Ne’mat Arslon. Ibtido

Suv turli sharoitda qanday o‘zgarishga uchrarkin? Suvga e’tiborsizlik qilinganda, iqtidorli, oddiy, yomon odamlar unga tikilib turganda, qanday javob berarkin, bilmoqchiman.

Masaru EMOTO

“Zuloli zavqu shavqin tashnai diydor o‘landan so‘r”. Shunday. Fuzuliy aytganidek, toki tashna bo‘lmagunimizcha suvning qadriga yetmaymiz, uni eslamaymiz ham. Tashnalik! Bundan ortiq azob yo‘q. Bir yutum havo inson uchun qanchalik zarur bo‘lsa, suv ham shunchalik zarur. Biz nega suvsaymiz? Buning sababi shundaki, inson vujudi asosan suvdan iborat. Masalan, ko‘zimiz 99 foiz suv. Bu unsurning modda almashinuvi natijasida chiqib ketishi, bug‘lanishi, harakat va harorat tufayli terga aylanishi oqibatida kishi organizmining suvga talabi oshadi. Asosan suvdan iborat bo‘lgan hujayralarimiz “Suv! Suv!” deya chinqira boshlaydi. Organizmda yo‘qotilgan unsurning o‘rnini to‘ldirish zarurati bizni suv ichishga majbur qiladi. Shunday qilinmasa, hujayralar halok bo‘ladi, inson o‘ladi.

Suv ana shunday bebaho ne’mat. “Suv zar, suvchi zargar”, deymiz. Tejamkorlik jihatidan bu to‘g‘ri. Ammo zarni, ya’ni tilloni tog‘-tog‘ qilib uyub tashlash bilan tashnalikni qondirib bo‘lmaydi. Bir qultum suv uchun tashnalik azobini chekayotgan odam bor boyligini berib yuborishi tabiiy hol. Hayvonot olamidagi birorta jonivor, nabotot dunyosidagi birorta giyoh suvsiz yashay olmaydi.

O‘zga sayyoralarda hayot bor-yo‘qligini kuzatayotgan olimlar, avvalo, havo va suvga e’tibor qiladilar. Marsda yoki Oyda ana shu unsurlar bormi? Yoki ularning mazkur sayyorada qachonlardir bo‘lganligini anglatuvchi izlar, belgilar, qandaydir shakllar mavjudmi? Tadqiqotlar shunga tayanadi. Bu borada natijalar bor. Oyda havodan ham, suvdan ham nishona ko‘rinmaydi. Ammo Marsda suv izlariga xos belgilar mavjud.

Muzlagan deraza manzaralari

Ayoz qisib qattiq sovuq bo‘lgan tunda derazalar muzlaydi. Unda qirrador tog‘ cho‘qqilari, qamish va palma yaproqlari, boshqa turdagi daraxt shoxlari, turli ko‘rinishdagi tropik o‘simliklar, butalarni ko‘rasiz. Bu manzaralar shu qadar jozibaliki, dunyoda hali hech bir musavvir bunday rasmni chizolmagan bo‘lsa kerak.

Derazadagi manzaralarga sehrlanib qaraysiz. Undan ko‘z uzgingiz kelmaydi. Shu suvratlar derazamda bir umr tursin deysiz. Ayozli tundan keyin, albatta, quyosh chiqadi. Olam yoritgichining yuz ko‘rsatishi, muz qotgan yerni isitishi afsuslanarli emas. Deraza naqshlarining asta-sekin erib ketishi, suvga aylanishi afsusli. Har holda, men bundan har doim afsus chekardim.

