Abror Muxtor Aliy: “Ramazon — ilm va kitobxonlik oyidir” (2017)

Abror Muxtor Aliy 1976 yili Namangan viloyati Chust tumani Karkidon qishlog‘ida tug‘ilgan. 1992 yil o‘rta maktabni bitirib, Andijonda “Abdussalom Maxdum” madrasasida tayyorlov kursida o‘qigan. 1996 yilda Andijondagi “Sayyid Muhyiddin Mahdum” madrasasida tayyorlov kursida tahsil olgan. 1998‑2000 yillarda Namangandagi “Mulla Qirg‘iz” madrasida o‘qigan.   2000-2008 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Islom institutida tahsil olgan.

2008 yili Respublika qorilar musobaqasida ishtirok etib, «mujavvid qorilar» yo‘nalishi bo‘yicha 3-o‘rinni olgan. 2008 yil G‘azalkent shahrining jome’-masjidida imom xatiblik qilgan. 2008-2009 yilda Urganch shahridagi «Faxriddin ar-Roziy» madrasasida mudarrislik qilgan. 2009-2011 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Oliy jurnalistika kurslarida tahsil olib, magistrlik darajasini olgan.

Izuddin Bayyanuniyning «Tahorat va namoz hukmlari» nomli kitobini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. “Oltin silsila” hadislar to‘plami tarjimonlaridan biri.

— Insonning eng beg‘ubor, shu bilan birgalikda mas’uliyatli davrlaridan biri ham – yoshlikdir. Zero, aynan shu davrdagi harakatlar insonning kelajagiga ishora qiladi. Yoshlik davrlaringiz, o‘sha paytdagi intilishlaringiz haqida so‘zlab bersangiz.

— Bismillahir rohmanir rohim. Alhamdulillah, assolatu vassalamu ala rosulillah va ba’d. Assalamu alaykum va rohmatullohu ta’ala va barokatuh.

Yoshlik yillarim dahriy tuzumning eng qaynagan davriga to‘g‘ri kelgan. 6 yoshimdan maktabga borganman. Adabiyot, madaniyat va siyosatga qiziqadigan oilada katta bo‘lganim uchun bolalikdan kitobga mehr qo‘ydim. Uyimizda ko‘pincha ma’rifiy va badiiy asarlar o‘qilardi, tonggacha kitobxonlik, adabiy bahslar bo‘lardi. Bizning tilimiz she’riyat bilan chiqqan. Garchi ma’nolariga yaxshi tushunmagan bo‘lsam-da 7 yoshimda o‘sha paytda juda mashhur bo‘lgan Abdulla Oripovning “Yillar armoni” kitobidagi 60-70 foiz she’rlarni yod olgandim. Dadam zehnni o‘stirish uchun ko‘p she’r yodlatardilar, jahon adabiyotidan Ernest Xeminguey, Prosper Merime, Gabriel Garsia Markes kabi mashhur ijodkorlarning asarlarini o‘qib berardilar. Maktabda ham a’lo baholarga o‘qidim.

Buvim qishloqning otin oyisi edilar. Dastlabki diniy ta’limni buvimdan olganman. “Qoidai Bag‘dodiy”dan savodimni chiqarganlar, So‘fi Olloyor rahimahullohning “Sabotul Ojizin” asarini, Ahmad Yassaviy rahimahullohning “Hikmatlar”ini yodlashimda turtki bo‘lganlar.

— Albatta farzandning ham ma’nan, ham jismonan yetuk yetuk inson bo‘lib voyaga yetishida oilaning, ota-onaning o‘rni beqiyos. Oilangiz haqida ham so‘zlab bersangiz. Shu o‘rinda oilada farzand tarbiyasi haqida qanday tavsiyalar bera olasiz?

— Dadam dehqonchilik bilan shug‘ullangan bo‘lsalar-da, adabiyot, jurnalistikaga juda qiziqardilar, shu sohada ta’lim olishni orzu qilardilar. U kishining orzulari menda ushaldi, shekilli, jurnalistika sohasida o‘qidim, adabiyotni ham o‘rgandim. Onam ham doim haloldan kasb qilish haqida ta’lim berardilar. So‘fi Olloyordan baytlarni sharhlab, yodlatardilar.

