Oshiq Erkin (1937-2023)

Oshiq Erkin (Erkin Madrahimov) 1937 yil 7 mayda Xivada tug‘ilgan. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakul’tetini tugatgan.

Oshiq Erkinning 30 ga yaqin badiiy va publitsistik kitoblari nashr etilgan. Jumladan, “Iqbol”, “Ohular”, “Yilga tatigan bir tong”, ”Yolg‘onning umri qisqa”, “Po‘lat va uning bobosi”, “Tillaqush”, “Mehring tushdi yurakka”, “Azim daryo”, “O‘lguncha sizni derman”, “Ishqing tushdi yurakka”, “ Mujgoningga sallamno” kabi kitoblari she’riyat ixlosmandlariga yaxshi tanish. Oshiq Erkin “Shuhrat” medali hamda “Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan. 2023 yil 25 fevral kuni vafot etgan.

LO ILAHA ILLALLOH

Ne jamol bu, ne kamol bu, lo ilaha illalloh,
Ne qamar bu, ne hilol bu, lo ilaha illalloh.

La’lidin jon istasam men jon olar ul begumon,
Ne afsun bu, ne zilol bu, lo ilaha illalloh.

Sollanib sevgi shahrini qiyomat-qoyim etgan
Ne qomat bu, ne jamol bu, lo ilaha illalloh.

Bir yo‘l ko‘rib husni olin, lol qolur ahli tarab,
Ne hikmat, ne qiylu qol bu, lo ilaha illalloh.

Ko‘zlaringni o‘ynatur gul chehrada gulgun mengi,
Ne nuqra, ne kumush xol bu, lo ilaha illalloh.

Oshiq Erkin, yor jamolu kamoliga sadqa jon,
Ne san’at bu, ne a’mol bu, lo ilaha illalloh.

IShQ ARO QO‘YSANG QADAM

Ishq aro qo‘ysang qadam kuymakdin o‘zga chora yo‘q,
O‘rtanib hijron aro o‘lmakdin o‘zga chora yo‘q.

Ishq seni o‘tdan olib, o‘tlarga otgay bir umr,
Bo‘lsang-da gar dev – notavon bo‘lmaqdin o‘zga chora yo‘q.

Bul chamanga gurkirab, yashnab kirib, oxirida
Sorg‘arib bir gul kabi so‘lmakdin o‘zga chora yo‘q.

Dardi ko‘p, darmon yo‘q, berahm sevgi azal,
Ko‘yida Majnun bo‘lib yurmakdin o‘zga chora yo‘q.

Sevgi sultoni mudom shohdin buyukdir, oldida
Damda ming ta’zim qilib turmakdin o‘zga chora yo‘q.

Oshiq Erkin, ishqaro kirdingmi, bas, qayg‘urmagil,
Mard bo‘lib bu yo‘lda otsurmakdin o‘zga chora yo‘q.

HOTAM ERSANG

Hotam ersang himmating elga ayon bo‘lg‘ay sening,
Shuhrating ovozasi ham bepoyon bo‘lg‘ay sening.

Aylagil yurtga nisor Haqbergan ul ganjinani,
Minglagan tilda mudom madhing bayon bo‘lg‘ay sening.

Bevafoliq aylasang gar oshinoga past ketib,
Bil, raqibga aylanib, do‘sting chayon bo‘lg‘ay sening.

G‘ayri bir yo‘llar ila qilma murod boylikni sen,
Buyla nopok topganing o‘zga ziyon bo‘lg‘ay sening.

Tiqmagil og‘zingga birdan ikkala panjangni ham,
Do‘stu yoring zumda yoningdan quyon bo‘lg‘ay sening.

Gar sadoqatli esang ishqu muhabbatda mudom,
Bir umrga mahvashing g‘unchamiyon bo‘lg‘ay sening.

Topganing yurting ila hotam bo‘lib ko‘rgil baham,
El aro odamliping shunda ayon bo‘lg‘ay sening.

Bo‘lmag‘il qul, Oshiq Erkin, zarradunyo moliga,
O‘yla, umring so‘ngida yo‘ling qayon bo‘lg‘ay sening.

QIYNALMASIN

Sevsangiz jondan seving, so‘ngida jon qiynalmasin,
Bemehrga duch kelib, bir mehribon qiynalmasin.

Hech bir oshiq kuymasin ishq o‘tida devonavor,
Unga yor bo‘lsin sadoqat, hech qachon qiynalmasin.

