Toshkentda O‘zbekiston–Xitoy do‘stlik kechasi bo‘lib o‘tdi

Toshkentdagi “Istiqlol” san’at saroyida 18 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligiga bag‘ishlangan madaniy dastur bo‘lib o‘tdi.

Do‘stlik va san’at kechasi O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi, Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi va O‘zbekiston Respublikasi Baynalmilal madaniyat markazi hamkorligida tashkil etildi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.

Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze so‘zga chiqib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar bunga huquqiy asos bo‘layotganini ta’kidladi.

“Xitoyda “Do‘sting qancha ko‘p bo‘lsa, yo‘ling shuncha ravon bo‘ladi”, degan maqol bor. O‘zbekiston Xitoy uchun yaqin do‘st va strategik hamkordir. Bu munosabatlar yanada rivojlanishi tarafdorimiz. Ushbu bayram tadbiri xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmatni mustahkamlashiga ishonamiz”, – dedi elchi Sun Litsze.

Tadbirda “O‘zbekiston – Xitoy: birodarlik yo‘li” nomli hujjatli film va ikki mamlakat san’at ustalari hozirlagan madaniy dastur namoyish etildi.

2017 yil 2 yanvar kuni O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yilda to‘ldi.

XXR Raisi Si Szinpin hamda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zaro diplomatik aloqalarning 25 yilligi munosabati bilan bir-biriga tabrik nomalari yo‘lladi.

“Men Xitoy va O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga alohida ahamiyat beraman. Xitoy O‘zbekiston tanlagan o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini, davlat mustaqilligi, suvereniteti va xavfsizligini mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va tashqi aloqalarni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlayveradi. Xitoy–O‘zbekiston munosabatlarining 25 yilligi munosabati bilan mamlakatlarimiz xalqlarining farovonligi yo‘lida o‘zaro siyosiy ishonchni mustahkamlash, Xitoy va O‘zbekistonning har tomonlama strategik sherikligini izchil rivojlantirish yo‘lida Siz bilan hamkorlikda ishlashga tayyorman”, – deyiladi XXR Raisi Si Szinpinning tabrik xatida.

“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkam huquqiy bazasi yaratilgan bo‘lib, uning eng muhim asosi bo‘lgan Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma o‘zaro aloqalarimizning poydevori bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Sizning 2016 yil iyun oyida O‘zbekistonga davlat tashrifingizni, uning doirasida tarixiy ahamiyatga ega Qo‘shma bayonot imzolanganini hamisha katta mamnuniyat bilan eslaymiz. Ushbu hujjat O‘zbekiston va Xitoy munosabatlarini har tomonlama strategik sheriklik darajasiga olib chiqdi”, – deyiladi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qutlov nomasida.

C.Calim, foto – O‘zA

Shu mavzudagi maqola:

Sun Litsze: “Xitoy–O‘zbekiston savdo aylanmasi 25 yilda 100 barobarga oshdi”. 06.01.2017