi – Osiyo, 43 tasi Amerika, 3 tasi – Yevropa va 2 tasi Avstraliyada joylashgan.
Muhammad Bobur
Jahonning eng osmono‘par binolari ro‘yxati:
№ | Bino | Shahar, davlat | Qurilgan | Qavat | Baland, m |
1 | Taipei 101 | Taybey, Tayvan | 2004 | 101 | 509 |
2 | Petronas Tower 1 | Kuala-Lumpur, Malayziya | 1998 | 88 | 452 |
3 | Petronas Tower 2 | Kuala-Lumpur, Malayziya | 1998 | 88 | 452 |
4 | Sears Tower | Chikago, AQSh | 1974 | 110 | 442 |
5 | Jin Mao Building | Shanxay, Xitoy | 1999 | 88 | 421 |
6 | Two International Finance Centre | Gonkong, Xitoy | 2003 | 88 | 415 |
7 | CITIC Plaza | Guanchjou, Xitoy | 1996 | 80 | 391 |
8 | Shun Hing Square | Shenchjen, Xitoy | 1996 | 69 | 384 |
9 | Empire State Building | Nyu-York, AQSh | 1931 | 102 | 381 |
10 | Central Plaza | Gonkong, Xitoy | 1992 | 78 | 374 |