Yusuf Shomansur (1936-1978)

Yusuf Shomansur 1936 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetida hamda Moskvadagi Oliy adabiyot kursida o‘qigan. Uning “Mehringga to‘ymayman”, “Qalam va umr”, “Yuragim”, “Tabassum”, “Qiziq-qiziq”, “Dostonlar” nomli qator she’riy to‘plamlari, “Qora marvarid” romani nashr etilgan.
Yusuf Shomansur 1978 yilda vafot etgan.

* * *

Qabog‘in ishqar quyosh, hali ufq ortida,
Yostiq bilan bir bo‘lib, sochi to‘zg‘ib uxlar tong.
Bulbul ham mizg‘ib qolar gul ochilgan paytida,
Tanimni jimirlatar sukut o‘zi bir ohang.

Muzdek nafas ufurar dimog‘imga bedazor,
Asablarim torlari yumshar ipak toladay.
Gullagan bedalarning boshida oq jig‘a bor,
Yozda to‘r do‘ppi kiygan uch yasharlik boladay.

Beda bargin uchida qalqib turar marvarid,
Kiprigim qimirlasa to‘kilguday duv etib.
Qanchaki jafo cheksam, qancha qilsam parvarish,
Shu shabnam donalarni terolmam inju etib.

Uyatchan kelinchakning ohista shiviriday
Bedazorni oralab esib qoldi shabboda.
Shudring donachalari soxta ishq taqdiriday
Uzildi shoda-shoda, uzildi shoda-shoda…

* * *

Atirgul novdasi
Tiniq shishada,
Tiniq suvda nozik ildiz chiqardi.
Uni ko‘rgan sarim
Aqlim shoshadi,
Tasavvur etaman uyda gulzorni.
Cho‘g‘day g‘unchalarni
Uzib xayolan
Kimgadir xayolan qilaman sovg‘a.
Bahramand bo‘larkan
Nurdan,
Ziyodan,
Atirgul ildizi yashnadi suvda.
Oxiri
Ildizlar o‘sib,
Ko‘payib,
Billurday shishaga borib taqaldi.
Shunda,
Ildizchalar birdan sarg‘ayib,
Novda yashilligi,
Ko‘rki yo‘qoldi…
Xonamda mo‘l
Toza havo,
Toza nur
Ildizlar
Buncha tez qurib, so‘lmasa?
Ha,
Har qanday hayot
Yozolmas tomir
Jindakkina
Qora tuproq bo‘lmasa…

HAFTA

Dovullarni pisand qilmasdan hatto,
Sukunatning sovuq qa’riga cho‘kmay,
Bir tekis aylanar charxpalak – hafta,
Ariqdan, yo‘riqdan, tarixdan chiqmay.

Yakshanbadan toki shanbaga qadar
Chambarchas, o‘lchovlik mo‘jaz bir gardish.
Girdobidan necha asrlar o‘tar,
Inson zoti ko‘rgan farog‘at, tashvish.

Ettita bahodir – yetti qodir kun
Zamon xizmatida nom olmish – hafta.
Dunyoda eng kichik, eng botir qo‘shin –
Shulardan, ming yilki xato yo‘q safda.

Hech narsa dunyoga kelmagay qaytib,
Hech narsa muntazam yashamas takror.
Haftaning kunlari kelar saf tortib,
Hayot manguligin kim etar inkor?

Aylanib-aylanib kelavergach, oh,
Haftaning yetti band mangu qo‘shig‘i.
Odamzod toliqdi, hayqirdi nogoh:
Bir kunga so‘nsaydi bu otash cho‘g‘i…

…Haftaning bir kuni odamzod tindi,
Xizmatiga bormay yotdi uyida.
Daraxtning bir shoxi, nahotki, sindi,
Nahotki, bir qudrat sindi poyida?

Yo‘q, yo‘q, bu insonni ovutmoq uchun
Sirtiga moy surgan azaliy mehnat.
Qani, o‘sha orom, farog‘atli kun –
Ayri tushdimikin qalbdan muhabbat?..

…Holbuki, haftaning har oni hayot,
Orom deganlari yolg‘on, majoziy.
Hafta qo‘shinida abadiy sabot,
Qarshi turolmagay dunyo sarbozi.

Aylana-aylana chiyrig‘idan u
Zamon-zamonlarni o‘tkazar yutib.
Komiga tortsa ham qancha baxt, qayg‘u,
Ozaymas, ko‘paymas, yashar ne kutib?

Bilolmadim, o‘ylay-o‘ylay shu haqda
O‘tib ketdi, mana, necha yuz hafta…

* * *

Chuchmal gaplarga hech tob-toqatim yo‘q,
Yoqtirmayman soxta mulozamatni.
Yorib ko‘rsatmoq-chun ko‘ngilni aniq
Tig‘ kabi to‘g‘ri til lozimmasmi?
“Bahor!” “Bahor!”
Derlar bo‘lar-bo‘lmasga,
Yuz bahorni ko‘rdi derlar falonchi.
Axir, hayot faqat gul, sunbulmasku,
Faqat gulda ko‘rmang gulgun olamni.
Achchiq ayozlarga dosh bermasa gar,
Inson qolar edi dovuchchaday g‘o‘r.
Jazirada
Toblanmasa odamlar
Chechak ham cho‘yanday tuyular og‘ir.
Bahor, gul qadrini
Etmayman inkor,
Gul o‘rnida
Temir tutmasman qizga.
Faqat guldan rohat
Topmasman zinhor,
Termilib o‘tmasman rayhon, yalpizga.
To‘rt ming fasl mavjud
Kurash yo‘lida,
Hayot daraxtida ming xil novda bor.
Bo‘ronlardan o‘tgan inson qo‘lida
Bir dona loladir
Butun bir bahor.