Nodir Jonuzoq (1976)

O‘ZIM HAQIMDA

Men 1976 yilning 14 martida Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanidagi “Kildon” fuqarolar yig‘iniga qarashli Sartyuzi qishlog‘ida tug‘ilganman.
Qishlog‘imiz kichkina bo‘lib, o‘sha paytlari tabiiy gaz, toza ichimlik suvi bormagan, 20-25 chog‘li xonadon uchta hovuz suvidan foydalanar edi. O‘sha hovuzlardan biri bizning hovlimiz oldida joylashgan. Hali ham odamlarning koriga yarab turibdi. Yoz kechalari hovuz chetiga o‘tirvolib, suvdagi oyning aksi-yu, yulduzlarning jimir-jimirini tomosha qilish juda maroqli edi.
Ilk mashqlarimni 12-13 yoshimda, o‘sha paytlari she’rlari “G‘uncha”, “Gulxan” kabi jurnallarda chop etilgan tengdoshlarimga havas qilib qoralaganman. Garchi u bitiklarni she’r deb bo‘lmasa-da, oila a]zolarimiz – dadam, ayam, uka-singillarim tomonidan favqulodda hodisa sifatida qabul qilingani esimda. Axir, yaqin ajdodlarimiz, qavm-qarindoshlar orasida qofiya tizguvchi odam bo‘lmagan-da! Xullas, shu-shu, qofiyabozlik kasaliga chalindim. Sal keyinroq – qalbga muhabbat oralagach, bitiklarimda taft paydo bo‘la boshladi…

Shoir kim? She’r nima uchun yoziladi? Haqiqiy she’r qanday bo‘lishi lozim? Bu savollarga o‘tgan yillar mobaynida ko‘p javob izlaganman. Har gal javob topganday bo‘laman-u, biroz o‘tib, fikrimdan qoniqmayman. O‘ylab qarasam, she’r yozaman deya, so‘zlarni ko‘p uvol qilibman – gunohidan qo‘rqaman endi. Harholda, she’r yozish shunchaki ermak ham, pand-nasihat yoki targ‘ibot quroli ham emas. Ijod – shoirning o‘ziga ham bo‘ysunmaydigan favqulodda ziddiyatli jarayon. Bu holat osmonu-falakka o‘rlayotgan quyunga o‘xshaydi: shoirni bir lahza yuksakka olib chiqib, u bexabar bo‘lgan ufqlarni ko‘rsatadi.
Bir gal yondaftarimga yozib qo‘ygandim: “Shoir xuddi daraxtga o‘xshaydi. Daraxt karbonat angidridni yutib atrofga kislorod tarqatgani kabi, shoir ham odamlarning dard-alamlarini hazm qilib, tevarakka yorug‘ tuyg‘ularni, orzu-umid bo‘ylarini sochadi”. Hali ham shu fikrdaman.

She’rlarim – bezovta yuragimning kardiogrammasi. Navoiy, Mashrab kabi buyuk shoirlari bor xalqqa o‘zingni shoir deya tanitish juda ham noqulay. Lekin o‘zingcha biron narsa qoralagandan keyin uni o‘qimaslikning, chop etmaslikning ham iloji yo‘q. Hech bo‘lmaganda, bironta she’rim kimgadir ma’qul bo‘lsa – baxtiyorman.Sizga yorug‘ tuyg‘ular tilab,
Nodir JONUZOQ

XAT

Aya,
Ayajonim,
Mehribon ayam,
Ayting, yuribsizmi
Masrur, salomat?
O‘zingizni asrang,
Men uchun ayang:
Siz borsiz – meni tark aylamas omad.

Mehringiz tuyaman har bir qarichda,
Olisdan sezaman duongiz kuchin.
Sizdan nur tashiydi yuz ming farishta
Mening yo‘llarimni yoritmoq uchun.

O‘ylanmang,
Tetikman,
Ishim joyida –
Ko‘ksimda orzular yotibdi chaqnab.
Zuvalam pishganmi oyning loyidan,
Gohida mehrga qolsam-da chanqab –

Olamga muhabbat purkagim kelar,
Sevgiga g‘arq bo‘lsin deyman ona yer.
Qalbimni parilar qo‘lma-qo‘l elar,
Tunlari uxlolmay yozarkanman she’r.

To‘g‘ri, siqilaman ba’zan,
Nima naf,
Kimga kerak, deyman, quyma baytlarim.
Shoirlik men uchun edi-ku sharaf
Yoningizda o‘ynab yurgan paytlarim…

Sizday silamadi boshimni hayot,
Qozonda qovrildim, qaynadim, pishdim.
Va bugun o‘zimga qarasam, hayhot,
Nigohim begona odamga tushdi!?

