Prezident Xitoy Tashqi ishlar vazirini qabul qildi

23 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Van Ini qabul qildi.

O‘zA xabariga ko‘ra, uchrashuvda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi tadbirlar hamda XXR Raisining O‘zbekistonga davlat tashrifi muhokama qilingan.

O‘zbekiston yetakchisi mamlakatlar o‘rtasida barcha yo‘nalishlardagi izchil va ishonchli hamkorlikni yuksak qadrlashini ta’kidladi.

Muzokaralarda XXR Raisi Si Szinpinning mamlakatimizga bo‘lajak davlat tashrifi o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lishi qayd etildi.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. 2015 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash 4,1 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan Xitoy investitsiyasi 6,5 milliard dollardan oshdi. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan 651 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.