Toshkentda Amir Temur haqida ilk she’riy roman chop etildi

20 dekabr kuni Toshkentdagi “Kitob olami” majmuasida Oraz  Abdurazakovning Sohibqiron Amir Temurga bag‘ishlangan “Povelitel” (Hukmdor) she’riy romani taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Rus tilidagi mazkur asar yetti qismdan iborat bo‘lishi rejalashtirilgan yirik polotnoning dastlabki jildidir.

Marosim avvalida “Ilhom” teatrining aktyori Vladimir Yudin she’riy romanning dastlabki bobini mahorat bilan o‘qib berdi. So‘ng sahnaga asar muallifi Oraz Abdurazakov taklif etildi.

Shoirning hikoya qilishicha, Sohibqiron haqida she’riy asar yozish g‘oyasi bundan yigirma yil avval – Amir Temurning 660 yillik yubileyi nishonlanayotgan va yurtimizda bu borada dastlabki ilmiy hamda adabiy tajribalar e’lon qilina boshlagan paytda tug‘ilgan.

“O‘shanda kamina – maktab o‘quvchisi mazkur mavzuga qiziqib qoldim. Butun O‘rta Osiyo tarixida burilish pallasi sanalgan davrni qanday qilib tadqiq etmaslik mumkin, degan xayol menga tinchlik bermas edi. Holbuki, bu davr ona zaminimizda Yevropa Renessansi bilan bir paytda Uyg‘onish davrini boshlab bergan va bu hol Temuriylar davlatining na sharqi va na janubida kuzatilgan edi”, – deya asarning yaralishi xususida hikoya qiladi Oraz Abdurazakov.

Shu tariqa Amir Temur hayotining eng murakkab va hal qiluvchi pallasi – 1365-1370 yillar voqealariga bag‘ishlangan “Povelitel” she’riy asari dunyo yuzini ko‘rdi. Asar Turon zaminini mo‘g‘ul istibdodidan xalos etgan va dunyo tarixida misli bo‘lmagan saltanat qurgan hukmdorning harbiy yurishlari haqidagi shunchaki solnoma emas. Balki Oraz Abdurazakov she’riy romanda XIV asr voqeligi hamda Sohibqiron shaxsiyatini badiiy mezonlarga ko‘ra tadqiq etishga urinadi. Ayni choqda, muallif tarixiy haqiqatni ham buzmaslikka harakat qiladi. Buni soha mutaxassislari-da e’tirof etdi.

“Bugunga qadar Sohibqironning taxtga kelishi tarixini hech kim she’riy yo‘sinda qalamga olgan emas. Hukmdorning ulg‘ayishi, o‘sha davrning murakkab hayoti va turmushini batafsil yoritib berish muallifning o‘ziga xos ijodiy kashfiyoti sanaladi. Muallif tarixiy xronologiyani buzmagan holda buning uddasidan chiqqan”, – deydi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori Dilorom Yusupova.

Muallifning ma’lum qilishicha, hozirda yetti qismdan iborat bo‘lishi kutilayotgan she’riy polotnoning yana bir qismi yozib tugallangan. “Pobeditel” (Muzaffar) deb nomlangan mazkur kitob Sohibqironning 1371-1376 yillardagi faoliyatidan naql etadi. Shoir ushbu loyiha doirasida “Dinara&Co” hamda “Akademnashr” nashriyotlari bilan ijodiy hamkorlikni davom ettirish niyatida ekanini bildirdi.

Aytish joizki, mazkur she’riy asar hozirga qadar uddaburon menejer sifatida e’tirof etilgan Oraz Abdurazakovni adabiy jamoatchilikka iqtidorli shoir o‘laroq tanitdi.

Sobir Salim