Sevgi bo‘stoni vafo birla bezansin bir umr,
Tushmasin bog‘ga g‘uboru, bog‘bon qiynalmasin.

Sen ko‘tar osmon qadar yorni munosib bo‘lsa gar,
Ketsa oh cheksin zaminu osmon qiynalmasin.

Biz-ku mehmon bir-birovga, xonadondur bu vatan,
Bir-birovni qiynamaylik, xonadon qiynalmasin.

Sohibi shondur muhabbatda vafoli bo‘lsa yor,
Yorga baxt baxsh aylagan sohibi shon qiynalmasin.

Oshiq Erkinga o‘zing jonu jahonsan, dilbarim,
Qiynama, bir men emas — jonu jahon qiynalmasin.

MEN SENING JONING BO‘LAY

Sen mening jonimni olgin, men sening joning bo‘lay,
Qaddi-bo‘ying-chun, nigoro, damda qurboning bo‘lay.

Baxtli qismatdur visolga o‘rtanib yetmoq azal,
Qilma tark hijron azobin, mahvash, hayroning bo‘lay.

Bu sharaf yo‘lida farz mendan murod, sendan karam,
Vaslingga yetkaz, visol ko‘kida komroning bo‘lay.

Men senga sodiq, vafodor, sendan menga sarvi ravon,
Lutf qilg‘il, bir umrlik tanda darmoning bo‘lay.

Sen menga xurshidi tobon, la’li xandon bo‘l mudom,
Men senga doston bitay, sodiq g‘azalxoning bo‘lay.

Yo‘llarimda sen gulu rayhon bo‘lib qilg‘il xirom,
Yo‘llaringda, Oshiq Erkin, mehri raxshoning bo‘lay.

JONIMA NAShTAR QADARLAR

Jonima nashtar qadarlar nozanin yor ko‘zlari,
Jona ofatu balodur jodu, xummor ko‘zlari.

Mehru shafqatlar tilab ko‘p ishtiyoqin tortaram,
Mehru shafqat o‘rniga bergusi ozor ko‘zlari.

Bilmadim paykarmi yo, aqling oluvchi sehri bor,
Bilmadim, lek bir qarashda qildi bemor ko‘zlari.

Bir karam qilgin dedim, uchrab dadil men bir yo‘li,
Bir qarash birla qochirdi ko‘p sitamkor ko‘zlari.

Qo‘rqaman aylab jasorat oy yuziga boqqali,
Qo‘rqaman, ko‘z o‘tim olgan o‘sha xunxor ko‘zlari.

Xushlamas gar gul esang ham gulsifat rayhonalar,
Xushlamas Erkin seni hech o‘sha dildor ko‘zlari.

SEVDIM DILOROMIMNI

Do‘stlarim, ko‘ngil qo‘yib sevdim diloromimni man,
El kezarman yodi birla yo‘qlab oromimni man.

Qochgay uyqu ko‘zlarimdan sog‘inib tun-kechalar,
Uxlamay kunduzga berdim ko‘p shirin shomimni man.

Qilmangiz ayb, do‘st-u yorlar, men uni Shirin desam,
Sevgimiz doston etay, Farhod qo‘yib nomimni man.

Yo‘q poyoni zavqu shavqim, sipqorib sarmast bo‘lay,
Lablari boliga to‘lgan lolagun jomimni man.

Ishqimiz pok chashmasidan bahra olsin o‘zgalar,
Shul erur istak, so‘ray javlon urib komimni man.

Nola qilmas Oshiq Erkin, dil to‘la mehri vafo,
Yod etarman har qadamda sen diloromimni man.

SENI KO‘RGIM KELAVERADI

Ey, barchadin xush ko‘rgan dildor,
Ne sehringu ne xislating bor?
Og‘ushimda takroru takror…
Ko‘nglim qushday yelaveradi —
Seni ko‘rgim kelaveradi.

Jamolingdan hayratda zamon,
Labi g‘uncha, qoshlari kamon,
Qanot bog‘lab visoling tomon
Ko‘nglim qushday yelaveradi —
Seni ko‘rgim kelaveradi.

Mehri dilim daryoday oqib,
Raqiblarning ichlarin yoqib,
Har chakkangga bir-bir gul taqib,
Ko‘nglim qushday yelaveradi —
Seni ko‘rgim kelaveradi.

