Yuriy Shterk: “Evropa Ittifoqi ta’lim bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish istagida”

11 dekabr kuni Toshkentda Yevropa Ittifoqi ta’lim ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi tomonidan “2015 yil – Yevropa  rivojlanish yili” doirasida o‘tkazildi.

EIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Yuriy Shterk ko‘rgazmaning ochilishi marosimida ta’lim loyihalari ahamiyatiga to‘xtaldi.

“Evropa Ittifoqi barcha sohalar qatori ta’lim yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirishga intilmoqda. Bu borada bilimga chanqoq yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamnuniyat bilan aytish joizki, YeIning ta’lim loyihalarida O‘zbekiston munosib ishtirok etmoqda. Bir zamonlar ulug‘ mutafakkir Erazm Rotterdamskiy (EIning mashhur dasturi ayni shu mutafakkir nomi bilan ataladi) har bir millatning kelajagi yoshlarning ta’lim-tarbiyasiga bog‘liq ekanini ta’kidlagan edi. Bugun ushbu fikr yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda”, – dedi YeI delegatsiyasi rahbari Yuriy Shterk.  

Evropalik diplomatning ma’lum qilishicha, birgina Erasmus+ dasturi bo‘yicha 2014-2020 yillarda 14 milliard yevro ajratiladi. Erasmus+ Yevropaning 33 mamlakati va dunyo bo‘ylab 125 ming tashkilot hamda 4 million kishini qamrab oladi.

“Erasmus+ dasturining ilk tanlovi natijalari yana bir bor yangi dasturda qatnashishga qiziqish  kuchli ekanini tasdiqladi. Markaziy Osiyoda loyihalar tanlash jarayonidagi ko‘rsatkichlarning yaxshilangani ham shundan dalolat bermoqda. Mintaqa bo‘yicha 23 ta loyiha tanlab olingan va shulardan 12tasida O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari ishtirok etadi”, – dedi YeI delegatsiyasi rahbari.  

EIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Yuriy Shterk hamda O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Botir Usmonov

2015 yilda o‘zaro tashriflar bo‘yicha loyihalar tanlovidan olingan dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondan 178 nafar qatnashchi Yevropaga boradi, Yevropadan esa O‘zbekistonga 69 nafar o‘qituvchi va doktorant keladi. Shu tariqa Markaziy Osiyoning 5 mamlakati uchun ajratilgan grantning 25 foizini O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari yutib oldi.

Ko‘rgazma davomida o‘zbekistonlik yoshlarga Erasmus+ ctinpendiya dasturi hamda Frantsiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Ruminiya kabi davlatlarning ta’lim loyihalari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

Tadbirda Erasmus Mundus dasturida ishtirok etgan o‘zbekistonlik mutaxassislarning Yevropada o‘qish bo‘yicha taqdimot va treninglari ham o‘tkazildi.

EI va O‘zbekiston o‘rtasida 1996 yilda hamkorlik bitimi imzolangan. 2011 yildan Toshkentda YeI delegatsiyasi faoliyat yuritmoqda. Delegatsiya siyosiy, savdo-iqtisodiy sohalar qatorida ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlikka ham katta e’tibor bermoqda.

O‘zbekiston, xususan, 1994 yildan beri Tempus ta’lim dasturida faol ishtirok etmoqda. Tempus dasturining mamlakatimizdagi 55 ta oliy o‘quv yurti qatnashgan loyihalariga 34 million yevroga yaqin mablag‘ ajratilgan.

Ko‘rgazmaning ertasi kuni – 12 dekabrda YeI va O‘zbekiston hamkorligiga bag‘ishlangan yarmarka ham o‘tkazildi. Unda YeI va unga a’zo davlatlar moliyalashtirgan loyihalar taqdim etildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, YeIning 2007-2013 yillarda Markaziy Osiyoga ajratgan beg‘araz yordami 750 million yevroni tashkil etdi. 2014-2020 yillarda bu raqam 1 milliard yevroga yetishi kutilmoqda.

Sobir Salim

Shu mavzudagi material:

Yuriy Shterk: “Evropa Ittifoqi byurokratik tuzilma emas!”