Shisha ko‘zlardagi sohir naqshlar erib, suv bo‘lib oqadi, chunki u aslida ham suv edi. Faqat qattiq sovuq ta’sirida kristallanib qolgandi. Qizig‘i shundaki, deraza ko‘zlaridagi naqshlar uning tashqi tomonida emas, balki ichki sathida. Buning ustiga, bir kishining derazasidagi chizgilar boshqanikiga o‘xshamaydi, ya’ni sizning derazangizdagi suvratlar qo‘shningiznikidan farq qiladi. Nega shunday?! Keling, yapon olimi Masaru Emotoning fikrlariga quloq tutaylik: “Inson qalbi olamga baxt ham, iztirob ham bera olish kuchiga egaki, suv kristallari aynan shu qalb holatlarini in’ikos ettiradi. Hayotda to‘g‘ri yo‘lni qanday qilib topish mumkin? Muhabbat va ehtiromni ko‘ngilga joylab! Muhabbatga limmo-lim yurak ehtirom hissini uyg‘otadi. Muhabbat ehtirom hissini to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi. Ehtirom va muhabbat butun dunyoni to‘ldira olishini suv kristallari bizga namoyish etadi”, deydi yapon olimi.

Modomiki shunday ekan, siz yotgan xona derazalaridagi suv kristallari nimadan darak? Qo‘shningizniki-chi?! Ulardagi chizgilar xonadon sohibining ichki kechinmalari, niyatlari, muhabbati yoki g‘azabi va nafratining in’ikosi emasmikin? Agar Masaru Emoto ta’limotiga asoslansak, derazadagi kristallarning ham inson hissiyotlariga mushtarakligiga amin bo‘lishimiz kerak.

“Suv har birimizni kuzatmoqda”

Bu sarlavha yapon olimi Masaru Emotoning suv haqidagi tadqiqotidan olindi. Suv har birimizni kuzatishi sizga erish tuyulmayaptimi? “Nahotki” demayapsizmi? Balki “bekorchi gaplar” deyayotgandirsiz. Tabiiy hol. Dunyo qadimiy. Suv  undan-da qadimiy. Biz esa olamga yangi kelgan odamlarmiz. Bilganimiz sari hali hech narsani bilmasligimiz ayon bo‘ladi. Suv haqidagi bilimimiz ham ko‘p narsani anglatmaydi. Buni qarangki, hatto ota-bobolarimizdan qolgan o‘gitlarga ham amal qilmayapmiz. Aslida qulog‘imizga quyilgan o‘gitlar bugun dunyo olimlari o‘tkazayotgan tadqiqotlarning asosi ekan!

“Suv ichgandan keyin Xudoga shukur deyish kerak”, deb o‘rgatishardi keksalarimiz. “Suvga tupurma!” Bu qat’iy talab edi. Odamlar bugun ariq va daryolarga chelaklab chiqindi to‘kayapti. Ro‘zg‘orga keraksiz bor narsa suvga tashlanadi. Suv esa bunga chidayapti.

Masaru Emoto o‘tkazayotgan tadqiqotlar bugungi kunning ishi. Suvning xotirasi borligi, u hamma narsani yozishi va esida saqlashi, shuning uchun suvga yomon nazar bilan qaramaslik, unga yoqimsiz so‘zlarni aytmaslik, aks holda, suv ifloslanib ketishi va katta baxtsizliklar ro‘y berishini isbotlashga va buni ingliz olimi doktor Sheldreykning “morfogen – rezonans” nazariyasi bilan bog‘lashga harakat qilayapti.

Doktor Sheldreykning ta’limotiga ko‘ra, odam nimaga nazar solsa, o‘sha narsaga ta’sir o‘tkazadi. Bir joyda yuz bergan hodisa boshqa joylarga rezonans beradi. Masaru Emotoning suv to‘g‘risidagi tadqiqotlari ana shu nuqtai nazardan Sheldreyk ta’limotiga borib tutashadi. Buni qanday tushunmoq kerak? Daryo sohilida turib, unga mehr-muhabbat bilan qarasangiz, bu ehtirom morfogen-rezonans ta’sirida butun dunyoga tarqaladi. Sizdan juda uzoqda bo‘lgan kishi buni his qiladi.

“Ko‘z o‘ngingizda mavjlangan suv dunyodagi ummonlar, dengizlar, daryolarda mavjud jamiki suvlar bilan bog‘langan. Siz tikilayotgan suv sayyoraning barcha nuqtalaridagi suvlarga rezonans beradi va muhabbatingiz nomasi barcha insonlar qalbiga yetib boradi”, deydi Masaru Emoto. Demak, suvga qarab, suv ichib, “Xudoga shukur”, deyish Allohga yetib boradi. Hayratlanarli tomoni shundaki, bizning ota-bobolarimiz buni qadim-qadimdan bilgan, bugun dunyo olimlari tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar ularga ma’lum ekan. Faqat biz bunga e’tiborsizlik bilan qaraganmiz. Buni biz qilishimiz, ya’ni bobolarimiz, momolarimiz o‘gitini qayta ishlashimiz kerak edi, xolos. Afsus!..

