Ahror Ahmedov: “Yaxshi kitoblar yuksak tog‘larga o‘xshaydi” (2012)

Onore de Balzak o‘lmas o‘xshatish yozib qoldirgan: «Yaxshi kitoblar o‘ziga chorlovchi yuksak tog‘larga o‘xshaydi». Ming afsus, ba’zan tog‘dan quyidagi adirlar sarobi ko‘zga chiroyliroq ko‘rinarkan. Axborot o‘chog‘ining achqimtil tutuni dimog‘imizni achishtirayotgani bois, tog‘larga tez-tez boqishdan-borishdan erinib qolayapmiz, shekilli… «Sharq» nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi bosh muharriri Ahror Ahmedov bilan suhbatimizda ana shunday mavzularda so‘z yuritdik.

— Bolaligimda qishlog‘imizda kutubxona bo‘lardi. Undan muntazam foydalanib turardik. Talabalik kezlarimda bir da’fa qishloqqa borsam, kutubxona ship-shiydam, deraza romlariga taxta qoqib tashlangan. Surishtirsam, kitoblar tuman markaziga olib ketilibdi… Ahror aka, poytaxtimizda katta-katta kutubxonalar ishlab turibdi, yangilari qurilyapti. Endi qishloqlarimizdagi boyagiday bo‘m-bo‘sh kutubxonalarni to‘ldirish vaqti yetmadimikan?

— Inim Foziljon, bu voqea, albatta, achinarli va menga eski zamonlarni eslatib yubordi. O‘shanda siz, nazarimda, jurnalistika fakulteti talabasi bo‘lgansiz-a? Xo‘sh, nega shu ishning orqasidan tushmadingiz? Kim kutubxona derazalariga taxta qoqib ketdi, kitoblar qayoqqa g‘oyib bo‘ldi? Bu safar qishloqqa borganda eski kutubxona binosini bir aylanib ko‘ring. Ahvoli qanday? Agar abgor bo‘lsa, hozir hamma joyda tadbirkor, fermer, sarmoyador topiladi. Birorta chog‘roq bino toping. Agar tushuntirsangiz ular bajonidil rozi bo‘lishadi, joy berishadi, bu ishga o‘zlari bosh-qosh bo‘lishadi. Kutubxonaning ochilish marosimiga Toshkentdan shoir-Yozuvchilar, san’atkorlarni olib borib, eldoshlaringizni bir quvontiraylik. Bitta kitob do‘koni ochasiz. Men, o‘z navbatida, korxonamiz rahbariyati bilan kelishib, imtiyozli narxlarda kitob­lar oldirib beraman. Boring, mayli, pulini kitoblar sotilgach qaytarish sharti bilan. Shu bahona bir kitob do‘koni ochilib qoladi, qishlog‘ingiz ahlining duosini olasiz. Qolaversa, bir ro‘zg‘orning qora qozoni ham qaynaydi. Kutubxona masalasida yana shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, xabaringiz bor, mustaqillik yillarida o‘sha siz aytayotgan qishloqlarda qanchadan-qancha litsey va kollejlar, maktablar qurildi. Tabiiyki, ularning hammasi zarur darsliklar, badiiy adabiyotlar, kitoblarning elektron nusxalari, kompyuter texnikalari bilan to‘la-to‘kis jihozlangan. Kitobga chin ixlos qo‘ygan qishloq yoshlari kitob o‘qishmoqda, deyish uchun to‘la asosimiz bor. Shunday ekan, masalani boyagi tarzda qo‘yish to‘g‘ri bo‘lmas-ov.

— Rivojlangan mamlakatlarda noshirlar iste’dodli Yozuvchini qidirib yurishar ekan. Bizda esa aksi, «Yozuvchi»larimiz shosha- pisha qoralagan qo‘lyozmalarini qo‘ltiqlab o‘zlari nashriyotga chopishadi. «O‘z oyog‘i bilan kelgan» qo‘lyozmalar nashr qilinadi-yu, tag‘in «o‘z oyog‘i bilan» ketadi? Shunday bo‘lgach, noshirlarimiz «zubachistka» tishlab o‘tirmasdan ne qilsin?

