EI delegatsiyasi rahbari Eduards Stiprays O‘zbekiston bilan hamkorlik xususida

Evropa Ittifoqi O‘zbekistonning to‘rtinchi yirik savdo hamkori bo‘lib turibdi. 2015 yil yakuniga ko‘ra o‘zaro savdo aylanmasi 1 milliard 792 million yevroni tashkil etdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, elchi Eduards Stiprays 25 yanvar kuni Toshkent o‘tgan Amerika savdo palatasining oylik uchrashuvida ma’lum qildi.

Shu tariqa 2015 yil yakunida YeI O‘zbekiston tashqi savdosining 12 foiz ulushiga egalik qilib, Xitoy, Rossiya va Qozog‘istondan keyin o‘rinni egallagan.

O‘zbekiston bilan savdo borasida YeI mamlakatlari orasida Germaniya yetakchilik qilmoqda – uning mamlakatimiz bilan savdo aylanmasi 440 million yevroni tashkil etgan.

O‘zbekistonga eng ko‘p yetkazib beriluvchi Yevropa mahsulotlari uchligi mashina, asbob-uskuna va mexanizmlar (608 mln yevro), kimyo sanoati mahsulotlari (421 mln yevro), oziq-ovqat va tirik hayvonlardan (123 mln yevro) iborat. YeI mamlakatlari O‘zbekistondan xarid qilgan mahsulotlar orasida esa kimyo sanoati mahsulotlari (177 mln yevro), to‘qimachilik va kiyim-kechak (35 mln yevro), meva-sabzavot va boshqa qishlogi xo‘jaligi mahsulotlari (23 mln yevro) bor.

Qayd etish joizki, YeI va O‘zbekiston o‘rtasida 1996 yilda sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan. Mazkur hujjatda YeI va O‘zbekiston o‘rtasida import va eksportga qo‘llaniladigan boj va yig‘imlar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita soliqlar, sotuv, xarid, mahsulotlarni yetkazib berish, ichki bozorda taqsimlash va foydalanish bo‘yicha qulay muhit yaratilishi belgilangan.

Elchi E.Stiprays o‘z chiqishida tomonlar hozirgi savdo hajmini qoniqarsiz deb tan olgani va uni ko‘paytirish uchun harakat qilayotganini qayd etdi. YeI va O‘zbekiston savdo-iqtisodiy munosabatlarni rag‘batlantirish yo‘lida bir qator jihatlarga e’tibor qaratmoqda.

Birinchidan, tomonlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni mavjud institutsional mexanizmlar doirasida rivojlantirish uchun muntazam ochiq muloqot o‘rnatgan. Bundan tashqari, ayni paytda Savdo va investitsiyalar bo‘yicha kengash tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Kengashga rasmiylar qatorida mahalliy ishbilarmonlar hamda Yevropa kompaniyalari vakillari jalb etiladi.

Ikkinchidan, YeI mavjud to‘siqlarni olib tashlash orqali O‘zbekistondan tayyor mahsulot sotib olishni rag‘batlantiradi.

Uchinchidan, o‘zaro mahsulot ayirboshlash hajmini ko‘paytirish uchun YeI moliyaviy ko‘magida O‘zbekistonda qator loyihalar amalga oshirilayotir.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston YeIdan har yili millionlab yevrolik moliyaviy yordam oladi va bu mablag‘ birinchi navbatda iqtisodiy rivojlanishga yo‘naltiriladi.

Elchi E.Stipraysga ko‘ra, O‘zbekistonga moliyaviy ko‘mak miqdori 2014-2020 yillarda 168 million yevroni tashkil etadi. Shu tariqa bu ko‘rsatkich 2007-2013 yillardagi qaraganda 124 foizga oshdi. 2014-2020 yillar oralig‘ida YeIning O‘zbekistonga iqtisodiy rivojlanish sohasidagi ko‘mak dasturi doirasida qishloqlarni rivojlantirish loyihalari amalga oshiriladi. Mazkur loyihalar mahalliy fermerlar eksport salohiyatini orttirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shu tariqa Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini yanada oshirish imkoni tug‘iladi.

Elchi E.Stiprays mahalliy ishbilarmonlarning boshqaruvchilik salohiyatini oshirishga qaratilgan “Menejment ta’limi dasturi” xususida ham ma’lumot berdi. YeIning mazkur dastur doirasida 2013-2017 yillarda O‘zbekiston firma va kompaniyalari rahbarlari, shuningdek, mahalliy biznes uyushmalari ekspertlari uchun Yevropada amaliyotlar tashkil etildi. Tanlov asosida saralab olingan 152 ishtirokchi YeIning 20 davlatidagi kompaniya va tashkilotlarda malaka oshirdi. Amaliyot davomida o‘zbekistonlik menejerlar yevropalik hamkasblari bilan tajriba almashdi, zamonaviy boshqaruv uslublarini o‘rgandi. Shu bilan birga, o‘zbekistonlik ishbilarmonlar YeIdagi sheriklar bilan shartnomalar imzolab, qo‘shma korxonalar tuzish bo‘yicha mustahkam aloqa o‘rnatdi.

Elchi E.Stiprays o‘z ma’ruzasida o‘zbekistonlik ishbilarmonlarni YeIga sarmoya kiritishga chaqirdi. Ta’kidlanishicha, Jahon banki har yili e’lon qiladigan qulay biznes muhiti bo‘yicha reytingda YeIning 16 davlati yuqori o‘ttizlikka kirgan. Bu jihatdan, YeIning 500 million nufusli bozori xorijiy sarmoyadorlar uchun qulay maskandir.

O‘z chiqishi yakunida elchi E.Stiprays ishtirokchilarning YeIning Buyuk Britaniya chiqqanidan keyingi kelajagi, Yevropada o‘zbek talabalarining tahsil olishi uchun imkoniyatlar, YeI davlatlarining Shengen bitimi hududida yangi xavfsizlik choralari joriy etayotgani kabi turli mavzudagi savollariga javob qaytardi.

Sobir Salim

Shu mavzudagi maqola:

Eduards Stiprays – Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi yangi rahbari. 20.09.2016