Ishq chamanim bo‘lar so‘lguday,
Qiynalaman Majnun bo‘lguday,
Bir kun ko‘rmasam-da o‘lguday,
Ko‘nglim qushday yelaveradi —
Seni ko‘rgim kelaveradi.

Yoritding deb tunu kunduzim,
Mos keldi deb, qoshi qunduzim,
Porloq yulduzingga yulduzim,
Ko‘nglim qushday yelaveradi —
Seni ko‘rgim kelaveradi.

O‘zganing sadqasi ketay deb,
Jonim, sevgim tuhfa etay deb,
Orzuyimga birga yetay deb,
Ko‘nglim qushday yelaveradi —
Seni ko‘rgim kelaveradi.

Ikki chehrang mag‘zi chiroying,
Biri quyosh, birisi oying,
Qo‘ymay tortib ohanraboying,
Ko‘nglim qushday yelaveradi —
Seni ko‘rgim kelaveradi.

Taralib sendan mushki anbar,
Dimog‘larim aylar muanbar,
Ko‘ksim aro har shomu sahar
Ko‘nglim qushday yelaveradi —
Seni ko‘rgim kelaveradi.

Qayda bo‘lsang daryoday toshib,
Tog‘u dengiz, sahrolar oshib,
Oshiq Erkin, jayronday shoshib,
Ko‘nglim qushday yelaveradi —
Seni ko‘rgim kelaveradi.

MUHABBATIMNI

Qo‘shiq etib kuylarman, sanam,
Senga yoniq muhabbatimni.
Ellar kezib so‘ylarman, sanam,
Senga yoniq muhabbatimni.

Qo‘shig‘imning alvon baytlari,
Quyosh bo‘lib socharlar ziyo.
Tonglar bedor so‘ylarman, sanam,
Senga yoniq muhabbatimni.

Sayyoralar lol qolur, hatto,
Jo‘shqin dilim navolaridan.
Inon, doston aylarman, sanam,
Senga yoniq muhabbatimni.

Yuragimdan zarrin nur olib,
Charaqlagay so‘lim oqshomlar.
Mangu dilga joylarman, sanam,
Senga yoniq muhabbatimni.

Chamanlarda etaylik sayron,
Vafodorim, bergil qo‘llaring.
Izhor etmay naylarman, sanam,
Senga yoniq muhabbatimni.

Oshiq Erkin, yuraging mashal,
Sadoqating quyoshdek yorug‘.
Qaynab-toshib kuylarman, sanam,
Senga yoniq muhabbatimni.

NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMASLAR

* * *

Dilga malham jilvagarlik dema bir qoshindadur,
Ne malohat, bilmam, ul, asrori-naqqoshindadur,
Aylanur har lahza boshim, neki, sir oshindadur,
O‘n sakkiz ming olam oshubi agar boshindadur,
Ne ajab, chun sarvinozim o‘n sakkiz yoshindadur.

Etsa gar qoshima tashrif bo‘lgay ahbob beqaror,
To‘lg‘anur sarv zil ketib, har lahza bo‘lgay sharmisor,
Mardumi oshuftalarkim, boqqay anga intizor,
Desa bo‘lg‘aykim, yana ham o‘n sakkiz yil husni bor,
O‘n sakkiz yoshinda muncha fitnakim boshindadur.

Husn mulkin sarvari ul, boqsa ag‘yor-o‘ldurur,
Bori sunbul xilqatin andishadin chun so‘ldurur,
Tutma yoqa Laylivash paymonasi gar to‘ldurur,
O‘n sakkiz yil dema, yuz sakson yil o‘lsa, o‘ldurur
Husn shohi, ul balolarkim ko‘zu qoshindadur.

Uchsa uchgay aqlu hushlar, kim anga bo‘lsa duchor,
Chashmi giryoniga tong yo‘q, chulg‘amish jismin sharor,
Mayli, kez jumla-jahonni, uchramas bo‘yla nigor,
Hayrat etmon husni naqshidaki, har hayratki bor,
Barchasi ezid taolo sun’ naqqoshindadur.

Mehru raxshonlar sochilmish yorning anvar ko‘nglidin,
Ishq bulog‘i jilva aylar damda kavsar ko‘nglidin,
Mehribonlik joye tutmish aning zevar ko‘nglidin,
Tan anga simu ichinda tosh muzmar ko‘nglidin,
Aqlga yuz hayrat ul oyning ichu toshindadur.