Allohga shukr, 7 farzandimiz bor, 2 qiz, 5 o‘g‘il. O‘g‘illarimizning barchasi ismi Muhammad bilan boshlanadi: Muhammad Amin, Muhammad Sodiq, Muhammad Nur, Muhammad Toha, Muhammad Zakiy. Alloh ularning umrlarini ziyoda qilib, ilmga xizmat qiladiganlardan qilsin. Ularni ham ota-onamiz bizni tarbiyalaganlari kabi kitobga muhabbatli qilib voyaga yetkazishga harakat qilyapmiz.

Farzand tarbiyasi borasida kitoblarda yozilishicha, ularga eng avvalo halol luqma yegizish kerak. Farzandingiz kimga o‘xshashishini xohlasangiz, o‘sha kishilarni hurmat qilishingiz kerak. O‘g‘lingiz ahli ilm bo‘lishini istaysizmi — olimlarni hurmat qiling, xizmatini qiling, duosini oling. Shundagina sizning farzandingiz ham olim bo‘ladi. Tarix kitoblarida yozilishicha, olimlarni so‘kkan, hurmat qilmagan insonlarning zurriyodidan zolimlar, aqli kaltalar chiqqan. Alloh asrasin.

— Sizni Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning shogirdi sifatida yaxshi bilamiz. Marhum hazratning ustoz va murabbiy sifatida fazilatlari qanday edi? Har xil holat bo‘ladi. Ba’zan darsni o‘zlashtirolmay qolgan paytlaringiz bo‘ladi. Shu holatda Shayx qanday yo‘l tutardilar. Umuman ustoz-shogirdlik jarayonida qanday qiziq voqealar bo‘lgan?

— Alloh taolo ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohni rahmatiga olgan bo‘lsin. Men Andijon, Namangan va Toshkentda ham ko‘p ustozlardan ta’lim oldim. Alloh barchalaridan rozi bo‘lsin. Ular orasida Shayx hazratlarining menga ta’sirlari juda katta bo‘lgan. U kishi ta’lim jarayonida hech qachon dakki bermasdilar. Xato qilsak ham kechirardilar. Ish bor joyda albatta xato ham bo‘ladi, derdilar. To xatomizni anglab yetguncha sabr qilardilar. Shundan so‘nggina muqobilini ko‘rsatardilar.

Ko‘pincha mening ahli bid’atlarga qarshi faoliyatimni tanqid qilishadi. Lekin Shayx hazratlari kimdir ularga asosli javob berishi shartligini ta’kidlardilar. Har bir davlatning mudofaa vazirligi bo‘lgani kabi jamiyatni mana shunday g‘oyalarga qarshi mudofaa etib turilmasa, ularning ta’sir doirasi oshib, hali diniy e’tiqodi, aqidasi shakllanmagan yoshlar ularning ta’siriga berilib qolishi haqiqat. Boshqa yurtlarda ham buning oqibatini  ko‘rdik. Mana shunday botil aqidalar ta’siriga tushib qolgan yoshlar butun bir mamlakatlarning boshiga balo bo‘ldilar.

Shayx hazratlari bizni hech qachon bo‘sh qoldirmasdilar. Sal ishimiz kamaysa shaxsiy elektron qutimizga tarjima uchun maqolalar, kitoblar tashlardilar, ma’lum masalaning javobini topinglar deb topshiriq berardilar, ba’zi hadislarning aslini topishni, o‘rganishni ta’kidlardilar.

