«Mehmon tuyg‘ular» va «Siz qanday yashamoqchisiz?» kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi

3 oktyabr kuni «Hilol-nashr» nashriyot-matbaasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning «Mehmon tuyg‘ular» hamda taniqli adib Ahmad Muhammad Tursunning «Siz qanday yashamoqchisiz?» nomli kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda nashriyot xodimlari, adiblar va olimlar, adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning «Mehmon tuyg‘ular» kitobi birinchi nashri bir necha yil avval chop etilgan edi. Mazkur yangi nashrda muallif unga ko‘p yangiliklar kiritdi. Dunyoni tushunishga xizmat qiluvchi yangi hikmatlar bilan boyitdi.

Ahmad Muhammad Tursunning «Siz qanday yashamoqchisiz?» nomli kitobi mazmunli turmush kechirish, baxtli-saodatli bo‘lish, salomatlikni asrash, halol yo‘l bilan boyish, oila farog‘ati, er va xotin munosabatlari, qiz va yigitlarni tushmushga tayyorlash, ma’naviy va ruhiy olamni boyitish kabi kshplab hayotiy mavzularni qamrab olgan.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari asos solgan nashriyot yangi janr va yo‘nalishlarda kitoblar chop etishni ham keng yo‘lga qo‘ymoqda. «Mumtoz adabiyot durdonalari» turkumida chop etilgan «Bulbul nolasi», «Qalb gavhari», «Ma’rifat yog‘dusi», «Navoiydan chu topqaylar navoye» kitoblari, bolalar adabiyoti yo‘nalishida chop etilgan «Odobingiz obro‘yingiz», «To‘rt muchangiz sog‘ bo‘lsin», «Topishmoqlar», «Dengiz suvi nega sho‘r» kabi o‘ndan ortiq kitoblar shular jumlasidandir. Shuningdek, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning «Falak» nomli fantastik roman, qissa va hikoyalar to‘plami, yosh ijodkorlardan Abdulaziz Safiyning «Nuriddin» romani, memuar asarlar yo‘nalishida esa taniqli bolalar yozuvchisi Erkin Malik qalamiga mansub «Bolaligim ertaklari» kitoblari nashriyotda chop etilayotgan kitoblarning mavzu jihatdan rang-baranglashib borayotganini ko‘rsatmoqda.