Global masala

Kufrlikdan belgi suv toshqini ham,
Yong‘inu zilzila ofatga hamdam.
Tabiat jilovin tortaman dema,
U bandaga emas, Xudoga mahram.

Bugun shoirlarimiz inson tomonidan tabiatga o‘tkazilayotgan zo‘ravonlik to‘g‘risida ana shunday she’rlar bitmoqdalar. Xususan, suvga bo‘lgan munosabat hammani tashvishlantirmoqda. Tiriklikning asosiy unsuri bo‘lgan bu bebaho ne’matga munosabat keyingi yillarda juda yomonlashdi. Ariqlar, anhoru daryolar, kanallar o‘zani tom ma’noda chiqindixonaga aylandi. Endilikda ro‘zg‘orimizda nimaiki ortiqcha bo‘lsa, uni ariq va boshqa suv havzalariga olib borib tashlayapmiz. Bugun suv o‘zanlarida toshdan ko‘ra, oyoq kiyimi ko‘p. Qo‘shnimiz harom o‘lgan buzog‘ini sudrab borib, daryoga tashlayotganini ko‘ramiz, ammo unga tanbeh bermaymiz. O‘zimiz guvoh bo‘lgan shu va shunga o‘xshash voqeaga xayrixohlik bildirgan yoki “menga nima” qabilida betaraf qolganimiz holda xuddi shunday holatni gazetadan o‘qisak, “qattiq ta’sirlanamiz”. Buni qanday tushunish kerak? Radio, televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalarida o‘z ifodasini topayotgan hayot o‘zimiz yashab turgan hayotga nisbatan ta’sirchanroqmi?

Tabiat muhofazasi global masala. U hayotning qadriga yetuvchi kishilarni barcha zamonlarda ham befarq qoldirmagan. Inson zurriyodining bardavomligi uchun qayg‘urgan ko‘pgina allomalar, mutafakkirlar tabiatning gullab-yashnashi, suv va havoning musaffoligi uchun kurashganlar.

Suv kimyoviy til bilan aytganda, N2O ekanligini bilamiz. Unga hidsiz, rangsiz va ta’msiz suyuqlik deb ta’rif beriladi. Ammo buni qarangki, tashna bo‘lib va yutoqib suv ichayotganimizda go‘yoki uning dunyoda tengi yo‘q, ta’rifi topilmas muattarligini tuyganday bo‘lamiz. Daryolarga yoki boshqa chuqurroq suv havzalariga qarab, suvning ko‘zlarimizga va shuurimizga orom berayotgan zilol rangdaligini, tiniq osmonga monand bu ko‘klik dunyodagi eng huzurbaxsh rang ekanligini his etamiz. Suv shu qadar lazzatliki, uni bu yorug‘ olamdagi biror narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Bu – paradoks. Biz suvning ma’lum bir hidga, rangga va ta’mga ega bo‘lishini xohlamagan bo‘lardik.

Cho‘milayotgan suv

Mavlono Jaloliddin Rumiy aytadilar:

Suvki turg‘un ersa bas, ul aynigay,
Bo‘yla suvni ichsa ko‘ngil aynigay.

Haq savob bahriga irg‘itgay yana,
Lutfi birlan suvni suv etgay yana.

Bir yil o‘tgach ul yana ma’vosida,
Qayda erding? Ezgulik daryosida.

Ezgulik daryosi nima? Suv nega u yerga boradi? Cho‘milish, poklanish va yana toza suvga aylanish uchun. Suvning ezgulik daryosiga borib cho‘milayotganini tasavvur qila olasizmi? Umuman, bu haqda o‘ylab ko‘rganmisiz?