— Juda ham unchalik emas… Umuman olganda gapingizda jon bor. O‘zbek noshirchiligi o‘zbek mentalitetidan alohida yashay olmaydi. O‘zbekchilik, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, tabiiyki, noshirchiligimizda ham bor. Oqsoqol adiblarga e’tibor, yoshlarga g‘amxo‘rlik, o‘rta yoshlilarni xafa qilmaslik… Mana shunday sharoitda ham talab, munosabat, yondoshuvni sog‘lom, katta adabiyot manfaatlaridan, o‘quvchi orzu-istaklaridan, bozor ehtiyojlaridan kelib chiqib qilsak, ertaga uyalib qolmaymiz… «Sharq» ilgari ham muayyan noshirlik tajribasiga ega bo‘lgan. Mustaqilligimiz sharofati bilan kitob noshirligi va sotish ishlari asosan bozor munosabatlari talablaridan kelib chiqib faoliyatga kirishdi.Xaridorgir asarlarni tanlash aynan o‘sha kezlarda boshlandi. Biz tanlovimizni dastlab taniqli adiblarimiz Tohir Malik va Tog‘ay Murod ijodiga qaratdik. So‘ngra «XX asr o‘zbek romani» turkumini nashr eta boshladik. Jami 15 nomdan iborat turkum bugungi kunda nodir kitoblar sirasiga kiradi. Keyin «Saylanma» turkumi dunyoga keldi. Turkumni mashhur shoir Shavkat Rahmonning «Saylanma»si boshlab bergan. Odatda, Bosh tahririyatdan avval iste’dodni yoki o‘qishli asarni gazeta yoki jurnal kashf etgan bo‘ladi. Misol uchun, «XX asr o‘zbek romani» turkumi saralanishida butun O‘zbekiston Yozuvchilari va adabiyotshunoslari qatnashgan, gazeta va jurnallardan muharrirlar va taqrizchilar jalb etilgan edi. O‘lmas Umarbekovning «Fotima va Zuhra» romani qayta-qayta nashr etilganidan xabaringiz bor. Ana shu asarning «jurnal varianti» ham, «kitob varianti» ham mavjud. «Kitob varianti» asarning sayqallangan varianti bo‘lib qoldi. Bir qancha Yozuvchilar yangi asarlarini bevosita Bosh tahririyat bilan hamkorlikda yaratdi. Masalan, Abbos Saidovning «Besh kunlik dunyo», «Ko‘chada qolgan odam» romanlari birdaniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kitob holida o‘quvchiga taqdim etilgan. Tog‘ay Murodning «Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi» romani xususida ham shunday deyish mumkin. «XX asr o‘zbek romani» turkumi negizida «Asr oshgan asarlar», «Saylanma» turkumi barobarida «Tanlangan asarlar», «Jahon adabiyoti durdonalari», «Jahon sarguzasht adabiyoti», «Sevishganlar kutubxonasi» va boshqa yangi turkumlar 1997-2007 yillarda dunyo­ga keldiki, bu aynan iste’dodlarni va o‘qishli asarlarni izlash samarasidir. Bosh tahririyat nafaqat badiiy kitoblar, qolaversa, ijtimoiy-siyosiy mavzuda kitoblar noshiri ham hisoblanadi. Buyuk ajdodlarimiz va qadimiy shaharlarimizga bag‘ishlangan albomlarimiz, O‘zbekistonda albom noshirchiligi va matbaachiligini mahalliylashtirishga zamin hozirladi.

Bundan yigirma besh yilcha muqaddam albomlar asosan Moskvada nashrga tayyorlanar, Belgrad yoki Pragada chop etilar edi. Endilikda «Sharq» va Bosh tahririyat negizida albom noshirchiligi va matbaachiligi to‘la-to‘kis mahalliylashtirildi, ya’ni murakkab va sermehnat kitoblar tannarxi arzonlashtirildi. Asta-sekin darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari noshirchiligiga ham o‘tildi. Yangi asr boshlariga kelibgina to‘laqonli nash­riyot darajasiga ko‘tarila oldik. Ana shunda O‘zbekiston kitob bozorida o‘z savdo tarmog‘imizga va tizimimizga ega bo‘lish zarurati tug‘ildi. Qisqasini ayt­ganda, O‘zbekiston kitob bozori talablari bironta noshirni siz aytganday tish kovlab o‘tirishga qo‘ymaydi. Xullas, qiladigan ishlarimiz ko‘p….

