Kopernik kim bo‘lgan?

Ba’zan, ahyon-ahyonda, shunday bir kishilar paydo bo‘lishadiki, ular bizning hayot haqidagi va butun olam haqidagi tasavvurlarimizni mutlaqo o‘zgartirib yuboradilar. 1473 yilda tug‘ilib 1543 yilda vafot etgan polyak astronomi Nikolay Kopernik ana shunday insonlardan biri edi.

U paytlarda astronomlar Yer dunyoning markazi deb o‘ylar edilar. Bu g‘oya 2 asrda yashab o‘tgan qadimgi yunon olimi Ptolemeyga tegishli edi. Uning nuqtai nazari yuzlab yillar davomida haqiqat hisoblanib kelgan. Ptolemeyning ta’kidlashicha, Yer harakatsiz holatda bir joyda turadi, bahaybat yassi jismlardan tashkil topgan osmon esa uning atrofida aylanadi.

Kopernik tomonidan tuzilgan dunyoning ko‘rinishi esa mutlaqo boshqacha edi. Uning xayoliga shunday fikr keladi: Ptolemeyning Yer qimirlamay bir joyda turadi, Quyosh esa uning atrofida aylanadi deyishiga sabab: qadimgi yunon allomasi har kecha Katta ayiq turkumidagi yulduzlarning sekin asta Qutb yulduzi atrofida aylanishini kuzatishi bo‘lgan.

Kopernik Quyoshning aylanishi to‘g‘risidagi noto‘g‘ri tasavvur Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishi tufayli paydo bo‘lishini anglab yetgan. U bizning sayyoramiz koinotning mayda zarrasidan iborat bo‘lib u boshqa sayyoralar kabi Quyosh atrofida aylanadi, degan xulosaga keladi.

Kopernikning nazariyasi 16 asr uchun o‘ta inqilobiy bo‘lib chiqdi. U o‘zining ushbu nazariyasi boshqa olimlar, ayniqsa — cherkov tomonidan qarshilikka uchrashini yaxshi tushunardi, chunki cherkov ham Yer — dunyoning markazi deb ta’lim berardi-da. U o‘z ilmiy ishlarini umrining oxiridagina chop ettirdi, shunda ham mazkur g‘oyalarning asl haqiqat deb hisoblanishini qat’iy talab qilmasligi haqida kitobiga ilova kiritdi.