Muftiy Usmonxon Alimov dunyodagi eng nufuzli musulmonlar ro‘yxatidan o‘rin oldi

Iordaniya Qirollik strategik islom tadqiqotlar markazi tomonidan jahonning eng nufuzli musulmonlarining yangi 500 talik ro‘yxati e’lon qilindi. 2016 yilgi reytingdan O‘zbekiston Musulmonlar idorasi rahbari, muftiy Usmonxon Alimov ham o‘rin olgan.

Reytingda Al-Azhar shayxi Ahmad Toyyib yetakchilik qildi. Ikkinchi pog‘onani Iordaniya qiroli Abdulloh ibn al-Husayn band etdi. Uchinchi o‘rin Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdul-Aziz al-Saudga nasib etdi. Ro‘yxatga, shuningdek Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘aniy, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov, Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov, Ozarbayjon muftiysi Ollohshukur Poshshozoda, Rossiya muftiysi Ravil G‘aynuddin, Tojikiston muftiysi Sayyidmukarram Abdulqodirzoda ham kiritildi.

Nashrning 2016 yilning eng muhim voqealari ro‘yxatida O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafot sanasi kiritilgan. Shuningdek, Rio-2016 yozgi olimpia o‘yinlarining musulmon g‘oliblari qatorida 13 nafar o‘zbekistonlik sportchilar o‘rin olgan.

Jahonning eng e’tiborli musulmonlarining 500 talik ro‘yxati 2009 yildan beri Iordaniya Qirollik strategik islom tadqiqotlar markazi tomonidan tuzib kelinadi. Muftiy Usmonxon Alimov 2009 yildan beri reytingdan muntazam o‘rin olib keladi.

Usmonxon Alimov 1950 yil 1 yanvarda Samarqand viloyatida tug‘ilgan bo‘lib, 1982-83 yillarda Buxorodagi «Mir Arab» madrasasida, 1983-87 yillarda esa Toshkent islom institutida, 1989-90 yillarda Marokashdagi «Karavayin» universitetida tahsil olgan. 1987-2000 yillar davomida Payariq tumanidagi «Imom Buxoriy» masjidida imom-xatib, 2000 yildan esa O‘zbekiston Musulmonlar idorasining Samarqanddagi bosh vakili vazifasida faoliyat olib borgan. 2006 yil 8 avgust kuni esa Usmonxon Alimov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga tayinlangan.

Muftiy Usmonxon Alimovdan tashqari, jahonning eng e’tiborli musulmonlarining 500 talik reytingidan O‘zbekistondan 2009 yilgi ilk reytingda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, 2013 yili esa O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov joy olgan.