U menga o‘zicha beradi tanbeh,
Og‘amday turtkilab yo‘liga solar:
“Bolangga osh bo‘lmas qofiya, tashbeh,
Nima kerak senga quruq g‘avg‘olar?!

Odamday yashagin,
Yasha sho‘x-xandon,
Axir, yo‘q emas-ku senda layoqat.
Qadringga yetishmas kuysang-da chandon,
Uy qur,
Mashina ol,
Qilgin sayohat…”

Unga jim boqaman,
Qilmasman ta’na,
Uni tushunaman – o‘zicha haqdir.
Lekin nima qilay, ayajon, yana
Meni olovlarga yo‘llasa taqdir?!

Netay, yasholmasam xotirjam, sokin,
“Qo‘lingga qalam ol, – desa bir ovoz, –
Har bir so‘zimizni yozib ol, yoki
Biz sendan butunlay kechajakmiz voz!”

Aya, bu men uchun eng og‘ir kulfat,
Aya, menga bundan ortiq g‘am yo‘qdir.
U – mening ruhimga azaliy ulfat,
U borki qornim ham, qalbim ham to‘qdir.

Ko‘zimga ko‘rinmas gohida dunyo,
Uning vasli bilan yashayman sarmast.
U kelsa – mo‘‘jiza bo‘ladi bunyod,
U kelsa – har qanday og‘riq pisandmas.

Bilaman,
Siz uchun so‘zlarim chigal,
Behuda o‘yinga o‘xshaydi balki.
Go‘yoki kirvolib g‘ilof ichiga,
“Koinot – shu”, deya etyapman talqin.

Biroq maslagim shu,
Tetikman, aya,
qo‘limdan tutganday Xizrning o‘zi.
Damba-dam to‘siqlar, g‘ovlar chiqsayam,
Manzilga yetamiz yovlardan o‘zib.

Mehringiz tuyaman har bir qarichda,
Olisdan sezaman duongiz kuchin.
Sizdan nur tashiydi yuz ming farishta
Mening yo‘llarimni yoritmoq uchun.

Qalbimday chechakka to‘lganda qishloq,
Qonimday gupirsa loyqa ariqlar –
Men kirib boraman toychoqday kishnab,
To‘zg‘ib ketar barcha alam, og‘riqlar.

Ungacha chidang Siz,
Charchamang, aya,
Masrur bo‘ling doim,
Bo‘ling salomat.
O‘zingizni asrang,
Men uchun ayang:
Siz borsiz – meni tark aylamas omad…
2007

QIShLOQ

Baribir qaytaman…
Olifta shahar –
yaltiroq yo‘llaru sun’iy guzarlar
ilonu chayonday chirmashib chaqar…
Dod solib qolsa-da dardsiz go‘zallar –
baribir qaytaman,
qaytmasam bo‘lmas;
qaytaman eng toza she’rlarim bilan.
Qishloq peshvoz chiqar,
chiqar basma-bas –
men suygan qizlar ham…
…erlari bilan!
1997

* * *

O‘layapman – ranjimang tag‘in,
Qololmayman bu yerda sobit.
Atirgulning shoxchalaridan
Yasaganman o‘zimga tobut.

Jar soladi mushfiqim – sabo,
Chorlayverar do‘stu g‘animni.
Mehmon bo‘lgan Azroil bobo
Shabnam bilan yuvar tanimni.

Hayotimni muqaddas bilib,
Urfu-rusum qilurlar ul-bul.
She’rlarimni tilovat qilib,
Janozamni o‘qiydi bulbul.

Yaproqchalar soladi uvvos,
O‘ksimasin maysalar nega?!
Ko‘milaman eng toza, eng soz,
Eng chiroyli gulning tagiga.

Ko‘m-ko‘k rangga kiradi jonib,
Chayqaladi zil-zambil hislar.
Yuragimni alvonday yopib,
Tobutimni ko‘tarar qizlar!
1995

* * *

Birodarlar,
Mahallangizda
Bir ayol bor –
Befarzand ayol.
Ko‘p ko‘zikmas… iymanar sizdan,
Og‘riqlari o‘ziga ayon.

Manglayiga singib ketgan tuz
Kechalari milt-milt eriydi.
Eri yaxshi ko‘radi… afsus…
U ham yaxshi ko‘rar erini.

Bir-biridan yashirar tushin,
Yashaydilar bir-birin asrab.
Tushunadi hatto govmushi,
Berar ekkan oqqina hasrat.

