Ispan, ingliz va frantsuzlar Amerikaga kela boshlaganlarida bu qit’ada ilgari hech ko‘rmagan o‘simlik, hayvon va joylarni uchratdilar. Yangi kelganlar Amerikaning tub joy qabilalari tillaridagi joy nomlarining aksariyatini qabul qildilar. Ushbu so‘zlarning ko‘pchiligi ispan, ingliz va boshqa jahon tillari lug‘atlariga kiritilgan va shu bois hamma ham ularning kelib chiqishini bilavermaydi. Bu bitikda bir nechta AQSh toponimlari haqida qisqa ma’lumot joyladik.
Konnektikut (Connecticut) – Mohegan qabilasi tilida “uzun daryo” ma’nosini anglatuvchi “quinnitukqut” so‘zidan olingan.
Gavayi (Hawaii) – mahalliy “hawai’i” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “xudolar joyi” deganidir.
Kanzas (Kansas) – Kanza qabilasini bildiruvchi “kansa”dan olingan. Bu nom “janub” degan ma’noni anglatadi va “Janub shamoli odamlari” qabilasining to‘liq nomining qisqartirilgan shaklidir.
Kentukki (Kentucky) – “kentake” so‘zidan olingan, “o‘tloq” yoki “dala” mazmunidadir.
Massachusets (Massachusetts) – vampanoag hindularining “massachuset” so‘zidan kelib chiqqan, “qir-adirlar yonida” degan ma’noni anglatadi.
Michigan (Michigan) – Potavatomi va Ojibva qabilalari tillaridagi “mshigem” yoki “misigami” so‘zlaridan kelib chiqqan, “buyuk ko‘l” mazmunidadir.
Oklaxoma (Oklahoma) – chosto tilidagi “okla homma” so‘zidan, “qizil (yuzli) odamlar” degan ma’noni anglatgan.
Shimoliy Dakota va Janubiy Dakota (Dakota) bu hududdagi eng qadimgi Dakota qabilasi sharafiga nomlangan, u “do‘stlar” yoki “ittifoqdoshlar” degan ma’noni anglatadi.
Bunday toponimlar juda ko‘p. Tahlillar Amerikadagi tubjoy aholining “eski dunyo”dan borgan xalqlar tili, tarixi va madaniyatini shakllantirish va boyitishga qo‘shgan ulkan hissasini ko‘rsatadi.
O‘zbek tiliga ham Yevropaliklar Amerika qabilalari tilidan olib kelgan talay so‘zlar “tashrif buyurgan”. Masalan, kakao, shokolad, kanoe, tomat, kondor, iguana, koyot, puma, yaguar va hokazo. Jumladan, shokolad “xococ” (achchiq) va “atl” (suv) so‘zlaridan kelib chiqqan. Qadimda atsteklar bu ikkisini qo‘shib maxsus ichimlik tayyorlashgan.
Dilrabo Baxronova