Evropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan turli sohalarda muloqotni kuchaytiradi

Evropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan siyosat, iqtisod, xavfsizlik, inson huquqlari va qonun ustunligi, boshqaruv, odil sudlov va ichki ishlar masalalari bo‘yicha muloqotni yanada kengaytiradi. Bu haqda YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Yuriy Shterk 11 may kuni Toshkentda Yevropa kuni munosabati bilan o‘tkazilgan rasmiy qabul marosimida ma’lum qildi.

1950 yil 9 may kuni Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Robert Shuman Yevropa iqtisodiy integratsiyasi xususidagi tarixiy tashabbus bilan chiqqan edi. Bu kun integratsiya poydevori qo‘yilgan sana – Yevropa kuni sifatida nishonlanadi.

“Ushbu sana barcha yevropaliklarga buyuk Ittifoqimiz tamal toshi sanalgan qonun ustunligiga hurmat, iqtisodiy erkinliklar, siyosiy huquqlar va hurfikrga asoslangan demokratiya, birdamlik kabi ulug‘vor qadriyat va tamoyillarni yodga soladi. Ittifoqning tashqi va ichki siyosati ushbu umumiy qadriyat va tamoyillarga tayanadi. Qolaversa, dunyo bo‘ylab 150 hamkor mamlakatga ko‘mak ko‘rsatishda ham mezon sanaladi”, – dedi elchi Yuriy Shterk o‘z nutqida.

Shu kuni tadbir ishtirokchilari e’tiboriga Yevropa va O‘zbekiston hamkorligiga bag‘ishlangan fotosuratlar namoyish etildi.

Yu.Shterk mazkur fotosuratlar tez fursatda Toshkent fotosuratlar uyida keng omma e’tiboriga havola etilishini ma’lum qildi. Shuningdek, Yevropa kuni munosabati bilan 23-29 may kunlari an’anaviy Yevropa kinofestivali va boshqa qator tadbirlar o‘tkazilishini bildirdi.  

Bu yil Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi ochilganiga 5 yil to‘ldi. Bryussel va Toshkent hamkorligiga to‘xtalgan elchi Yuriy Shterk “Biz o‘tmish qiyinchiliklari va kelajak muammolarini hisobga olgan holda, o‘zaro ishonchga asoslanib, birgalikda olg‘a harakatda davom etamiz”, – deb ta’kidladi.

Qayd etilishicha, kelgusi hafta Bryusseldan Toshkentga yuqori martabali rasmiylardan iborat delegatsiya tashrif buyuradi.

“Biz amalga oshirgan, oshirayotgan va oshirishni niyat qilgan xayrli ishlarimiz O‘zbekiston xalqiga manzur bo‘layotgani va qadrlanayotganini his etmoqdaman. Bu esa bizga cheksiz mamnuniyat baxsh etadi. Negaki, bu shunday peshqadam xalqki, odamlari g‘ururli, izzatli va mehmondo‘st, bu shunday zaminki, buyuk madaniy, me’moriy va tabiiy merosga ega”, – dedi YeI delegatsiyasi rahbari.  

Qabul marosimida davlat tashkilotlari vakillari, diplomatlar, xalqaro tashkilotlar yetakchilari qatnashdi. O‘zbekiston hukumati nomidan esa Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ishtirok etdi.