Xususan, kitob savdosini rivojlantirish kerak. Ilgari noshir kitob savdosi bilan shug‘ullanmasdi. Bu uchun alohida tizim — «O‘zkitobsavdo» tashkiloti bo‘lardi. Umuman olganda hozir ham bu tashkilot bor. Biroq uning faoliyati nimadan iborat ekanini bilmayman. Masalan, ular bizning birorta kitobimizni olmagan. Biz joylarda kitob do‘konlari ochyapmiz. Ammo bu juda og‘ir va serxarajat ish. Biror tumanga borib joy qidirish, yo bino qurish, yo biror tadbirkorning tayyor joyi­ni ijaraga olish, uni jihozlash va hokazo. Do‘kon ochilgandan keyin ham xarajatlarni qoplashga 3-4 yil ketadi. Shuni bilingki, hech bir nashriyot badiiy adabiyot chop etib boy bo‘lmagan. Chunki kitoblar 2-3 yil, ba’zan 4-5 yilda sotib bo‘linadi. Qilingan xarajatlarning 4-5 yilda qoplanishi esa tadbirkorlik nuqtai nazaridan daromadli ish emas. Shuning uchun joylarda mahalliy hokimiyat, (Hali ham birorta kitob do‘koni yo‘q tumanlarimiz bor) tadbirkorlar tomonidan kitob do‘konlari ochilsa, maktab kutubxonalarining eski kitob fondlari izchil, tizimli tarzda yangi adabiyotlar bilan to‘ldirib borilsa, kutubxonalar faoliyati tubdan yaxshilansa, kitob savdosi tashkiloti faoliyati tubdan yangicha yo‘lga qo‘yilsa, kitoblar ham ko‘payadi, tiraj oshadi, demak narxi ham arzonlashadi, xalq­qa yaxshi kitoblar yetib boradi.

Kitob targ‘ibotining muhim sharti reklama. OAVda, ya’ni TV, radioda reklama esa qimmat turadi. Egaridan tushovi qimmat degani shu. Kir sovun yoki kir yuvish kukuni bilan kitob reklamasining narxi bir xil. Menimcha, kitob reklamasi narxini keskin arzonlashtirish yoki butunlay tekin qilib qo‘yish kerak.

— Inson o‘qishdan to‘xtasa, fikrlashdan to‘xtaydi deydi faylasuflardan biri. Faqatgina telefondagi SMSu internetdagi Feysbuk yozishmalarini o‘qiyotgan tengdoshlarimiz fikrlayaptimi yo shunchaki ovunishyaptimi?

— Savolingizga javob berishdan avval Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan kitob ko‘rgazmasidagi bir hodisani aytmoqchiman. O‘shanda jurnalistlar bir jihatga alohida e’tibor qaratishgandi. Ana shu ko‘rgazmada, deylik, Lev Tolstoyning «Urush va tinchlik» romani ham elektron nusxada, ham alohida kitob tarzida taqdim etilgan. Bosma kitobga qaraganda ko‘proq bezatilgan elektron nusxadagi tegishli tugmachalarni bosib, istalgan sahifani ochib o‘qishingiz, ayni mahalda boshqa turdosh manbalardan Lev Tols­toy yoki «Urush va tinchlik» haqida qo‘shimcha ma’lumotlar olish imkoniyatlari mavjud bo‘lgan. Biroq ko‘rgazmaga kelganlar ko‘proq «Urush va tinch­lik»ning bosma nusxasi bilan qiziqqan. Bu narsa, mutaxassislarning fikricha, bosma mahsulot ko‘rinishidagi kitob yana eng kamida yarim asr davomida xaridorgir mahsulot bo‘lib qolishidan dalolat beradi. Negaki, bosma mahsulot ko‘rinishidagi kitob «moddiy tovar»dir. Kitob­dan nafaqat axborot tashuvchi manba, qolaversa, xonadon yoki ofisni bezatuvchi ashyo sifatida foydalanish ham mumkin. Elektron mahsulot sifatidagi kitobga «virus» tushishi yoki istalgan o‘zgartirish kiritilishi mumkin, kitob esa bir umrlik tovardir. Kitob yoki kitob ishi yuzaga kelishida Insonning Yozuvga yoki yozilgan narsalarga qat’iy ishonchi muhim omil bo‘lgan. Elektron mahsulot ko‘rinishidagi kitobga o‘tilishi uchun ma’lum vaqt va moslashuv davri talab etiladi. Shunday bo‘lsa-da, «Sharq» nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kom­paniyasi Internetda o‘z veb-saytini ochdi, keyingi 20 yilda nashr etilgan kitoblar annotatsiyasi, surati va sahifalangan matni bilan birga tanishtirib borilmoqda.

