Ashxabod Barqaror transport tizimi bo‘yicha birinchi global konferentsiyaga hozirlik ko‘rmoqda

Joriy yil 26-27 noyabr kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxabodda BMT shafeligida Barqaror transport tizimi bo‘yicha birinchi global konferentsiya bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Turkmanistonning O‘zbekistondagi elchixonasi attashesi Xanturdi To‘rayev 18 noyabr kuni elchixonada o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

“Mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasida iqtisodiy aloqalar tig‘izlashayotgan bugungi kunda iqtisodiy robitani kuchaytirishda transport-tranzit koridorlarining ahamiyati oshib bormoqda. Mamlakat va mintaqalarni bog‘lovchi avtomobil, temir yo‘l va havo yo‘llarini bunyod etish faqat iqtisodiy manfaat keltirib qolmay, tinchlik, bunyodkorlik va taraqqiyotga ham xizmat qiladi. Shu bois mamlakat va mintaqada transport sohasini rivojlantirish boshqa davlatlar qatori Turkmaniston tashqi siyosatining ham muhim yo‘nalishi sanaladi”, – dedi Xanturdi To‘rayev.

Qayd etilishicha, transport tizimiga oid global anjumanning Ashxabodda o‘tkazilayotgani ham buni tasdiqlab turibdi. Mazkur anjuman BMT Bosh Assambleyasining 2015 yil 22 dekabrdagi 70/197-sonli rezolyutsiyasi hamda BMT Bosh kotibi taklifiga ko‘ra uyushtirilmoqda.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun va xalqaro tashkilotning boshqa tuzilmalari rahbarlari hamda dunyo mamlakatlarining transport vazirlari – jami 2000 ga yaqin mehmon ishtirok etishi kutilayotgan anjumanda sohaning dolzarb masalalari muhokama etiladi. Jumladan, anjuman davomida barqaror transport va atrof-muhit, energetika va transport, jamoat transportini rivojlantirish, transport sohasida hamkorlik va uning huquqiy asoslari, xalqaro transport koridorlarini tashkil etish va rivojlantirish, yo‘l harakati xavfsizligi kabi masalalar ko‘rib chiqiladi.

Konferentsiya yakunida ishtirokchilarning bayonoti, shuningdek, bir qator muhim xalqaro konventsiya va bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Turkmaniston elchixonasi attashesi X.To‘rayev matbuot anjumanida o‘z mamlakatining transport tizimiga oid strategiyasi xususida ham batafsil ma’lumot berdi.

Rasmiy Ashxabod ilgari surayotgan transport strategiyasi Markaziy Osiyo, Kaspiy, Qora va Boltiq dengizlari mintaqalari, O‘rta hamda Yaqin Sharq va Janubi-sharqiy Osiyoni birlashtiruvchi yangi geoiqtisodiy makon yaratishni ko‘zda tutadi.

Turkmanistonning muhim savdo yo‘llari tutashgan hududda joylashgani bu borada bir qator xalqaro loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi. Masalan, 1000 kilometrga cho‘zilgan Qozog‘iston–Turkmaniston–Eron temiryo‘l magistrali Shimol–Janub transport koridori loyihasining tarkibiy qismi sanaladi.

“Mazkur temiryo‘l Qozog‘iston, Turkmaniston va Eronni, shuningdek, Fors ko‘rfazi, Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarini bog‘lovchi strategik yo‘l hisoblanadi. U yuk va yo‘lovchi tashish hajmini oshiradi, tashish xarajatlarini kamaytiradi, vaqtni tejashga xizmat qiladi”, – dedi attashe X.To‘rayev.

Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishda, shuningdek, Turkmaniston–Afg‘oniston–Tojikiston temiryo‘lining ahamiyati katta. 2013 yilning iyunida boshlangan mazkur xalqaro loyiha ham katta iqtisodiy manfaat keltirishi kutilmoqda.

Turkmanistonlik diplomat O‘zbekiston–Turkmaniston–Eron–O‘mon tranzit koridorining ahamiyatiga ham to‘xtaldi. Mazkur yirik loyiha 2011 yil aprelda Ashxabodda imzolangan to‘rt tomonlama bitim asosida amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlanishicha, rasmiy Ashxabod Afg‘oniston–Turkmaniston–Ozarboyjon–Gruziya transport koridorini tashkil etishga ham katta e’tibor qaratmoqda.

Attashe X.To‘rayev aviatsiya sohasidagi o‘zgarishlarga to‘xtalib, joriy yil 18 sentyabrda foydalanishga topshirilgan Ashxabod xalqaro aeroporti xususida atroflicha ma’lumot berdi. 1200 gektar maydonni egallagan zamonaviy aeroport soatiga 2000 yo‘lovchi o‘tkazish quvvatiga ega. Uni qurishga 2,3 milliard AQSh dollari sarflangan.

Turkmaniston transport logistikasini rivojlantirish xususida so‘z borar ekan, bu borada Kaspiy dengizi ulkan imkoniyatlar tuhfa etishini ta’kidlash joiz. Ayni vaqtda Turkmanboshi portini modernizatsiya qilish ustida ish olib borilmoqda. Loyiha yakunida portning yuk o‘tkazish quvvati ikki barobarga ortib, yiliga 17 million tonnaga yetadi.  

“Tez muddatda Kaspiy dengizi va unga yaqin hududlar tovar ayirboshlash bo‘yicha peshqadam markazga aylanadi. U orqali Turkmaniston, Eron, O‘zbekiston, G‘arbiy Xitoy, Afg‘oniston, Qog‘og‘iston va okeanga chiqish imkoniyati cheklangan boshqa mamlakatlar Yevropa bilan savdo qilish imkoniga ega bo‘ladi”, – dedi attashe X.To‘rayev.

Ta’kidlanishicha, Turkmanistonning betaraf maqomi va mamlakatdagi barqarorlik boshqa sohalar qatori yirik transport loyihalarini ham ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.

Sobir Salim

Shu mavzudagi maqola: 

Turkmanistonda mustaqillikning 24 yilligi nishonlandi. 01.11.2015