TİKA Xorazm viloyatidagi sog‘liqni saqlash muassasalariga tibbiy uskunalar taqdim etdi

Turkiya hamkorlik va taraqqiyot idorasi (TİKA) Xorazm viloyati onkologiya dispanseri hamda Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazi viloyat bo‘limiga tibbiy uskunalar taqdim etdi.

TİKA xabariga ko‘ra, hamkorlik dasturi doirasida O‘zbekistonga kelgan Anqara urologiya klinikasi shifokori Yilmaz Aslan taqdim etilgan uskunalarni sinovdan o‘tkazib, o‘zbekistonlik hamkasblariga ulardan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma bergan. Shuningdek, turkiyalik shifokor o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birgalikda ikki bemorni operatsiya qilgan.

Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazi Xorazm viloyati bo‘limi vakili Alisher Boboyev TİKAga minnatdorlik bildirib, taqdim etilgan tibbiy uskunalar bemorlarni sifatli davolashda yordam berishini aytgan.

Bu TİKA O‘zbekistonda tibbiyot yo‘nalishida Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan loyihaning davomidir. 2016 yil noyabrda Turkiyadan kelgan tibbiyot mutaxassislari o‘zbekistonlik shifokorlar uchun ona va bola o‘limini oldini olishga qaratilgan trening mashg‘ulotlari o‘tkazgan edi.

Turkiya Respublikasi Bosh vazir devoni huzuridagi Turkiya hamkorlik va taraqqiyot idorasi (TİKA) 1992 yilda tashkil topgan. Hozirda tashkilotning Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alarining 140ga yaqin mamlakatida 50dan ortiq vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

TİKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 1994 yil 20 mayda ochilgan. Vakolatxona yurtimizdagi turli tashkilot va idoralar bilan iqtisodiy, texnikaviy, ijtimoiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirib kelmoqda.

Cobir Salim

Shu mavzudagi maqolalar:

TIKA rahbari Serdar Cham O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri bilan uchrashdi. 07.04.2016

O‘zbekistonlik besh yuzdan ortiq ichki ishlar xodimi Turkiyaning malaka oshirish dasturida qatnashdi. 22.12.2015