Halima Ahmedova. Sen – ko‘rkam va go‘zalsan, mehribon va muruvvatlisan… (badia)

Bolaligimda bibimning uzun va uchi qo‘ng‘iroq sochlarini ushlab yurishni yaxshi ko‘rardim, undan doim qalampirmunchoqning hidi anqirdi. Bibim juda xushro‘y edi. Ayniqsa, joynamoz ustida yanada suluvlashib ketardi.
Namozini tugatgach, undan so‘rardim:
– Dunyoda eng chiroyli kim?
Bibim ko‘zlariga to‘lgan nurning tilida ikkilanmay:
– Olamdagi eng go‘zal zot Allohdir, – derdi…
O‘shanda hammadan chiroyli, ko‘rkamligingni bilganman.

* * *

Urush ko‘rgan bobomning xotiralarini titkilashdan zavq topardik, holi-joniga qo‘ymay gapirtirardik. U xotiralarini so‘zlab turib, bir voqeaga yetganda bo‘g‘ziga ko‘z yoshi tiqilib qolardi:
…Tezoqar daryoning bo‘yidagi nemis qishlog‘iga ellikka yaqin askar kirib bordik. Bizga shu qishloqni qolgan-qutgan fashistlardan tozalash buyurilgan edi. Biz avtomatlardan tinimsiz o‘q otib boryapmiz. Bir mahal xaroba uyning ichidan ikki go‘dagini ikki qo‘lida mahkam quchoqlagan nemis ayoli chiqdi, u yugurgancha shiddat bilan oqayotgan daryo tomon oshiqardi. Beixtiyor o‘q otishni to‘xtatdim va sheriklarimga o‘girilib qaradim, ular ham otishdan to‘xtagan edi. Faqat ukrainalik yigit hamon otar va baqirardi:
– Mana bu singlim uchun, bunisi onam uchun…
Uning qo‘lidan birgalashib avtomatni tortib oldik. Yigit alamzadalik bilan o‘kirib yig‘lardi.
Nemis ayoli esa bolalarini quchoqlagancha o‘zini daryoga otdi va narigi qirg‘oqqa suzib o‘tmoqchi bo‘ldi. Biz tahlika ichida uni kuzatardik.
Ayol daryoni kechib o‘tishda ancha mashaqqat chekdi, uzoq urindi, oxiri sohilga yaqinlashganda ikki bolasini qirg‘oqqa yumalatib yubordi, ammo o‘zini qutqarishga majoli yetmadi, u oqib ketarkan o‘z tilida nimadir deb baqirdi. Shunda sohilga tutashgan o‘rmon ichidan bir erkak yugurib chiqdi-da, ikki bolani olib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. O‘sha nemis ayolining ikki bolasini ko‘tarib, oyoqlari bilan jon holatda suzgani hali-hali xayolimdan ketmaydi…
Bobom ushbu voqeani gapirib bo‘lganidan so‘ng uzoq sukutga cho‘mar, yuzidagi ajinlar ariqchaga aylanib, ko‘z yoshi oqardi.
Biz uni ovutardik:
– Bobojon, bobojon, siz dunyodagi eng mehribon odamsiz…
Bobom esa ko‘kka ishora qilardi:
– Eng mehribon, rahmdil Allohdir. Mehrni ko‘ngilga u soladi…
Yagona mehribon Zot ekanligingni bolaligimdanoq anglaganman.

* * *

O‘quvchilik paytlari sinfimizda g‘irt bezori Jalol degan bola o‘qirdi. U hech kim va hech narsadan qo‘rqmas edi, doim yuzi qashqa bo‘lib yurardi. Maktabda biror noxush voqea yuz bersa undan ko‘rishardi. Hech kimga qo‘shilmasdi. Biz undan qo‘rqardik. Hatto bir gal o‘ziga oro berib yuradigan, jahli tez, barchamiz hayiqadigan rus tili muallimasining yuziga tik qarab:
– Siz yomon ayolsiz, dadamni tinch qo‘ying, – deb sumkasini ko‘targancha sinfdan chiqib ketgan. Ha, u kuchli edi, shundanmi o‘ziga haddan ortiq ishonardi.
Bir kuni tanaffus paytida sinfimiz oynasini kimdir sindiribdi. Tabiiyki, maktab direktori sinfga kirib gunohkor sifatida Jalolga qo‘lini bigiz qildi:
– Ayt, qachongacha sening bema’ni qiliqlaringga chidaymiz, – dedi.
Jalol shart o‘rnidan turdi-da:
– Bu mening ishim emas, nega har doim hamma aybni menga to‘nkaysizlar, – dedi tishlarini g‘ijirlatib.
Maktab direktori gapida turib oldi. Shunda Jalol to‘rt tomonga jovdirab boqdi. (Shu pallada u juda nochor edi) va qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib chinqirdi:
– Xudo ursin, agar derazani sindirgan bo‘lsam…
Barcha kuchlilardan ko‘ra kuchli, qudratli ekaningga bezori sinfdoshimning shu bir og‘iz gapi meni ishontira olgan…

