O‘zbekiston davlat tarix muzeyida Ozarboyjonga bag‘ishlangan pavilon ochildi

O‘zbekiston davlat tarix muzeyida “Ozarboyjon – Kavkaz gavhari” deb nomlangan pavilon ochildi. Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi hamda Respublika Baynalmilal madaniyat markazi hamkorligida amalga oshirilgan loyihaning taqdimotida fan, madaniyat, san’at namoyandalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va Ozarboyjon elchixonasi hamda Madaniyat markazi xodimlari qatnashdi.

Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi rahbari Samir Abbosov pavilondan Ozarboyjon davlatchiligi, tarixi, madaniyati, tabiati va an’analariga bag‘ishlangan eksponatlar o‘rin olganini qayd etdi. Ta’kidlanishicha, mazkur ko‘rgazma Ozarboyjon haqida har tomonlama to‘kis axborot olishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston davlat tarix muzeyi direktori, professor Jannat Ismoilova O‘zbekiston va Ozarboyjon qardosh mamlakat ekani, ikki xalqni mushtarak til, madaniyat va e’tiqod birlashtirib turishini ta’kidladi. “Ozarboyjon – Kavkaz gavhari” paviloni qardosh mamlakat xususidagi tasavvurlarni yanada boyitadi, dedi professor J.Ismoilova.

“Ozarboyjon – Kavkaz gavhari” pavilonidan tarixiy buyumlar, xaritalar, gilamlar, milliy liboslar, cholg‘ular va boshqa noyob eksponatlar o‘rin olgan. Masalan,  pavilonda namoyish etilgan an’anaviy ozarboyjon qishloq uyi tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tashkilotchilar xabariga ko‘ra, “Ozarboyjon – Kavkaz gavhari” paviloni joriy yil 31 dekabrga qadar faoliyat yuritadi. Ko‘rgazma yakunida bir necha eksponat O‘zbekiston davlat tarix muzeyiga taqdim etiladi.