Vladimir Tyurdenev: “Rossiya va O‘zbekiston hamkorligi izchil rivojlanmoqda”

20 dekabr kuni Toshkentdagi “Poytaxt” biznes markazida Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev ishtirokida an’anaviy matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjuman avvalida Anqaradagi terrorchilik xuruji oqibatida halok bo‘lgan Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlov xotirasiga sukut saqlandi.

Shundan keyin elchi V.Tyurdenev Rossiya va O‘zbekiston hamkorligining iqtisod, siyosat, madaniyat va ilm-fan jabhalaridagi bugungi ahvoliga to‘xtalib o‘tdi.

“Rossiya–O‘zbekiston aloqalari joriy yilda izchil rivojlanganini mamnuniyat ila qayd etishni istardim”, – dedi Rossiya elchisi.

V.Tyurdenev ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida yaqin do‘stona munosabat mavjudligi, oliy darajadagi uchrashuvlar muntazam yo‘lga qo‘yilganini bildirdi.

Qayd etilishicha, joriy yilda ikki mamlakat o‘rtasida Harbiy-texnik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi, “Lukoyl” kompaniyasi tomonidan Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishining boshlangani hamkorlik samarali kechayotganidan dalolat beradi.

Rossiya elchisining ma’lum qilishicha, jahondagi beqaror moliyaviy vaziyat ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Ammo ayni paytda savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, O‘zbekistondan Rossiyaga meva va sabzavot eksportini ko‘paytirish rejalashtirilmoqda.

“O‘zbekiston tomoni statistikasiga ko‘ra, joriy yilnig 9 oyida o‘zbek meva-sabzavotining Rossiyaga eksporti uch baravarga – 90 ming tonnaga qadar oshdi. Ayni paytda ikki tomon Rossiyaga O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berishni kengaytirish maqsadida “yashil koridor” tashkil etish imkoniyatlarini muhokama etmoqda”, – dedi V.Tyurdenev.

Madaniy-gumanitar sohada aloqalarni sharhlarkan, elchi  O‘zbekiston fuqarolari Rossiyada tahsil olayotgan xorijliklar soni bo‘yicha peshqadam o‘rinda turishini qayd etdi. Bu borada birgina 2016 yili 4 ming nafar o‘zbekistonlik abituriyent Rossiya oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinganini eslab o‘tish kifoyadir. Umuman, ilm-fan sohasidagi robitani mustahkamlash maqsadida yil davomida o‘nlab uchrashuv, adabiy kecha, anjuman va seminarlar uyushtirildi.

V.Tyurdenev o‘z chiqishida Rossiya Federatsiyasiga ixtiriyoriy ko‘chib borish dasturi to‘xtatilgani xususida xabarlar asossiz ekanini ma’lum qildi.

“Joriy yilning aprelida mazkur dasturni olib borish vakolatlari Federal migratsiya xizmatidan Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazildi. Mazkur o‘zgarish dastur ijrosiga ham ta’sir etdi. Ammo dastur hali-hamon davom etmoqda va uning yopilgani yoki vaqtincha yopilgani xususidagi ovozolar asossizdir”, – dedi elchi.

Elchi V.Tyurdenev Rossiya Markaziy Osiyodagi strategik hamkori O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga bundan keyin ham katta ahamiyat qaratishini ta’kidladi.

Tadbir yakunida matbuot, radio, televideniye va internet nashrlari jurnalistlari o‘rtasidagi ijodiy tanlov natijalari e’lon qilindi. Ikki davlat hamkorligining turli sohalariga oid eng yaxshi materiallar mualliflari Rossiya elchixonasi tomonidan mukofotlandi.

Elchi V.Tyurdenev ishtirokidagi matbuot anjumanida, shuningdek, Rossiyaning O‘zbekistondagi Savdo vakili o‘rinbosari L.Pokrovskiy, Rossiya ilm-fan va madaniyat markazi rahbari V.Shulika hamda Rossiya elchixonasi mas’ul xodimlari hozir bo‘ldi.

Sobir Salim