Lochin okkupatsiyasiga 24 yil to‘ldi

18 may kuni Ozarbayjonga qarashli Lochin tumani Armaniston tomonidan okkupatsiya qilinganiga 24 yil to‘ldi.

Trend axborot agentligiga ko‘ra, 1992 yili Lochin tumani egallanishi payti 63 341 nafar ozarbayjonlik o‘z yeridan surgun qilingan, 300 dan oshiq harbiy xizmatchi hamda tinch aholi vakili halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan.

Bu vaqtda Ozarbayjonning mintaqadagi harbiy bo‘linmasi poytaxt Bokuda davom etayotgan siyosiy kurashga jalb etilgani bois hudud butkul nazoratsiz qolgan. Kuzatuvchilarga ko‘ra, strategik muhim mintaqada joylashgan Lochin tumanining egallanishi Ozarbayjon iqtisodiyotiga katta zarar keltirgan.  

Shu tariqa Ozarbayjonga tegishli 1835 kvadrat kilometr hudud – 121 ta qishloq, jumladan, sanoat korxonalari, madaniyat maskanlari hamda tarixiy obidalar qo‘shni davlat nazoratiga o‘tgan.

Lochin mintaqasida azaldan bog‘dorchilik, ziroatkorlik, asalarichilik va hunarmandchilik taraqqiy etgan. Hudud uran, kobalt, oltin, temir kabi tabiiy ma’danlar hamda dorivor giyohlarga bor. Qolaversa, mintaqa so‘lim tabiati hamda o‘ziga xos hayvonot va o‘simlik olami bilan tilga tushgan.

Eslatib o‘tamiz, Rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.

Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.

Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.