Ikki echki

Ikki qaysar echki bo‘lgan ekan.
Kunlardan bir kuni ikkalasi anhor ustidagi yakka cho‘p ko‘prik ustida uchrashib qolishibdi. Ikkisidan biri yul berishi kerak ekan.
— Yo‘l ber! — debdi biri.
— Sen yo‘l ber! — debdi ikkinchisi.
— Seni deb orqamga qaytamanmi? — debdi birinchisi.
— Bo‘lmasa seni deb men orqamga qaytamanmi? — debdi ikkinchisi.
Shunday qilib ikkalalari achchiqlanib, suzishib ketishibdi.
Keyin birinchi echki uch qadam, ikkinchi echki uch qadam orqaga qaytib, birdan bir-birlariga hamla qilishibdi. Shoxlari shoxlariga tegib, chaqmoq chaqqandek bo‘libdi.
“Qars” etgan ovoz dalani tutibdi.
Ikki echki yumaloq-yostiq bo‘lib anhorga ag‘darilib ketibdi.