Bir miskin u… hayotning barcha
Da’vosiga jimgina ko‘ngan.
Bir miskin u… bevafolarcha
Kelajagi o‘tmishga do‘ngan.

Birodarlar,
Haq hukmi yetib,
Qabog‘lari yopilar kuni –
Mozoriga beshikda eltib,
Alla aytib ko‘minglar uni!..
1997

***

Nafasingiz – eng xushbo‘y atir,
Orazingiz istamas g‘oza.
Eron qizi – Shahina nadir,
Gulgunroqsiz undan, Shahnoza.

Ko‘zingizda mavj uradi Baxt,
Siz yengilsiz, lekin cho‘kasiz.
Sal jilmaysam – kulasiz qah-qah,
Sal injilsam – ko‘zyosh to‘kasiz.

«Meni shuncha suyasizmi?!» – deb
Rasmingizdan har kech so‘radim.
«Uyaltirmang odamni hadeb» –
Qizardi u…
Mening suratim

Sizga neni qilar hikoya?
Bilmaydi-ku ichkin g‘aybimni –
Surat siyrat emas-da, shoyad
Ko‘pirtirmagandir aybimni…

Men haqimda mayda gaplar ko‘p:
Qancha nozik qo‘lchani o‘pgan…
Siz ishonmang! Hammasi ko‘pik,
Ko‘nglim ayon emas-ku ko‘pga.

Bilasiz-ku kasbu korimni,
Sevgi deya ne ko‘yga tushdim.
Unutdimmi yigit orimni?!
Garchi bukun hammasi tushdir…

Siz ertakdan chiqib keldingiz,
Etagingiz o‘par hurlar ham.
Qoshingizda – ikkita dengiz,
Har tomchisi jonimga malham.

Yosh to‘kasiz – injilsam agar,
Sal jilmaysam – qah-qah kulasiz.
Ey, ruhimni kuydirgan axgar,
Qachon menga hamdam bo‘lasiz?

Chayqalaman tig‘day rasanda,
Tanhoman-ku, keling – toqsiz Siz.
Men Yesenin bo‘lolmasam-da,
Shahinadan suluvroqsiz siz!
1998

* * *

May tugadi. Qishloqda
Boshlandi g‘alla o‘rim.
Ukamlar ishlamoqda,
Men bormayman, men – po‘rim.

Shahardaman. o‘zimga
O‘zim xonman, o‘zim bek.
Go‘yo hamma ko‘zimga
Boqar ta’na qilgandek.

«Arpangni xom o‘rdimmi?!
Toshingni ter…» – kuyaman.
Yumshoqqina o‘rnimni
Panaroqqa qo‘yaman.

Yozish mumkin endi she’r,
Dehqonga she’r bitish shart:
«Uka, javlon uraver,
Topilmaydi senday mard.

Ko‘zingga ter quyilsin,
Nafasing – issiq bug‘day.
Xirmon-xirmon uyilsin –
Vatanga kerak bug‘doy.

Xalq och qolmas sen bo‘lsang,
Soya topar o‘tda ham.
Tamom bo‘lar sen so‘lsang,
Menday qancha muttaham.

Demak, olov faslida
Qo‘ldan tushmasin o‘roq.
U o‘roqmas aslida –
Menga yo‘nalgan so‘roq – ?

«Qaytmaysanmi?» – «Bilmayman,
Shahar qildi dabdala.
Tunda Oyga yig‘layman,
Yuragim – yaydoq dala.

Nafrat mo‘l-u mehr oz,
Qarashlar bir qolipda.
Go‘zal hislarim – tannoz,
Fikrlarim – olifta.

Suyanchiq yo‘q, ustun yo‘q –
har odimda bitta jar.
Xudo bor-ku! Ko‘nglim to‘q…
Ne deyapti odamlar?

Kim aytdi?! Yiqilyapman!?
Yolg‘on. Orzu-o‘yim – oq.
Faqat… shu… siqilyapman…
Jonga tegdi bo‘yinbog‘!»
1999

QARIQIZ

Osuda, tinch yo‘ldan ham yurak yutib o‘tar jim,
Topilmaydi olamda yuragiga mutarjim,
Kim bilsin, balki u ham shahzodasin kutar jim,
Axir, o‘z baxtin kutib yashaydi-ku bari qiz,
Singlisini uzatib, o‘zi qolgan qariqiz.

Bolalikka yo‘lak yo‘q. Oldga ham. Bir joyda lol,
Halinchakka osilib o‘z-o‘zicha ochar fol:
Balki bugun yo erta yoki indin, ehtimol…
Foli o‘zgaga to‘g‘ri – o‘ziga teskari qiz,
Qo‘shni uyda kul bo‘lib yor-yor aytar qariqiz.

