Vladimir Putin: “ShHT makonida xavfsizlikni ta’minlash asosiy vazifa bo‘lib qolmoqda”

Shanxay hamkorlik tashkiloti makonida xavfsizlikni ta’minlash a’zo mamlakatlar oldidagi eng asosiy vazifalar sirasiga kiradi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Toshkentda 23-24 iyun kunlari o‘tgan ShHT Davlat rahbarlari kengashi majlisidagi ma’ruzasida ta’kidladi.

“Bundan keyin mintaqaviy aksilterror tuzilmasi salohiyatini yanada oshirish, huquq-tartibot idoralari faoliyatini BMT va boshqa xalqaro tashkilot doirasida muvofiqlashtirish, ShHTning ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha konventsiyasini tayyorlash jarayonini tezlashtirish, narkotiklarga qarshi kurash strategiyasi va uni amalga oshirish dasturini yangilash, axborot xavfsizligi sohasida huquqiy asoslarni takomillashtirish lozim”, – dedi Rossiya yetakchisi.

Qayd etilishi, tashkilot ta’sis etilgan 15 yil davomida uning xalqaro maydondagi roli kuchaydi. Ayni paytda tashkilot hissasiga jahon yalpi ichki mahsulotining 16 foizi, sayyoramiz aholisining 45 foizi to‘g‘ri kelmoqda. Uning doirasida 18 ta – 6 ta a’zo, 6 ta kuzatuvchi va 6 ta muloqot bo‘yicha hamkor davlatlar bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilmoqda.

2015 yil Ufada o‘tgan sammitda ShHTning uzoq muddatga mo‘ljallangan ishlar rejasi tasdiqlangan edi. Rossiya rahbari siyosat, iqtisod va madaniyat yo‘nalishidagi 70 dan oshiq tadbirni o‘z ichiga olgan mazkur reja tashkilot faoliyatini yanada jonlantirishini qayd etdi.

V.Putin ShHT hududida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, xususan, savdo, kapital va ishchi almashuvi bo‘yicha to‘siqlarni bartaraf etish, sanoat va texnologik kooperatsiyani kengaytirish, naqliyot va transport tuzilmasini yaxshilash vazifalariga e’tibor qaratdi.

Rossiya yetakchisiga ko‘ra, Yevroosiyo ittifoqi va Xitoy taklif etayotgan “Buyuk ipak yo‘lining iqtisodiy belbog‘i” loyihalarini o‘zaro uyg‘unlashtirish istiqbolda katta natijalar beradi. Qolaversa, katta Yevroosiyo hamjamiyatiga ShHT va MDH davlatlarining ham qo‘shilishi muhim ahamiyatga ega. Moliyaviy-iqtisodiy robitaning mustahkamlanishi esa Yevroosiyo banki, BRIKS banki va Osiyo infrastrukturaviy sarmoyalar banki kabi tuzilmalar bilan aloqani mustahkamlaydi.

V.Putin ShHT kuzatuvchi davlati sanalgan Eronning a’zoligi masalasiga ham to‘xtaldi.

“Tashkilot faoliyatida 2005 yildan beri Eron kuzatuvchi sifatida faol qatnashib kelmoqda. Eron yadro muammosi hal etilib, BMT sanktsiyalari bekor qilinganidan keyin Tehronning arizasini ijobiy ko‘rib chiqish uchun hech qanday to‘siq qolmadi deb hisoblayman”, – dedi u.

Rossiya prezidenti ShHT davlatlarining gumanitar jabhadagi hamkorligiga ham e’tibor qaratib, turizm sohasida hamkorlik kengayayotgani, yil oxiriga qadar ShHT universitetining huquqiy maqomini belgilovchi hujjat imzolanishi kutilayotganini ma’lum qildi.

V.Putin o‘z ma’ruzasida Toshkent sammiti yuksak saviyada tashkil etilganini ta’kidlab, buning uchun O‘zbekiston xalqi va rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov raisligida o‘tgan ShHT sammitida Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin, Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ishtirok etdi.

Shuningdek, mashvaratda Afg‘oniston Islom Respublikasi prezidenti Ashraf G‘ani, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi, Mo‘g‘uliston prezidenti Saxiagiyn Elbegdorj, Pokiston Islom Respublikasi prezidenti Mamnun Husayn, Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Zarif, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashdi. Mehmonlar orasida ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov, Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori Yevgeniy Sisoyev,  BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Jefri Feltman, MDH ijroiya qo‘mitasi raisi – ijrochi kotibi Sergey Lebedev, KXShT Bosh kotibi Nikolay Bordyuja, ASEAN Bosh kotibi Le Liong Min, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning ijrochi direktori Gun Szyanvey ham bor edi. 

Muzokaralar yakunida Hindiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasining ShHTga a’zo davlat maqomini olish yo‘lidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumlar, ShHT 15 yilligining Toshkent deklaratsiyasi, tashkilotning 2025 yilgacha rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan harakatlar rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror, ShHTga a’zo davlatlarning turizm sohasidagi hamkorligini rivojlantirish dasturi va boshqa hujjatlar imzolandi.

ShHT sammiti doirasida 23 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov va Rossiya yetakchisi Vladimir Putin o‘rtasi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki mamlakat strategik hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidan borayotgani qayd etildi.

Sammit yakunlangach, ikki davlat rahbarlari Toshkentdagi Aleksandr Pushkin nomidagi xiyobonga borib, buyuk rus shoiri haykali poyiga gulchambar qo‘yishdi.

Sobir Salim