— Esimni tanibmanki, «Bozor adabiyoti» degan tushuncha ishlatilayotganiga guvoh bo‘lib kelyapman. Kitobxonlar hamon «bir marta o‘qigulik kitoblar»ga aldanyapti. Bu tushunchaning jamiyatimizga kirib kelishiga qanday kuch sabab bo‘ldi ekan-a?

— Qadimgi Sharqda qariyb 100 ga yaqin shoirlar «Xamsa» yaratgan. Ammo Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Alisher Navoiy «Xamsa»larini butun jahon tan oladi. Napoleon Bonapartning Rossiyadagi urushlari haqida yuzlab kitoblar, jumladan, badiiy asarlar yaratilgan, biroq, Lev Tolstoyning «Urush va tinchlik» epopeyasi jahon adabiyoti binosidagi pishiq va to‘g‘ri qo‘yilgan g‘isht sanaladi (Gabriyel Garsia Markes iborasi). «Bir marta o‘qiladigan va tashlab yuboriladigan» yoki «bulvar» kitoblar barcha mamlakatlarda mavjud bo‘lgan va bo‘laveradi. Binobarin, xiyobonda skameykada o‘ltirib o‘qib, dam olib bo‘lgach, tashlab ketiladigan, bir marta zavq bilan yoki zerikkandan o‘qiladigan kitoblarga shunday nisbat beriladi. Tashlab ketishni tashlab yuborish, deb o‘ylamang. Umuman chel elda yaxshi bir odat bor. O‘qiladigan narsa u xoh kitob, xoh gazeta-jurnal bo‘lsin, xiyobondami, bekatdami, metrodami, turayotib o‘z o‘rindig‘iga qo‘yib ketadi. Uning o‘rniga o‘tirgan boshqa odam bexijolat o‘qib ketaveradi. Aleksandr Dyumaning «Uch mushketyor» romani ham Parij bulvarlarida o‘qilgan, tashlab ketilgan kitobchalar ko‘rinishida dunyoga kelgan. Durdona kitoblar zamonda o‘z umrini yashaydi, vaqt o‘tgani sayin qadr-qimmati ortib boraveradi. Afsuski, keyingi yillarda adabiy gazeta va jurnallarimizda buyuk va durdona asarlar deyarli muhokama qilinmasdan, mutolaa madaniyati va umuman kitob bozoridagi ahvol deyarli yoritilmasdan qo‘yildi.

— Yaqinda «Sharq ziyokori» do‘konida nashriyotlaringizda chop etilayotgan sovg‘abop asarlarni ko‘rdim. Narxi qimmat bo‘lsa-da, bejirimligi qo‘zni quvnatadi. Iqtisodiy jihatdan baquvvat, boy nashriyotlargina shunday ishlarga qo‘l urishi mumkin, degan fikr xayolimdan o‘tdi.

— «Sharq» kompaniyasi kitob noshirchiligini yo‘lga qo‘yish va rivojlanishtirishga qat’iy kirishganidan beri har yili o‘rtacha 125-150 nomda mustaqil kitoblar dunyoga keldiki, Bosh tahririyat tuzilganidan beri nashr etilgan kitoblar umumiy nomi 3000 taga yaqinlashib qoldi. Ana shu kitoblar orasida ustiga alohida g‘ilof qoplangan «sovg‘abop» nusxalari tayyorlanishi (100 tadan 500 nusxagacha) noshirchilik va matbaachilik, umuman, kitobat ishimizda o‘ziga xos yangilik bo‘ldi. To‘g‘ri, bunday kitoblar ancha qimmat turadi. Lekin «arzonning sho‘rvasi tatimas» deganlaridek, kitob egasi o‘zi sotib olgan bosma mahsulotni nihoyatda qadrlaydi, uni avloddan-avlodga butun va ko‘rkam holda yetib borishiga harakat qiladi. Ma’lumki, Sharqda, xususan, Buxoro yoki Xivada xonlar va amirlar saroyi kutubxonalarida eng nodir va durdona kitoblar saqlangan. Aynan davlat kitoblar hatto diplomatik sovg‘a bo‘lgani uchun kitobat ishiga madad bergan, nazorat qilib turgan… Savolingiz biroz bir yoqlamaroq. Biz qimmat kitoblarni, ya’ni sov­g‘abop kitoblarni tayyorlashni endi-endi yo‘lga qo‘yyapmiz. Bu nashriyot boyib ketganidan emas. Bu, yana qaytaraman, bozor talabi, bugungi kun, bugungi sharoit, imkoniyat talabi. Kitobxonlarning chiroyli bezatilgan, ko‘rkam, qimmatbaho kitoblarni sotib olishga qurblari kelmoqda. Xalqimizning ma’naviyati boyimoqda. Bu qanchalar yaxshi! Bu bugungi kun talabi, shart-sharoiti, jahon andozasi.