Dahr aro, ey, sencha bo‘lmas, yo‘q pariruxsor fasih,
La’li ranginu shakarlab-bo‘yla tengsiz bir malih,
Ul sarv qaddingni dermen ko‘p sabixlardin sabih,
May ketur, ey mug‘ki yuz hayrat aro qolmish masih,
Bul ajablarkim, bu eski dayr xuffoshindadur.

Oshiq Erkin, to‘kding ul gul hasratidin nahri ashk,
Diydang uzra mahvashing malomatidin zahri ashk,
Tiyra ko‘nglingga inar jarohatidin dahri ashk,
To Navoiy to‘kdi ul oy furqatidin bahri ashk,
Har qachon, boqsang, quyosh aksi aning yoshindadur.

* * *

Yor adosinmu deyin, jong‘a jafosinmu deyin,
Behayosinmu deyin, har dam izosinmu deyin,
To‘tiyosinmu deyin, menga nizosinmu deyin,
Qoshi yosinmu deyin, ko‘zi qarosinmu deyin,
Ko‘nglima har birining dardi balosinmu deyin?

Mehri nahrinmu deyin, dur to‘la bahrinmu deyin,
Yo guli nasrinmu deyin, ozoda qasrinmu deyin,
Hurday aslinmu deyin, ofat yo naslinmu deyin,
Ko‘zi qahrinmu deyin, kirpiki zahrinmu deyin,
Bu qudurat ichra ruxsori safosinmu deyin?

Damda zardinmu deyin, goh o‘ynar nardinmu deyin,
Bolishi pardinmu deyin, xilqati zardinmu deyin,
Qanoti fardinmu deyin, urdi jigardinmu deyin,
Ishqi dardinmu deyin, hajri nabardinmu deyin,
Bu qatig‘ dard aro vaslining davosinmu deyin?

Nurli shominmu deyin, mehru kominmu deyin,
Oliy maqominmu deyin, dilbar salominmu deyin,
Etgani rominmu yo pinhona nominmu deyin,
Zulfi dominmu deyin, la’li kalominmu deyin,
Birining qaddin, yana birining adosinmu deyin?

Obi zilolinmu deyin, lab to‘la bolinmu deyin,
Yaxshi holinmu deyin, qoshi hilolinmu deyin,
O‘n sakkiz solinmu deyin, goh-goh malolinmu deyin,
Turfa xolinmu deyin, qaddi niholinmu deyin,
Moviy ko‘nglak uzra gulranggi qabosinmu deyin?

Yuzi rangginmu deyin, goh ko‘ngli sanginmu deyin,
Anga tahsinmu deyin, eli aning Chinmu deyin,
Yo mehri ganjinmu deyin, guftori shirinmu deyin,
Charx ranjinmu deyin, dahr shikanjinmu deyin,
Jonima har birining javru jafosinmu deyin?

Oshiq Erkin yorni yolg‘iz o‘zining vasfini ayt,
Joningga orom baxsh etar yo so‘zining vasfini ayt,
Huru g‘ilmondek yuzi qirmizining vasfini ayt,
Ey Navoiy, dema qoshu ko‘zining vasfini ayt,
Qoshi yosinmu deyin, ko‘zi qarosinmu deyin?

* * *

Bermayin kut deb xabar, g‘uncha dahonim keldimu,
Jonim ichra bir jahon, jonu jahonim keldimu,
Boshdin-oyoq pokiza dur, qoshi kamonim keldimu,
Gul sochar yel bog‘ aro, sarvi ravonim keldimu,
Jon isi guldin kelur, oromi jonim keldimu?

Ko‘nglim oshufta edi keldimmu duch deb zolima,
Rahm etar deb bir kun ul shoyad g‘arib ahvolima,
O‘z-o‘zimga deb necha noziktaringdin nolima,
Behud erdim aytgali ko‘nglum, chu keldim holima,
Ayting ul ovorayi bexonumonim keldimu?

Der edilar: kuygaysen bersang yurak jononag‘a,
O‘ziga qo‘ygan bino ham ko‘zlari mastonag‘a,
Qo‘ymasa derdim qadam men yo‘qda ul ostonag‘a,
Qolmish erdi xasta jon, kirganda men mayxonag‘a,
Anglomonkim, ul zaifi notavonim keldumu?