Chehrasi dog‘li deya havas qiladi Oyga,
Sochining bir tolasi zarbidan sinar oyna.
Tushin aytmaydi hatto tushunmaydi deb soyga,
Ko‘nglining girdobidan qo‘rqar, tubsiz qa’ri, qiz,
Xayolida baliqlar bilan suzgan qariqiz.

Bormi unga dugona, bormi dardin so‘rovchi?
Bormi uning zoriga yetadigan zo‘r ovchi?
Bu eshikni har kimsa qoqar – ko‘rinmas sovchi,
Ostona hatlab endi chiqmas o‘zi nari qiz,
Soyasi – o‘zi, soya bo‘lib qolgan qariqiz.

Halqa-halqa mung sochar qaroqlari havoga,
«Kimning qobirg‘asiman?» – bo‘zlar Momo Havvoga,
U ham gul-ku – bir kuni ochilishga da’vogar,
Ochilsa, hovlisini jannat qilar pari qiz,
Yaproqlari ostida ifor to‘la qariqiz.

Ona – tinsiz: keksargan yuragin timsoh g‘ajir,
Ota – tilsiz: qarigan manglayi g‘ij-g‘ij ajin,
Yo, Xudoyo, sen bu uch qulingga o‘zing achin,
Ketayapti kun sayin, oy sayin Sen sari… qiz,
Ko‘zlaridan to‘kilib duolari – qariqiz…

Ko‘ksimga xanjar sanchdim-qonday chiqdi bu she’rim
O‘ttiz uch yil to‘lg‘ongan jonday chiqdi bu she’rim,
Rosti, o‘zim bilmayman, qanday chiqdi bu she’rim..
Ko‘zyoshingday samoda omonat Yer shari, qiz,
To‘kma, yo‘qsa, yo‘qlikka yo‘l olamiz, qariqiz!..
1999

O‘YIN

Bu qiz bilan har kuni
O‘ynardik bekinmachoq.
Darrov topardim uni
Devorga bekingan choq.

Qo‘l ushlashib adirga
Chopar edik hakkalab.
Qaytardik keyin birga,
Qo‘ymas edim yakkalab.

Ishonmasdan, ko‘zimni
Kafti bilan yopardi.
Bekinardi. Men uni
Osongina topardim.

Kapalakday beqaror,
Ohuday edi qochoq.
Keyin bilsam, aslida
Bu dunyo – bekinmachoq.

Bir kun ogoh qilmasdan
Bir burchakka chekindi.
O‘zi bilib-bilmasdan
Chimildiqqa bekindi.

Ovoz berdim: «Bo‘ldi, chiq,
Qanisan?..» – tinglar edi.
Lekin negadir piq-piq
Chiqmasdan yig‘lar edi.

Kiray desam yoniga,
To‘siq bo‘ldi yangalar.
Igna sanchib jonimga,
Dil dardimni yangilar.

Tashqaridan so‘z qotdim:
«Hammasi o‘yin edi,
Ko‘z yumdimu – yo‘qotdim,
Buyog‘i to‘ying endi…»

Shundan beri har kuni
Yaramga teginaman.
Uzoqdan ko‘rib uni,
Shu zahot bekinaman.

Ergasholmas izimdan,
Ortimdan chopolmaydi.
Ko‘rib turaru zimdan,
Hech qachon topolmaydi…
2002


ChIROYLISIZ…

Chiroylisiz. Go‘zalsiz. Mag‘rur.
Tashlaysiz goh ko‘z qiringizni.
Talpinadi yurak qurmag‘ur,
Bilsam deydi dil siringizni.

Ammo sira buzmaysiz pinak,
Xotirjamsiz. Sokinsiz. Sipo.
Go‘yo yo‘q siz yetmagan tilak,
Go‘yo sizda dunyo baxti jo.

Holbuki har lahza betinim
Qalbingizda otilar vulqon.
Garchi qushday yursangiz-da jim,
Qoningizda uxlaydi to‘fon.

Beparvosiz. Vazmin. Osuda.
Oqqush kabi qilasiz pardoz.
Go‘yo beo‘y, beg‘amsiz juda,
Go‘yo issiq hislaringiz oz.

Adashdimmi yo ko‘ngil berib?
O‘ylayversam – yuragim og‘rir.
Poyingizga to‘kildim erib…
Chiroylisiz. Go‘zalsiz. Mag‘rur.
2006