Saudiya Arabistoni boshqaruvida o‘zgarishlar ro‘y berdi

Saudiya Arabistoni podshohi, Ikki muqaddas masjid xodimi Salmon bin Abdulaziz Oli Saudning joriy haftadagi farmoni bilan 2012 yildan buyon mamlakat ichki ishlar vaziri lavozimida ishlab kelgan shahzoda Muhammad bin Noyif valiahd deb e’lon qilindi.

Saudiya axborot agentligi (SPA) xabariga ko‘ra, avvalgi valiahd – Vazirlar Mahkamasi rahbarining o‘rinbosari Muqrin bin Abdulaziz o‘z iltimosiga ko‘ra lavozimidan ozod etilgan.

55 yoshli Muhammad bin Noyif ichki ishlar vaziri sifatida xavfsizlikni mustahkamlash hamda terrorchilikka qarshi kurash jabhasida jonbozlik ko‘rsatib kelgan.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni podshohining farmoni bilan shahzoda Muhammad bin Salmon valiahd o‘rinbosari etib tayinlangan. 30 yoshli Muhammad bin Salmon mamlakat mudofaa vaziri va Yamandagi isyonchilarga qarshi ittifoqchi kuchlar tomonidan amalga oshirilayotgan xalqaro harbiy operatsiya yetakchilaridan biri sanaladi.

Mazkur hodisa tahlilchilar tomonidan podshohlik tarixidagi yangi sahifa sifatida baholanmoqda. Negaki, hozirga qadar mamlakatni Saudiya Arabistoni asoschisi podshoh Abdulazizning farzandlari idora etib kelgan. Yangi valiahd Muhammad bin Noyif va uning noibi Muhammad bin Salmon esa davlat asoschisining nabiralari sanaladi. Bu esa mamlakat boshqaruvi kelgusida uchinchi avlod qo‘liga o‘tishini anglatadi.

Joriy haftadagi o‘zgarishlar Saudiya Arabistoni tashqi siyosat mahkamasini ham chetlab o‘tmadi. “Saudi Gazette” nashri xabariga qaraganda, 1975 yildan buyon Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlab kelgan shahzoda Saud al-Faysal salomatligi bois lavozimidan bo‘shatilgan. Saudiya Arabistonining AQShdagi elchisi (2007–2015) Odil al-Jubayr yangi tashqi ishlar vaziri etib tayinlangan.

53 yoshli Odil al-Jubayr Germaniya va Amerika oliy o‘quv yurtlarida tahsil olgan. 30 yildan buyon diplomat sifatida ishlab keladi.

Arab-Amerika instituti prezidenti Jeyms Zogbi ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida Saudiya Arabistoni so‘nggi paytlarda yangilanish, islohot va modernizatsiya tomon yuz burayotgani, navbatdagi o‘zgarishlar shu yo‘ldagi yana bir qadam ekanini aytgan.

Saudiya Arabistoni arab olamining yetakchi davlati, musulmon dunyosining ma’naviy markazi sanaladi. Sayyoramiz neft zaxirasining chorak qismiga egalik qilayotgan mamlakat dunyo energiya bozorining muhim ishtirokchi hamdir.

Mamlakatni joriy yil 23 yanvardan buyon podshoh Salmon bin Abdulaziz Oli Saud boshqarib kelmoqda. Saudiya Arabistoni podshohi, Ikki muqaddam masjid xodimi dastlabki telemurojaatida Ollohning madadi ila marhum podshoh Abdulaziz boshlab bergan yo‘ldan og‘ishmasligini ma’lum qilgan. Ayni choqda, u musulmon va arab dunyosini birlik hamda ahillikka chorlab, Saudiya Arabistoni turli hujumlarga qalqon bo‘lishga tayyorligini bildirgan.

Sobir Salim