Rossiya Markaziy Osiyoga 6,7 milliard dollarlik yordam ko‘rsatdi

Rossiya Federatsiyasi 2008-2015 yillarda Markaziy Osiyo davlatlariga 6,7 milliard AQSh dollari miqdorida yordam ko‘rsatdi. Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasi tarqatgan xabarga ko‘ra, mazkur mablag‘ning 4 milliardi ikki tomonlama beg‘araz ko‘mak doirasida ajratilgan.

Shuningdek, 570 million dollar – BMT, 1,3 milliard dollar – Jahon banki va boshqa tuzilmalar, 592 million dollar esa Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi loyihalarga sarflangan.

Elchixona xabariga ko‘ra, Rossiyadagi oliy ta’lim dargohlarida Markaziy Osiyoning 150 ming nafar fuqarosi tahsil olmoqda. Ularning 46 ming nafariga 100 million dollarlik davlat granti ajratilgan.

Qolaversa, xavfsizlikni ta’minlash, sog‘liqni saqlash, favqulodda holatlarda ko‘mak ko‘rsatish, ta’lim sifatini oshirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, infratuzilmani takomillashtirish kabi loyihalarga ham mablag‘ yo‘naltirilgan.

“Markaziy Osiyo mamlakatlari taraqqiyotiga ko‘maklashish xususida so‘z borarkan, sarmoyalarni ham eslab o‘tish joiz. 2015 yil yakuni bo‘yicha mintaqa davlatlariga 18 milliard AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritilgan. Markaziy Osiyo davlatlarida to‘liq yoki qisman Rossiya sarmoyasi bilan 6600 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda”, – deyiladi elchixona matbuot xizmat tarqatgan xabarda.