— Sizningcha, kitob o‘qigan odam baxtli bo‘lishi mumkinmi?

— «Dunyoni go‘zallik qutqaradi» degan gap bor. Lekin men ko‘proq «Dunyoni kitob qutqaradi» degan gapga ishonaman. Ko‘z oldimdan ketmaydi, o‘tgan yili Fukusima fojiasi bo‘lgan kezlar, talafot ko‘rganlarning bir guruhi yaqinroq maktabning sport zaliga joylashtirilgan holat televizor orqali ko‘rsatildi. Bor budidan judo bo‘lgan bir yapon yigit choyshabga o‘ralib, sport zal poliga muk tushib kitob o‘qirdi. Yana o‘sha telelavhada egasiz supermarketga kirgan bir yapon ikki dona suvni oldi-yu, chiqib ketdi. Ajab, shunday fojia yuz bersa-yu, birorta «marodyor», ya’ni kafanduzd bo‘lmasa?! Bu kitobning, ma’rifatning sharofatidan desam ishonavering… Ikkinchi jahon urushida yengilgan yaponlarning bugungi taraqqiyoti zamini ham nimadan, deb o‘ylaysiz? Albatta, kitobdan… Men kitob haqida ko‘p gapiraman: televideniye, radio, gazetalarda. Ba’zan savol berishadi: «Gapingizdan shunday ma’no chiqadiki, kitob o‘qigan odam baxtli bo‘lar ekan-da?» Qaniydi «ha» deb baralla aytolsam… Yo‘q, hamma kitob o‘qigan ham baxtli bo‘lavermaydi. Garchi kitoblar baxtga yetish yo‘lini ko‘rsatib bersa ham. Lekin bir narsaga aminman, kitob o‘qigan odamdan aslo yomonlik chiqmaydi, u balki juda boy, to‘kis yashamas, lekin to‘g‘ri, halol yashaydi, qanoatli bo‘ladi. Ichki butunlik, xotirjamlik, ko‘zi to‘qlik uning hayotiga nur, fayz, mazmun baxsh etib turadi. Aslida shuning o‘zi baxt emasmi?! Bot-bot ko‘rishganimizda prokuratura tizimida xizmat qiladigan tanishlarimdan so‘rayman: «Jinoyat sodir bo‘lishidan oldingi holatlar, jinoyat motivlarida kitob bormi, hech kitob o‘qib o‘tirib, uni shartta yopib, shu ishiga qo‘l urgan holatlar-chi?» Ular doim «yo‘q» deyishgan. Odam televizor ko‘rib, video ko‘rib, komp­yuterdan turib, to‘ydan chiqib jinoyatga qo‘l urgan bo‘lishi mumkin, faqat kitob o‘qigandan keyin emas… Mana shu birgina holatning o‘zi ham kitobning shaxs va jamiyat hayotidagi o‘rnini ko‘rsatib beradi. Demak, biz kitobni ko‘proq targ‘ib qilsak, uni hayotimizning ajralmas bir qismi, turmush tarzimizning o‘ziga xos bir ko‘rinishi deb bilsak, avval o‘zimiz, keyin farzandlarimiz, nevaralarimiz ongiga buni singdirishimiz kerak. Shunda jamiyat hayoti ham tobora sog‘lomlashib boradi.

Qaysidir mamlakatda bir oila kengashgan holda xonadondagi bir qancha texnika vositalaridan — televizor, radio, sot­ka, kompyuterdan foydalanmasdan, nodir badiiy asarlarni o‘qiy boshlashibdi. Oradan yarim yil o‘tgach, ular juda ko‘p asar mutolaa qilishga ulgurishgan ekan. Alqissa, axborotlar oqimi zamonida Balzak aytgan cho‘qqini zabt etish uchun bundan boshqa chora yo‘qqa o‘xshaydi!

Fozil Farhod o‘g‘li suhbatlashdi.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2012).