Hazrat juda ham zakiy, yuksak farosatli inson edilar. Voqelikni juda yaxshi anglardilar. 2001 yili ilk xatmga o‘tganimda orqamdan bir kishi noto‘g‘ri luqma berib, meni adashtirmoqchi bo‘laverdi. Uning maqsadi meni xatmga o‘tkazmaslik ekanini angladim. Vaziyatni Hazratga tushuntirdim. Shayx indamadilar. Bir to‘y majlisida Shayx hazratlari ajoyib usul qo‘lladilar. Odatda majlislarda hamma Hazratning og‘izlariga qarab turar, meni gapirarmikinlar deb kutar edi. Chunki Shayxning bir nigohlari, maqtovlari ham obro‘ bo‘lib, nomi aytilgan kishi ham hurmatga sazovor bo‘lardi. Men to‘yda choy tashib yurardim. Majlisda meni adashtirmoqchi bo‘lgan odam ham bor edi. Shunda hazrat menga qarab: “Abror domla, falonchini falon joyda ko‘rdingizmi? O‘sha odam haqida nima deysiz?” dedilar. Hayron qoldim. Hazrat aytgan odamni ham tanimayman. U joyda bo‘lganimni ham eslolmayman. Lekin Hazrat nomimni aytib, mendan fikr so‘ragani uchun hamma menga havas bilan qaradi. Buning hikmatini keyin bildim. Shom namoziga turdik. Hazrat menga azon aytishni buyurdilar. Namozdan keyin adashtirgan haligi odam kelib, meni qattiq bag‘riga bosdi. Bilishimcha, haligi odamga Hazrat meni yaqin olishlarini shu uslubda bildirib qo‘ydilar. Bu hodisaning asl ma’nosini Hazrat, men va o‘sha meni xatmda adashtirmoqchi bo‘lgan kishigina bilardi xolos. Shayx shu daqiq usul bilan bizni yarashtirgan, haligi kishining qalbida ham menga nisbatan iliqlikni uyg‘otib qo‘ygan edilar.

— Mana, Allohga hamdlarki, Ramazon oyini ham boshlab oldik. G‘animat kunlarni ko‘ngildagidek o‘tkazish uchun qanday maslahatlar bera olasiz?

— Ramazon oyi barchalarimizga muborak bo‘lsin! Alloh taolo bu oyni barakotli, fayzli, futuhli qilsin!

Ramazon oyida Islom tarixida eng katta futuhotlarga erishilgan. Bu oyda Qur’oni karim nozil bo‘lgan, Badrda g‘alaba qozonilgan, Makka fath etilgan, Salohiddin Ayyubiy Quddusni fath etgan.

Tabaroniy rivoyat qilgan hasan-sahih hadisda shunday deyiladi:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarila turib: “Omin! Omin! Omin!” dedilar.

“Ey Allohning Rosuli! Minbarga ko‘tarila turib: “Omin! Omin! Omin!” dedingiza?” deyildi. Shunda u zot: “Oldimga Jibril kelib: “Kim Ramazon oyini topsayu va mag‘firat qilinmasdan jahannamga kirsa Alloh uni xor qilsin! Siz: “Omin!” deng!” dedi. Men: “Omin!” dedim.

“Kim ota onasini (keksalik chog‘ida) topsa va ularga yaxshilik qilmay o‘lsayu, jahannamga kirsa Alloh uni xor qilsin! Siz: “Omin!” deng!” dedi. Men: “Omin!” dedim.

“Kimning oldida siz zikr qilinsangiz, sizga salavot aytmasa, keyin o‘lib jahannamga kirsa Alloh uni xor qilsin! Siz: “Omin!” deng!” dedi. Men: “Omin!” dedim”, dedilar”.

Ramazon oyida mag‘firatga erishish huddi ota-onaga yaxshilik qilish bilan jannatga kirishga tenglashtirilmoqda. Ramazon shunday oyki, undan mag‘firat qilinmay chiqib ketish badbaxtlikdir.

Bu oyni har bir kishi kitobxonlik oyiga aylantirishi kerak: Qur’on o‘qish kerak, hadislarni o‘rganish kerak, ikki dunyomizga foydali kitoblarni mutolaa qilish kerak. Kitoblarimizda bu oyning har bir daqiqasini g‘animat bilib, kunduzlari soim, kechalari qoim bo‘lib, taroveh, tahajjud ibodatlarini ado etish, ilmiy suhbatlarda ishtirok etish bilan o‘tkazish tavsiya etiladi.

— Ramazon – ehson va sadaqotlar oyi. Lekin hamma ham ushbu moliyaviy ibodatni kimga qilishni bilmaydi. Bugungi kun voqeliklaridan kelib chiqib, xayr va ehsonlarni kimga bergan ma’qul?

— Shariatda sadaqa, xayr va ehsonning o‘z istilohlari bor. Ramazon oyida qilingan ishlarning savobi 10 baravardan 700 baravargacha va undan ortiq bo‘lishi e’tiboridan bu oyda xayr-sadaqa va zakotni berish fazilatlidir. Lekin ba’zi ulamolar zakotni faqatgina Ramazonga bog‘lab qo‘yishni ma’qul ko‘rmaydilar. Chunki Ramazondan boshqa oylarda ham faqirlar zakotga muhtoj bo‘ladi.