Qilgan erdik ahdu paymon birga davron surgali,
Va’damizda to qiyomat tanda jon bor-turgali,
Qarslar urib ishq bog‘ida bazmi Jamshid qurgali,
Demangizkim keldi mahvashlar seni o‘lturgali,
Muni dengkim, qotili nomehribonim keldimu?

Ulki, va’da berdi kelmakka-sabihlardin sabih,
Guftorlari jon ozig‘i, go‘yo nabot yanglig‘ malih,
Ayro ersa yo‘l agarda na kabob kuygay, na six,
Hajrdin o‘ldum demangkim, boshinga kelmish Masih,
Ayting ul osoyishi ruhi ravonim keldimu?

Imtihonidin aning bir necha yo‘l o‘tding, valek,
Necha kunlab, haftalab hajrida qon yutding, valek,
Tunlarni tonglarga ulab, haq deya kutding, valek,
Ko‘yunga ushshoq kelgandin xabar tutting valek,
Demading ul zoru benomu nishonim keldimu?

Oshiq Erkin oshig‘im, deb, yor, nazarg‘a ilmading,
Necha qildim yaxshilik, mingdan birini bilmading,
Na takkalum aylading va na tarahhum qilmading,
Zuhd ko‘yiga ko‘ngul birla dedingkim kelmading,
Ey Navoiy, necha aytib ul yomonim keldimu?

* * *

El azaldan yaxshilarni bir umr yod aylagay,
Fe’li yomonlar dastidin dodu faryod aylagay,
Xalq g‘ami yo‘lida haq mardlarni Farhod aylagay,
Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay.

Hushi borlar ahli orif oldidin o‘tmas kesa,
Men o‘shalning bandasi – gar yurt g‘amini kim yesa,
Bir umr e’zozda, do‘st-yorig‘a kim sodiq esa,
Garchi xaq ozodasimen, yor agar bandam desa,
Andin ortuq anglakim bir banda ozod aylagay.

Yoringizni, ahli ushshoq, qilmangiz qaddini nun,
Bersangiz ozor anga qaytarg‘ay albat charxi dun,
Gar urunsang hamki, ey do‘st, avval, mahvash deb urun,
Yordin har kimki bir so‘z der, tuganmasdin burun
Istaramkim, avvalidin yana bunyod aylagay.

El bilar, ishqsiz yashay olmas na shohu na gado,
Dilbari yo‘lida qilg‘ay barcha jonini fido,
Oshiqu ma’shuqani bejiz yaratmadur xudo,
Yor hijronidin o‘lgumdir bu nav’ etmish sazo,
Ul kishigakim, birovga o‘zni mo‘tod aylagay.

Yaxshidir umring kechirsang, mehri vafoli moh ila,
Alxusus, bo‘lmas yashab hardamxayol, gumroh ila,
Ishq aro kim ham, axir, dildor talashgay shoh ila,
Necha sabr arvoqi yozgay ko‘nglimu bir oh ila,
Sarsari ishqing yetib borini barbod aylagay.

Yor agar dilxush, ko‘ziga to‘tiyo aylar bani,
Sarbasar ozodavu sutday halol ersa tani,
Oqil ersa barchaning yorga fidodur mahzani,
Shayxdin zuhdi riyosi kasb o‘lur, yo rab, qani.
Dayr pirikim, fano rasmini irshod aylagay.

Odamu Havo naslining zuryod erur xos mevasi,
Ulki istar bo‘lmog‘in ham odamiyvash tevasi,
Boqiy bu hikmatni bilur Marvu Buxoro, Xevasi,
Odam avlodida kamdur odamiylik shevasi,
Odam ermas ulki, mayli, odamiyzod aylagay.

Behad yomon joni halak har kimga cheksa tig‘i hajr,
Har pari-paykar, malak har kimga cheksa tig‘i hajr,
Zulfi-tori jamalak har kimga cheksa tig‘i hajr,
Ne balodurkim, falak har kimga cheksa tig‘i hajr,
Yongilib, avval, mening jonimg‘a bedod aylagay.

Oshiq Erkinning, senga, ko‘nglini bergandan bari,
Istamas ko‘rmoq seni diydasin oldidin nari,
Olmas dildor poyidin bosh hushi bor yoshu qari,
Besha ichra devlar maqtuli bo‘lsun, ey pari,
Gar Navoiy yona azmi Astrabod aylagay.