* * *

Bola edim, shabbodaning etagidan ushlab o‘t-o‘lanlar ichida yugurib yurardim. So‘zanaklarni tutib, qanotidagi quyoshda tovlangan ranglarni tomosha qilib zavqlanardim. Onam tikib bergan egnimdagi kashtali ko‘ylak gulini bog‘imizdagi gullarga qiyoslardim. Va bor ovozim bilan hayqirardim:
– Onamning gullari chiroyli, onamning gullari chiroyli.
Bir kuni darvozamiz oldida dugonalarim bilan dadam shahardan olib kelgan, sochlari qo‘ng‘iroq qo‘g‘irchog‘imni o‘ynab o‘tirganimda doim kir-chir yuradigan, ko‘ylagiga ustma-ust yamoq solingan Sharofat davramizga qo‘shildi. Va dugonalarim qo‘lma-qo‘l o‘ynayotgan qo‘g‘irchog‘imga qo‘l cho‘zdi. Negadir uni jinim suymas edi, darrov qo‘g‘irchog‘imni tortib oldim-da:
– Sharofat – juldur, Sharofat – juldur, – deb baqira boshladim, dugonalarim ham menga qo‘shildi.
Baqir-chaqirimizni eshitgan onam ichkaridan yugurib chiqdi, chetda mung‘ayib yig‘layotgan Sharofatga ko‘zi tushgach, hamma narsani tushundi, shekilli, yuzimga shapaloq tortib yubordi, ko‘zimdan olov chiqib ketdi. -So‘ngra qo‘limdagi qo‘g‘irchog‘imni tortib oldi-da, Sharofatga uzatdi:
– Ol, qizim, bu senga…
Beg‘ubor olamimga mavhum changday yopirilib kelayotgan kibr bir zumda to‘zg‘ib ketdi.
Yuzimga ilk bor shapaloq tushirgan va Sharofatga mehr uzatgan qo‘llar onamning emas, aslida sening qo‘llaring edi…

* * *

Bahor kunlarining biri edi. U o‘zining afsungar nafasi bilan har gal meni xayolparastga aylantirardi. Maktabga borayotib yovvoyi gullar ifori, turli-tuman qushlarning nag‘masiga chalg‘ib darsga kechikdim. Birinchi darsni jahldor, alamzada kimyo muallimi o‘tardi. U kech qolganlarni kimyo jadvalini ko‘rsatadigan tayog‘i bilan ayovsiz savalar, qolganiga bir soat burchakka tik turg‘azib qo‘yardi. Sinf eshigini ochdimu uning g‘azab ko‘r qilgan nigohiga to‘qnashdim. Azbaroyi qo‘rqqanimdan yig‘lab yubordim va tilimni yolg‘on bulg‘adi:
– Muallim, onam og‘ir yotibdilar, ularga qaradim.
Muallimimiz ayolligiga borib yumshadi:
– Bor, o‘rningga o‘tir, boshqa kech qolma!
Darsda o‘tiribmanu butun jismu jonim yonadi, hatto suyaklarimgacha qizib ketaman.
Darslar tugagach, uyga qarab yugurdim. Yugurib borayotib, butun vujudimni allaqanday qo‘lansa yuk bosganini sezaman, xuddi hech qachon cho‘milmagan odam holatiga tushaman.
Oradan biror hafta o‘tar-o‘tmas, onam chindan ham to‘shakka mixlanib qoldi. O‘zimni muallimning g‘azabidan asrash uchun onamni dardga sotganimni angladim. Shu yotganicha qariyb yarim yil o‘rnidan turmadi, mehribon onam. Ichim ko‘z yoshiga to‘lib ketdi.
Menga, o‘n to‘rt yoshli qizga yolg‘on – jannatni va’da qilib, do‘zax darvozasining qo‘ng‘irog‘ini chaldirguvchi va adashtirguvchi yo‘l ekanini qaldirg‘och tilida uqtirding.

“O‘zAS”dan olindi.