Xayr‑ehsonga eng haqdor toifa kishining o‘z yaqinlaridir. Zakotni oila va ota-onaga berilmaydi. Lekin opa-singil, aka-uka, amma-xola, tog‘a-amakilar, qo‘shnilarga berish afzal.

Ehson ma’nosida Payg‘ambar alayhissalom: “Kishining infoq qilishga eng haqlisi o‘ziga qilganidir” deb marhamat qilganlar. “O‘zi” deganda o‘zi, xotini, bola-chaqalari ham tushuniladi. Har bir inson o‘zini o‘zi to‘ydirib, muhtojlikdan olib chiqsa, jamiyatda kambag‘al qolmaydi.

Shuningdek, ushbu oyda kambag‘allarga iftorlik, saxarlik qilib berish, beva-bechora, keksalar holidan xabar olish fazilatli amallardan.

— An’anaviy savolimiz — kitobxonlik haqida. O‘zingiz yoqtirgan va boshqalarga ham albatta o‘qishni tavsiya etadigan 3 ta kitobni aytsangiz.

— 3 ta kitob bilan kifoyalanish juda qiyin. O‘zbek kitobxoni Navoiydan albatta o‘qishi kerak. Hech bo‘lmasa “Munojot”ni, “Qirq hadis”ni o‘qish kerak. “Xamsa”ni o‘qib, ma’nosini uqilsa, nur ustiga nur.

Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlari”ni albatta o‘qish kerak. Men bu asarni o‘qishdan cho‘chib turaman. Chunki agar 1-2 sahifa o‘qisam, tugatmaguncha ko‘nglim joyiga tushmaydi. 15 marta o‘qib chiqqanman. Cho‘lponning “Kecha va kunduz”i ham badiiy saviyasi yuksak asarlardan. Fitratning she’riyat haqidagi “Vazn” kitobi ham menga katta ta’sir qilgan.

O‘zim Abdulla Oripov va Erkin Vohidov she’rlarini maza qilib o‘qiyman.

Pushkinning “Kapitan qizi” asarini tavsiya qilaman. Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” epopeyasini, Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” romanini, Xemingueyning “Chol va dengiz” qissasini, Markesning “Yolg‘izlikning yuz yili” romanini o‘qish kerak.

Mashhur turk adibi Najib Fozilni tavsiya qilaman. Najib Fozil turkiy millatlar fikriy dunyosini oshirishga katta hissa qo‘shgan.

Fikriy immunitet bo‘lmay turib, falsafani o‘qishda ehtiyot bo‘lish kerak. Falsafa borasida avvalo “Ihyou ulumid-din” muallifi Abu Homid G‘azzoliyning  “Tahafutul falasifa” (“Falsafaning ahmoqliklari”) asarini o‘qishni tavsiya qilaman. Afsus hali o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan. Bunda muallif falsafani 8 turga ajratib, uning haqiqiy ta’rifini bergan. Bu asarni o‘qigan kishi Freyd, Kant, Nitshe falsafalarini tahlil qila oladi.

— O‘zingiz shaxsiy kutubxona yuritasizmi?

— Kitobga muhabbat yoshlikdan bo‘lgani uchun albatta shaxsiy kutubxonamni boyitib borganman. Musofirchilik ko‘ch-ko‘chlarida hamma narsam qolsa ham kitoblarimni ko‘tarib yurganman.

Shaxsiy kutubxonamda Shayx hazratlarining kitoblari, “Oltin silsila” hadis to‘plamlari, ahli sunna val jamoa aqidasi va fiqhga oid kitoblar, Navoiy asarlari, bir qancha badiiy va ilmiy kitoblar jamlangan.

Ota-onalar farzandlariga har xil narsalardan ko‘ra, kitob sovg‘a qilishlari, har biri uchun alohida kitob javoni tashkil etib, “Bu sening kutubxonang, buni mana bu kitob bilan boyit, mana bunisini albatta o‘qib chiq. O‘qiganingni bir tomonda, hali o‘qimaganlaringni boshqa tomonda taxlagin” deb maslahat berishlari kerak.

Shaxsiy kutubxona inson ma’naviy kamolotining eng katta manbalaridan biridir.

Davronbek Tojialiyev suhbatlashdi