Bu savolga suvning o‘zi shunday javob qiladi:

Bulg‘anib erdim, yetishdim pok bo‘lib,
Yangi to‘n kiydim, makonim xok bo‘lib.

Bugun olimlarimizning suv ustida olib borayotgan izlanishlari, jumladan, uning ifloslanishi va o‘zini o‘zi tozalashi to‘g‘risidagi tadqiqotlar zamirida Jaloliddin Rumiy xulosalari bor. Faqat bu xulosalar uzundan uzoq risolalardan ixchamligi, aniqligi, fikrning lo‘nda va ta’sirchanligi bilan farq qiladi.

Suv har xil ta’sirlar tufayli ifloslanadi. Ammo u o‘zini tozalab, vaqti-vaqti bilan poklanib, “ezgulik daryosi”da cho‘milib, yana oldimizga qaytib keladi. U beg‘araz va beminnat xilqat:

Har balodin poklaguvchi der meni,
Ifrit ersang gar, malak etgum seni.

Bulg‘anar bo‘lsam magar ketgum yana
Tozalik daryosiga yetgum yana.

Eski kir xirqamni yechgayman dag‘i,
Yangi toza to‘nni bichgayman dag‘i.

Uning beg‘araz va beminnatligi shundaki, daryoga – ezgulik yoki tozalik daryosiga – borib, poklanib, yangi to‘n kiyib, o‘z makoni xokka (tuproqqa) qaytgandan keyin, kel endi, ifrit bo‘lsang tozalayman, ifloslansam yana cho‘milishga ketaman, deydi.

Ezgulik daryosi nima?

Zamonaviy shaharlardagi millionlab ko‘pqavatli uylarning hojatxonalari suv bilan tozalanadi. Bu iflos oqova qayerga boradi? Biz ichayotgan suvga kelib qo‘shilmaydimi? “Ko‘z oldingizda mavjlangan suv dunyodagi ummonlar, dengizlar, daryolarda mavjud jamiki suv bilan bog‘langan. Siz tikilayotgan suv sayyoraning barcha nuqtalaridagi suvlarga rezonans beradi…” deydi Masaru Emoto.

Bu fikrlardan ko‘rinadiki, suvning vujudi bitta. Yoki bo‘lmasa doktor Sheldreyk nazariyasiga ko‘ra xulosa chiqaradigan bo‘lsak, hovlimizdan oqib o‘tayotgan kichkina ariqchaning ohu nolasini Tinch okeani ham, Shimoliy muz okeani ham eshitib turadi. Demak, bizning oqovalarimiz ham ifloslanganidan nola qiladi. Bu holatni Jaloliddin Rumiy shunday ifodalaydilar:

Nola aylar ul yurakdin ey Xudo,
Berganing berdim, o‘zimdirman gado.

Shunda ifloslangan suv poklanish va yana musaffo bo‘lish uchun ezgulik daryosiga da’vat etiladi. U bug‘lanadi, bulut hosil bo‘ladi, natijada suv yuksakliklarga parvoz etadi. So‘nggi yo‘q dengizlarga quyiladi va yana ko‘klarga ko‘tariladi. Pirovard natijada qor-yomg‘ir bo‘lib, poklanib, yerga tushadi. Ana shu jarayon ezgulik daryosidir. Suvning daryoda cho‘milish va poklanish jarayoni ana shunday kechadi.

Bundan suvni har qancha ifloslantirsak ham, u tozalanib qaytaverarkan, shunday bo‘lgach, suv ifloslanib ketayapti, deb bong urish shartmi, degan xulosa chiqarish mutlaqo noto‘g‘ri. Shunday xulosa chiqargan kishi bu yildan yanagi yilgacha, fasllar almashinib, yana qor-yomg‘ir yog‘maguncha suv iste’mol qilmasligi kerak. Vaholanki, biz har kuni, har lahzada suvga ehtiyoj sezamiz.

Ana shunday gaplar pirovardida “Suvni tejang!”, “Suvni ifloslantirmang!” degan hayqiriqlarga o‘rin qolmaydi.

Faqat shuni ta’kidlaymizki, qadimgi yunon faylasufi Fales aytganidek, “Hamma narsaning ibtidosi suvdir”.

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 8-son