Toshkentda O‘zbekiston va Ozarboyjon tashqi ishlar vazirliklari maslahatlashuvi bo‘lib o‘tdi

Joriy yil 20-21 dekabr kunlari Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi va Ozarboyjon Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asosini inventarizatsiya qilish va takomillashtirish bo‘yicha vazirliklararo maslahatlashuvlarning navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar beradi.

Maslahatlashuvlar chog‘ida hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslari inventarizatsiya qilindi, ikki tomonlama hujjatlar loyihalari bo‘yicha fikr almashildi hamda munosabatlarning huquqiy negizini rivojlantirish va kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida tashqi siyosat idoralarining huquq xizmatlari faoliyati yuzasidan ham fikr almashildi.

Qayd etilishicha, Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasiga Xalqaro huquq va shartnomalar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Jayhun Shahverdiyev boshchilik qilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Ozarboyjon munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. 1991 yildan buyon O‘zbekiston Prezidenti Ozarboyjonga uch marta, o‘z navbatida, Ozarboyjon rahbari yurtimizga 3 marta tashrif buyurgan. Mazkur tashriflar chog‘i ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini sifat jihatdan yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladigan muhim kelishuvlarga erishilgan.